Koronavirus futbolga qarshi. APLda mavsumni yakunlash bo‘yicha 4 variant

Sport 16:09 / 17.03.2020 12130

Angliya Premer Ligasi turnirni 4 aprelgacha to‘xtatgan, lekin keyin qanday bo‘lishi hali noma'lumgicha qolmoqda. Futbol Assotsiatsiyasi raisi Greg Klark yaqinda ham, mavsum davom ettirilishiga ishonchi komil edi, bir qator klublar ham jumladan.

«Vaziyat oylab cho‘zilishi mumkin, nafaqat bu, balki kelasi mavsum boshlanishi ham so‘roq ostida. Bu yilgi mavsumni tugata olmasligimiz ehtimolini 75 foiz degan bo‘lardim», dedi Sky Spors nashrining o‘z shaxsi sir qolishini istagan manbasi.  

Reglamentda esa, muddatidan oldin turnirning tugashida qanday yo‘l tutish lozimligi qayd etilmagan. Shuning uchun klublar yig‘ilib, turli variantlarni muhokama qilishmoqda. APL klublaridan birining rahbari The Telegraph nashriga ehtimoliy variantlar haqida gapirib ham berdi.

Birinchi variant – eng haqiqatga yaqinroq

Aksariyat klublar, vaqt kam qolayotgan bo‘lsa-da, mavsumni yakunlab qo‘yishni istamoqda. Agar UYeFA ligalar bosimi ostida Yevro-2020 chempionatini ko‘chirishga rozi bo‘lsa, APLda barcha 38 turni o‘tkazib, mavsumni yakunlab qo‘yish imkoni paydo bo‘ladi. Chunki chempionatni iyun, hatto iyulgacha ham cho‘zish mumkin.

Dekabrda esa, tanaffus qilib, Yevropa chempionatini o‘tkazsa bo‘ladi. Keyingi jahon chempionati, Qatardagi 2022 yilgi mundial ham dekabr oyida o‘tkazilishi e'tiborga olinsa, Yevropadagi ligalar uchun yaxshi amaliyot bo‘ladi.

Yoki kelasi mavsumni odatdagidek o‘tkazib, Yevropa chempionatini 2021 yilning yoziga qoldirish varianti ham bor. Ammo bu yerda FIFA va UYeFA o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘ladi, chunki o‘sha paytda FIFA Xitoyda klublar o‘rtasida jahon chempionati tashkil qilmoqchi.

Ikkinchi variant – buning ham ehtimoli yuqori

Aprel-may oylarining o‘zida mavsumni yakunlashga harakat qilish. 4 aprelda reja bo‘yicha, chempionat davom etishi kerak va o‘sha kunga 32-tur tomoshabinlarsiz, qat'iy ehtiyot choralari ostida o‘tishi belgilangan. Ya'ni taqvim bo‘yicha tur o‘yinlari ketaveradi, o‘tkazilmay qolgan turlar esa, hafta o‘rtalariga qo‘yiladi. Ya'ni o‘ziga yarasha «Boksing-dey» tizimida o‘ynaladi.

APLning translatsiyalar bo‘yicha direktori Pol Molnar FA bilan bu borada allaqachon ishni boshlab yuborgan va Angliya Kubogi o‘yinlarining chempionatga xalaqit bermaydigan shaklda taqvimi shakllantirilmoqda.

Uchinchi variant

«Liverpul» – chempion va hech qaysi jamoa ligani tark etmaydi. Yevrokuboklar uchun va APL o‘rinlari uchun kurash ancha tig‘izki, 29 tur natijalariga ko‘ra, hammani rozi qilish mumkin emas. Shu bilan birga, Chempionshipda peshqadamlik qilib turgan «Lids» va «Vest Bromvich»gayam nohaqlik qilib bo‘lmaydi. Oqibatda, ularni ham APLga chiqarib, kelasi mavsumni 22 jamoadan iborat qilish va APLni 5 jamoa tark etishini belgilab qo‘yish ham taklif qilinmoqda.

The Telegraph bu variantni klublar qo‘llab-quvvatlaganliklarini ham aytmoqda. Lekin bu variantda bir qator savollar baribir ochiq qoladi. Masalan, yevrokuboklar masalasi. Autsayderlar bilan tushunarli, lekin APLdagi asosiy ta'sir doiraga ega bo‘lgan klublar aynan YeChL o‘rinlari uchun kurashmoqda. Bular – «Chelsi», «Yunayted», «Tottenhem» va boshqalar.

Hozir «kuchli to‘rtlik» shakllangan bo‘lsa-da, aynan 5-o‘rin masalasi bahsli. Birinchidan, agar «Manchester Siti»ning yevrokuboklardan chetlatilishi amalda qolsa, bu o‘rin ham YeChL yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Hozirda «Manchester Yunayted» 5-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa-da, aytaylik, «Sheffild» 1 o‘yin kam o‘tkazgan holda «MYu»dan 2 ochko kam to‘plagan. Ya'ni yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «Sheffild» haqliroq. Lekin o‘sha qoldirilgan o‘yinda uch ochko naqd bo‘lmagani uchun «MYu» ham e'tiroz qilishi mumkin. Xullas, bu masala hali biroz chigal. 

To‘rtinchi variant

Joriy mavsumni kuzda davom ettirish va keyingi ikki chempionatni kalendar yilida, ya'ni bahor-kuz tizimida tashkil qilish. Bu yo‘l qaysidir ma'noda, Qatardagi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishda ham qo‘l kelishi mumkin.

Lekin bu yerda ham ikki muammo bor. Birinchidan, ba'zi futbolchilarning shartnomalari 30 iyunda nihoyasiga yetadi. Ikkinchidan, agar chempionat kuzda davom etsa, yevrokuboklarda Angliyadan kim qatnashishini aniqlash nima bo‘ladi?

Yana bir variant, ushbu mavsumni butunlay bekor qilish. The Athletic manbasiga ko‘ra, ikki klub vakillari 2019/20 yilgi mavsum natijalarini bekor qilish va kelasi mavsumni yangidan boshlash taklifi bilan chiqqan. Yuen Makkenna tvitterda bu klublar «Tottenhem» va «Vest Hem» ekanini yozdi, lekin darhol o‘chirib yubordi.

Mantiqan olganda, to‘g‘ridek, «Tottenhem» mavsumni juda yomon o‘tkazmoqda va yevrokuboklardan ham quruq qolish xavfi ostida turibdi. «Vest Hem»ning holati undan ham badtar – jamoa ligada joy saqlash uchun kurashayotgani yetmagandek, 17 maydan so‘ng, o‘ynaydigan joyi ham bo‘lmaydi. Qisman bu ma'lumotni «Vest Hem» vitse-prezidenti Karren Breydi ham tasdiqladi. U intervyulardan birida «Liverpul»ning holatini tushunishini ta'kidlab, ammo mavsumni bekor qilish lozimligini aytdi. To‘g‘ri, yana o‘sha The Telegraphʼning aytishicha, hech qaysi klub mavsumni bekor qilishga rozi bo‘lmagan, ya'ni Breydining tarafdorlari hatto «Vest Hem» klubi ichida ham ko‘p emas.

Har qanday holatda ham jiddiy muammolar paydo bo‘lishi, qaysidir klublar nohaqlikka uchrashi tabiiy. Masalan, agar 1 yoki 2-variantlarga ko‘ra, mavsum davom ettiriladigan bo‘lsa, ayrim jamoalar futbolchilarning sport formasi tufayli yomon holatga tushib qolishi mumkin. Chunki, «Arsenal», «Chelsi», «Lester», «Bornmut» va «Manchester Siti» kabi klublar o‘z a'zolarida virus aniqlangani tufayli butun tarkib bo‘lib ikki haftalik karantinda o‘tirgan paytda, boshqa klublar, masalan, «Manchester Yunayted» mashg‘ulotlarda davom ettirmoqda. Mavsum ochilganda, klublarning turli sport formalarda bo‘lishlari bundan ba'zilar jabr chekib, boshqalar ustunlikka ega bo‘lishlari tabiiy.

Agar 3 yoki 4-variantlar tanlansa, yuqorida ham aytilganidek, shartnomalar bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi, klublar mavsumni boshlagan tarkibda uni yakunlay olmay qolishlari mumkin. Masalan, «Sheffild Yunayted» ajoyib mavsum o‘tkazib, ko‘tarinki ruhda ketayotgan bo‘lsa, «Tottenhem» yoki «Arsenal» mavsum boshidagi muammolar girdobida, murabbiylar almashdi. Lekin aytaylik, kuzda chempionat davom etadigan bo‘lsa, boy klublar transferlar orqali vaziyatni o‘nglab, muammolarini hal qilib olishlari, «Sheffild» yoki «Vulverhempton» esa aksincha, hatto yetakchi futbolchilarsiz qolishlari

Sky Spors nashri xabar qilishicha, klublar vakillari 19 mart  kuni yana yig‘iladi. Bugun, 17 mart kuni UYeF yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda yevrokuboklar va Yevro-2020 taqdiriga oydinlik kiritiladi. Aynan shu qarorlar xulosasiga ko‘ra, APL borasida munozara qilish mantiqan to‘g‘riroq bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: