Koronavirus Yevropadagi barcha mamlakatlarda aniqlandi

Jahon 08:58 / 18.03.2020 9984

Chernogoriyada koronavirus bilan kasallanishning ikkita holati qayd etildi. Bu haqda mamlakat hukumati Twitter’da xabar berdi. Shu tariqa, virus Yevropaning barcha mamlakatlarida aniqlandi.

Chernogoriya hukumatining Twitter’da aniqlik kiritishicha, koronavirus 1948 yil va 1973 yilda tug‘ilgan ikki ayolda tasdiqlangan. Ikkalasi ham virus tarqalishi qayd etilgan joylarda bo‘lib qaytgan. 15 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Milutin Simovich Chernogoriya o‘sha paytda kasallik qayd etilmagan yagona mamlakat ekanligini bildirgandi. O‘shanda mamlakat chet elliklarning kirib kelishini vaqtincha cheklash haqida ko‘rsatma berdi, bu, Simovichning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirus paydo bo‘lishini kechiktirish uchun qilindi. Qoidalar, xususan, Chernogoriyada doimiy yashovchilarga, shuningdek, mamlakatga tovar olib kiradigan chet elliklarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, Chernogoriya rasmiylari chet eldan kelgan mahalliy fuqarolar va uzoq muddatli vizalarga ega xorijiy mehmonlarga o‘zlarini izolyatsiya qilish to‘g‘risida talab qo‘ydi. Bundan tashqari, mamlakatda tungi klublar, restoranlar (uylariga oziq-ovqat yetkazib beradiganlar bundan mustasno), savdo va fitnes-markazlar, shuningdek, boshqa muassasalar kamida 15 kunga yopildi.

O‘z navbatida, Italiya Fuqaro muhofazasi departamenti rahbari Anjyelo Borrellining xabar berishicha, so‘nggi bir kun ichida Italiyada yana 345 kishi yangi koronavirus tufayli kelib chiqqan asoratlardan vafot etdi. Bu haqda ANSA ma'lumot berdi.

Mamlakatda koronavirus qurbonlarining umumiy soni 2 503 kishiga yetdi, dedi u.

Borrellining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda Italiyada 26 062 bemor koronavirus bilan kasallangan, bu raqam bir kunda 2 989 kishiga ortdi.

Shu bilan birga, so‘nggi bir kun ichida mamlakatda 192ta tuzalib ketish holati qayd etildi, deya ta'kidlagan Borrelli. Umumiy hisobda 2,9 mingdan ortiq bemor davolandi.

Avvalroq, Yevroittifoqqa a'zo davlatlar ittifoq a'zosi bo‘lmagan davlatlar fuqarolarining kirishini 30 kunga cheklab qo‘yishga kelishib olgan edi. Germaniyada ma'lum qilinishicha, Buyuk Britaniya, Lixtenshteyn, Islandiya, Norvegiya va Shveytsariya fuqarolariga, shuningdek, ularning oilalariga tranzit orqali mamlakat bo‘ylab o‘tishga ruxsat beriladi. Cheklovlar favqulodda holatlar (masalan, dafn marosimi yoki sud jarayoni) tufayli YeIga kiradiganlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

South China Morning Post’ning so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 182 mingdan ortiq odam koronavirusni yuqtirgan. Bundan tashqari, hozirda Xitoydan tashqarida kasallanishlar soni mamlakat ichida yuqtirib olganlar sonidan oshib ketgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga ko‘ra, 16 mart holatiga ko‘ra XXRdan tashqarida 86 mingdan ortiq kasallanish holati aniqlandi, 3 388 kishi vafot etdi. O‘tgan hafta JSST Yevropani koronavirus pandemiyasining o‘chog‘i deb atadi. 

Ko‘proq yangiliklar: