Markaziy bank koronavirusdan saqlanish uchun naqd pullardan kamroq foydalanishni tavsiya etdi

Iqtisodiyot 21:30 / 17.03.2020 19603

Birinchidan, aholi va yuridik shaxslarning vakillari tomonidan bank bo‘linmalariga bevosita tashrif buyurgan holda joriy to‘lovlarni amalga oshirish holatlarini kamaytirish maqsadida barcha shaxslardan to‘lovlarni amalga oshirishda imkon qadar bankning masofaviy xizmat ko‘rsatish usullaridan, jumladan, internet-banking, banklarning mobil ilovalaridan hamda to‘lov tashkilotlari dasturlaridan keng foydalanish so‘raladi.

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalariga ko‘ra, to‘lovlarni amalga oshirishda naqd pullardan foydalanish virus tarqalishiga olib keluvchi kanallardan biri bo‘lishi mumkin.

Shu bois bank kartalaridan yoki muqobil elektron to‘lov turlaridan foydalanish tavsiya etiladi. Bunda to‘lovlarning kontaksiz amalga oshirilishi yanada xavfsiz hisoblanadi.

Ikkinchidan, aholiga valuta-ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirishda qulay shart-sharoit yaratish maqsadida tijorat banklari tomonidan tegishli bank infratuzilmalari yaratilgan. Xususan, respublika hududida qariyb 700 ta avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash bankomati o‘rnatilgan. Tez orada ularning sonini 1000 tadan oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, masofadan turib valuta ayirboshlash imkonini beruvchi mobil ilovalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Fuqarolar banklarga bevosita murojaat qilmasdan mobil ilovalar orqali masofadan turib yoki avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash bankomatlari yordamida valuta ayirboshlash operatsiyalarini kun-u tun rejimida amalga oshirish imkoniyati mavjud.

2020 yilning 18 martidan boshlab tijorat banklarining valuta ayirboshlash shoxobchalari odatiy ish vaqti rejimida, ya'ni soat 18:00gacha faoliyat yuritishi ta'minlanadi. Ish vaqtidan tashqari, shu jumladan, dam olish va bayram kunlari avtomatlashtirilgan bankomatlar va mobil ilovalardan foydalangan holda valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish mumkin.

Bank xizmatlarini amalga oshirish bo‘yicha savollar yuzasidan bevosita tijorat banklarining yoki Markaziy bankning +998712000044 raqamli «Ishonch telefoni»ga murojaat etish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: