Rossiyada harbiylar, talabalar va mahbuslar tibbiy niqoblar ishlab chiqarishga jalb qilinadi

Jahon 11:18 / 18.03.2020 6350

Bosh vazir Mixail Mishustin koronavirus tarqalishi oldini olish bo‘yicha bir qator vazirlik va tashkilotlarga vazifalar topshirdi. Bu borada 15 mart bilan sanalangan hujjat RBK ixtiyoriga  tushgan va uning haqiqiyligini hukumatga yaqin manba tasdiqlagan.

Hujjatda Mishustin sanoat va savdo, mudofaa, ta'lim, fan va oliy ta'lim vazirliklariga va Rosgvardiyaga talabalar, harbiylar va kollej o‘quvchilariga shaxsiy himoya vositalari (ShHV) ishlab chiqarish uchun sharoitlar yaratib berish vazifasini yuklagan. Avvalroq ShHVga niqoblar, xalatlar va dori vositalari kirishi belgilangan.

Adliya vazirligi va FSINga (Jazoni ijro etish federal xizmati) tibbiy niqoblar ishlab chiqarilishiga mahbuslarni jalb qilish vazifasi topshirilgan.  

Bundan tashqari, sanoat va savdo vazirligiga ShHVni iste'molchilarga yetkazish uchun logistikani tashkil etish vazifasi topshirilgan. Ushbu vazirlik, shuningdek, fuqarolarni ShHV va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash uchun federal va hududiy hokimiyatlar o‘rtasidagi hamkorlikka javob beradi. Oziq-ovqat mahsulotlari aholiga “yetarli hajmda” yetkazib berilishi lozimligi belgilangan. Tibbiy niqoblar bilan saylov komissiyalari ham ta'minlanishi zarur, chunki Rossiyada 22 aprelga konstitutsiyaga kiritish taklif qilinayotgan tuzatmalar bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, sanoat va savdo vazirligi o‘pkani sun'iy shamollatish va EKMO qurilmalari ta'minoti uchun javob beradi. 

Ko‘proq yangiliklar: