«Bardoshimiz tugamoqda» - Koronavirus fuqaro aviatsiyasini «qulatadimi»?

Jahon 18:00 / 18.03.2020 45493

Dunyo bo‘ylab parvozlar bekor qilinishidan aviakompaniyalar zarar ko‘ra boshladi. Bugun ular hukumat va soliq to‘lovchilarning yordamisiz omon qolmasliklari, bu ketishda bankrot bo‘lishlarini aytishmoqda.

Avvalo Osiyo, keyin Yevropa va Amerika koronavirus epidemiyasini to‘xtatish uchun o‘z havo eshiklarini yopdi. Oqibatda aksariyat aviakompaniyalar parvozlar sonini qisqartirishga majbur bo‘ldi. Samolyotlar havoda emas, yerda, chiptalar sotilmayapti. Ammo ish haqi va qarzlar to‘lanishi kerak. Aviakompaniyalar rahbarlari fuqaro aviatsiyasi bunday iqtisodiy tanglikka dosh bera olmaydi, deyishmoqda. Ularning fikricha, yozga yetmay bankrotlik holatlari kuzatila boshlaydi.

Dunyo fuqaro aviatsiyasining yarmini nazorat qiluvchi uchta yirik alyans Oneworld, SkyTeams va Star Alliance turli hukumatlar va aeroportlarga o‘zlarini qo‘llashni so‘rab murojat bilan chiqishdi: «Vaziyat favqulodda choralarni ko‘rishni talab qiladi. Koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalishi ortidan kelib chiqqan holat aviatsiya uchun o‘ta xavfli ko‘rinish oldi», deyiladi Oneworld, SkyTeams va Star Alliance tomonidan e'lon qilingan qo‘shma bayonotda.

Parvozlar cheklanishi yana ikki-uch oy davom etsa, bu aviakompaniyalarga aql bovar qilmas zarar yetkazishi mumkin. Vahima ichida allaqachon bankrotlikka tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yuborganlar ham topiladi.

«May oyi oxiriga borib dunyodagi ko‘plab aviakompaniyalar inqirozga yuz tutadi. Agar biz falokatdan qutulib qolishni istasak, tezkorlik bilan hokimiyat va aviatsiya sohasi hamkorlikda choralar qo‘llashimiz kerak», deya yozmoqda Centre for Aviation portali.

Aviakompaniyalarga qanday yordam berish mumkin?

AQSh, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Braziliya va Rossiya o‘z aviakompaniyalariga yordam berishni va'da qilgan, ammo yordam qanday ko‘rinishda bo‘lishi va qachon berilishi noma'lum. Aviakompaniyalar esa yordam masalasida o‘z takliflarini bildirib bo‘lgan. Ular hukumatlardan eng avval soliq imtiyozlari, yo‘lovchilar uchun haq to‘lash, aeroportlarda turib qolgan samolyotlar uchun ijara haqi olmaslik kabi yordamlarni so‘ramoqda.

Bo‘sh salonlar - kun voqeligi / GETTY IMAGES

Hozircha aviakompaniyalarga yordam sifatida aksariyat aeroportlar slot (aeroportlarda samolyotlar uchun ajratiladigan pullik joy) taqsimlash qoidalarini bekor qildi. Bu qoidalarga ko‘ra, aviakompaniyalar o‘zlariga tegishli slotlarning 80 foizini band qilmasa, undan ayrilar edi.

AQSh fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi (FAA) hozircha mamlakatdagi yettita aeroportda slot qoidalarini 31 maygacha bekor qildi. Yevropa Ittifoqi esa Osiyoga parvoz qiladigan aviakompaniyalar uchun uni iyungacha bekor qilgan. Yaqin kunlarda slot qoidasi boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha parvoz qiladigan aviakompaniyalar uchun ham bekor qilinishi kutilyapti.

So‘nggi paytlarda Yevropa Ittifoqi «yashil kelajakka o‘tish» loyihasi bo‘yicha turli yoqilg‘ilar uchun yangi soliq turini joriy qilishni rejalashtirgandi. Yevropadagi aviatashuvchilar Yevroittifoq rahbariyatidan o‘sha soliqni joriy etishni kechiktirib turishni so‘ragan, ammo ittifoq bu so‘rovga javob qaytargani yo‘q.

«Yevropa aviakompaniyalarini oldinda juda qiyin kunlar kutmoqda. Fuqaro aviatsiyasi bugun har qachongidan ko‘proq hukumatning yordamiga muhtoj», deydi Yevropadagi beshta yirik aviatashuvchilardan biri bo‘lgan EasyJet rahbari Yoxan Lundgren.

Lundgrenning hamkasblari ham «yashash uchun kurashmoqda». Quyida avitashuvchi korxonalar rahbarlari tomonidan bildirilgan fikrlarni keltiramiz.

Finnair rahbari Topi Manner:

«Koronavirus aviatsiya tarixidagi eng jiddiy inqirozni keltirib chiqardi».

British Airways rahbari Aleks Kruz:

«Aviatsiya dunyo darajasidagi inqirozga duch keldi. Bugungi inqiroz 2001 yil 11 sentabr teraktlari va 2002 yilda dunyo bo‘ylab tarqalgan virus tufayli yuzaga kelgan vaziyatdan yomonroq. Bardoshimiz tugamoqda. Endi ish o‘rinlarini qisqartirishga majburmiz».

Delta aviakompaniyasi rahbari Ed Bastian:

«Talab bunchalik kamayib ketishi tarixda bo‘lmagan».

IAG ( British Airways, Iberia, Vueling va Aer Lingus aviakompaniyalari egasi bo‘lgan kompaniya) rahbari Uilli Uolsh:

«Barcha aviakompaniyalarda, barcha yo‘nalishlarga buyurtmalar soni keskin kamaygan. Taxminimizcha, bu holat yozning o‘rtalarigacha saqlanib qoladi».

IATA (xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi) rahbari Aleksandr Junyak:

«Aviakompaniyalarning bankrot bo‘lish-bo‘lmasligi inqiroz qancha davom etishiga bog‘liq. Agar hozirgi holat yana ikki-uch oy davom etsa, haqiqiy muammo ana o‘shanda boshlanadi».

Buyuk Britaniya fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi boshlig‘i Richard Moriarti:

«Aviatsiya va sayyohlik sohasi hech qachon bunday qiyinchiliklarga duch kelmagan. U qancha uzoq davom etsa aviakompaniyalarning omon qolish imkoniyati shuncha kamayadi».

British Airways’ning ko‘p samolyotlari anchadan buyon uchgani yo‘q / AFP

Kimlar jon saqlab qoladi?

Avvalo katta miqdorda qarz olgan aviakompaniyalarda muammolar paydo bo‘ladi. Ulardan bir qismi o‘z faoliyatini kengaytirish hisobiga jon saqlab qolishi mumkin.

Virgin Atlantic avikompaniyasi egasi va AQShning Delta aviakompaniyasi hissadori bo‘lgan Richard Brenson Britaniya hukumatidan imtiyozlar va 10 milliard funt kredit berib aviakompaniyalarni qo‘llashni so‘radi. Biroq u bilan raqobatda ishlaydigan British Airways egasi bo‘lgan IAG darhol davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalarga qarshi chiqdi, chunki IAG hisobida 11 milliard naqd dollar bor va u allaqachon inqirozning ilk qurbonlaridan bo‘lgan mahalliy qatnovlarni amalga oshiruvchi Flybe aviakompaniyasi aksiyalarining bir qismini sotib oldi.

Tahlilchi Maykl Daffning fikricha, aviaqatnovlar sohasida eng foydali hisoblangan transatlantik qatnovlarni amalga oshiradigan yirik aviakompaniyalar uch oydan olti oygacha bo‘lgan muddatda koronavirus keltirib chiqargan iqtisodiy bosimga dosh bersa, omon qoladi.

«Sohadagi kichik kompaniyalar, shuningdek, mintaqaviy aviakompaniyalar va Yevropadagi milliy avitashuvchilar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolmoqda», deydi Daff qaysi yo‘nalishlarda ahvol og‘irligi haqida gapirib.

Ryanair va EasyJet ham parvozlarni to‘liq to‘xtatishi mumkin / GETTY IMAGES

«G‘arb davlatlari o‘zaro birlashib aviakompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashi kerak. Aks holda aviatsiya sohasi inqirozga botadi», deb yozmoqda Centre for Aviation tahlilchilari.

Bu inqirozdan faqat Xitoy va arab davlatlaridagi aviakompaniyalar omon chiqishi mumkin. Shuningdek, AQSh o‘z aviakompaniyalariga subsidiyalar ajratadi. Yevropaning ba'zi davlatlari ham o‘z aviatashuvchilarini qo‘llashini ma'lum qilgan. Inqiroz xususiy aviakompaniyalar uchun qiyin kechadi. Bunday holatdan yirik milliy aviakompaniyalar jon saqlab qola olishi haqiqatga yaqin. Bir so‘z bilan aytganda, davlat yordamisiz bunday holatdan omon chiqish qiyin.

Joriy yil boshida xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi dunyo avikompaniyalari 2020 yilda 870 milliard dollar daromad qilishlarini, uning 30 milliard dollari sof foyda bo‘lishi haqida taxmin qilgan edi. Endi esa tashkilot koronavirus sabab aviakompaniyalar 2020 yilda foyda qilish uyoqda tursin, aksincha 113 milliard dollar ziyon qilishini taxmin qilmoqda.

Daromad haqida hech kim o‘ylamayapti, yagona maqsad yashab qolish

Bugun koronavirus ortidan yuz berayotgan inqirozdan faqat aviakompaniyalar emas, balki aviatsiya va aviqatnovlar bilan bog‘liq barcha zarar ko‘ryapti. Aeroportlar kam foyda bilan bo‘lsa ham ishlashga majbur.

Yevropa aeroportlar assotsiatsiyasi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan hafta yo‘lovchilar oqimi keskin kamaygan. Yanvar-mart oylarida o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 2 million yo‘lovchi va 2 milliard yevro daromad kam bo‘lgan.

Kim qanday ahvolda?

Yevropadagi yirik arzon aviatashuvchilar bo‘lgan (loukoster) Ryanair va EasyJet samolyotlari bugun deyarli parvoz qilmayapti. Har ikki aviakompaniya talab bo‘lmagani sabab parvozlarni butunlay to‘xtatmoqchi.

IAG, (British Airways, Iberia, Vueling va Aer Lingus aviakompaniyalari egasi) aprel-may oylarida o‘z resurslarining 25 foizidan foydalanishni mo‘ljallagan.

Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasi havo flotining 2\3 qismi faol emas.

Virgin Atlantic 26 martgacha yo‘lovchi tashishni 75 foizga, aprelda esa 85 foizga qisqartirishni rejalashtirgan.

Finnair, SAS, Air France-KLM, Cathay Pacific allaqachon o‘z qatnovlarini 90 foizga qisqartirgan.

Air Baltic qatnovlarni batamom to‘xtatdi.

Korean Air koronavirus inqirozi tufayli yopilib ketishi ham mumkin.

Delta 300ta samolyot qoldirib, qolganini sotib yubormoqchi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kompaniya bu ish orqali 2 milliard dollar tejaydi.

American Airlines barcha xalqaro qatnovlarini bekor qilgan.

Qantas xalqaro yo‘nalishdagi parvozlarining 90 foizini, ichki qatnovlarning esa 60 foizini qisqartirdi.

Bugun jahon fuqaro aviatsiyasi ana shunday jiddiy sinovlarni boshdan kechirmoqda. Bu taloto‘plardan kimlar omon chiqishini esa vaqt ko‘rsatadi...

Ko‘proq yangiliklar: