Rossiya oliygohlari talabalarni yotoqxonadan chiqarib, masofaviy ta'limga o‘tmoqda

Jahon 23:07 / 18.03.2020 5157

Mamlakatdagi ko‘plab oliygohlarda masofadan turib o‘qish joriy qilingan bo‘lsa, ba'zilarida aprelgacha ta'til berilgan. Talabalarni ko‘chirishni boshlagan oliygohlar ham yo‘q emas.

Moskva davlat xalqaro aloqalar institutida koronavirusga qarshi kurashish boshlangan. «Universitet rahbariyati yotoqxonalarda maksimal darajada odamlarni kamaytirish maqsadida u yerda yashayotganlardan binolarni hafta oxirigacha tark etib turishlarini iltimos qiladi», deyiladi oliygohning talabalarga yo‘llagan yozma murojaatida.

Ijtimoiy tarmoqlardagi talabalar qoldirgan postlar va voqeadan bevosita xabardor odamlarga asoslanib VVS’ning yozishicha, talabalarga yo‘llangan murojaat iltimos emas, institut rektori Anatoliy Torkunovning buyrug‘i bo‘lgan.

VALERY SHARIFULIN/TASS

Talabalarni chiqarish 17-20 mart kunlari o‘tkaziladi. Jarayon talabalar va institut o‘rtasidagi kelishuvni buzmagan holda amalga oshiriladi va talabalar buyumlarini saqlash uchun qoldirib ketishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, yotoqxonani tark etganlar o‘z joylarini saqlab qoladi.

Rektor buyrug‘ida karantin vaqtida talabalarga restoran, kafe, teatr va sportzallarga bormaslik tavsiya qilingan. 20 martgacha talabalar yotoqxonalarni tark etishi kerak. Kimdadir ijaraga kvartira olish va aviachiptalar xarid qilishda moliyaviy muammo paydo bo‘lsa, institut tomonidan yordam beriladi. Institut rahbariyati talabalarga yordam so‘rab murojaat qilishsa, maxsus komissiya arizalarini tezda ko‘rib yordam berilishini ma'lum qilgan, lekin hozircha hech qanday yordamdan darak yo‘q, deydi VVS bilan suhbatda institut bitiruvchilaridan biri.

VVS suhbatdoshining aytishicha, bitiruvchilarning bir guruhi karantin vaqtida rossiyalik va xorijlik talabalarga o‘zlari yordam berishga harakat qilmoqda: «Biz yordamga muhtoj talabalarni izlab yordam berishga harakat qilyapmiz. Moskvada qisqa muddatda uy topish oson emas, aynan talabalarni karantin vaqtida biror yerga joylashtirish borasida ishlayapmiz», deydi institut bitiruvchisi.

Sankt-Peterburgdagi Shimoliy-g‘arbiy tibbiyot universiteti karantin borasida boshqa oliygohlarga o‘ziga xos namuna bo‘lgani aytilmoqda. 4 mart kuni Sankt-Peterburgda ilk marta koronavirusga chalingan odam aniqlangandi. U aynan tibbiyot universitetining Italiyadan kelgan talabasi edi. Bu talaba kuni kecha karantindan eson-omon chiqdi. Aynan 4 mart kuni tibbiyot universitetining yotoqxonalaridan birida 700 nafar fuqaro karantinga olingandi.

«Vkontakte»da karantin yakunlari haqida post e'lon qilingan va unda oziq-ovqat, gigiyena mahsulotlari bilan ta'minlab turgan ko‘ngillilarga rahmat aytilgan. Universitet rektori Sergey Sayganovning aytishicha, ikki haftalik karantin vaqtida tibbiyot universitetining harakatlaridan qolgan oliygohlar qo‘llanma sifatida foydalanishi mumkin.

«Vkontakte»da tibbiyot universitetidagi karantin borasida munozara paydo bo‘lib karantinda bo‘lgan talabalardan biri sharoitlardan nolidi: «Karantinni qamoqdagi ochlikka aylantirishdi. Bu yerda zabardast talabalar bor va ular bunday yashashga munosib emasdilar». Bu postga o‘sha 700 kishiga yegulik yetkazib berib turgan volontyorlardan biri hayrat bilan javob berdi: «Siz jiddiy gapiryapsizmi? Men sizlarga ovqat yetkazib berayotgan ko‘ngillilardan biriman. Sizlarga nonushta va tushlik orasida pitssa yetkazib berayotganlardan. Biz sizga yegulik tashib o‘zimiz nonushta va kechki ovqatni zo‘rg‘a yarim kechasi tanovul qilyapmiz. Postingizdan lol qoldim».

17 mart kuni karantin tugadi. Talabalar boshqa yerga ko‘chirildi. Uyi, tanishi borlar joyini topib ketdi. Qolganlarga universitet boshqa yotoqxonadan joy qilib berishga va'da bergan. Ayni damda Peterburgda virus bilan kasallangan 9 bemor bor va ularning 2 nafari tuzalgan.

Yotoqxona binosida dezinfeksiya / PETR KOVALEV/TASS

Ural davlat iqtisodiyot universitetida ham 30 martgacha barcha talabalar yotoqxonadan chiqarilib masofaviy ta'limga o‘tilishi e'lon qilingan. Bu oliygohda talabalarni majburlab chiqarish bo‘lmaydi. Xorijliklar yotoqxonada qolishlari mumkin, lekin ularga nisbatan hech qanday alohida karantin choralari ko‘rilmaydi.

Rossiyadagi aksariyat oliygohlar o‘qishni to‘xtatmaslikni va masofaviy ta'limga o‘tishni ma'qul ko‘rgan. Masalan, Gubkin nomidagi mashhur Rossiya neft va gaz universiteti ham yotoqxonada istiqomat qiladigan talabalarga doimiy yashash joyidan turib masofaviy ta'limga o‘tishni tavsiya qilgan. Bu oliygohda o‘qiydigan xitoylik talabalarga esa Xitoy yangi yili (bu yil 24 yanvarga to‘g‘ri keldi) munosabati bilan ta'til berilgan va shundan buyon ularning hech biri qaytib kelmagan.

Ma'lumot uchun, Rossiya oliygohlarida 33 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar ta'lim oladi.

Ko‘proq yangiliklar: