MTT rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi ma'lum bo‘ldi

O‘zbekiston 09:19 / 16.03.2020 7682

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta'lim tuman (shahar) bo‘limlari mudirlari, mudir o‘rinbosarlari va davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, attestatsiya majburiylik, oshkoralik, kengashib ish ko‘rish, xolislik va teng huquqlilik tamoyillari asosida tashkil etiladi.

Attestatsiyadan o‘tuvchilar har besh yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkaziladi.

Attestatsiyadan o‘tuvchining yozma arizasiga binoan attestatsiyadan o‘tuvchi navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin.

Attestatsiyadan o‘tuvchini navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazish oldingi attestatsiyaga nisbatan kamida ikki yildan keyin amalga oshirilishi mumkin.

Attestatsiyadan quyidagilar o‘tkaziladi:

maktabgacha ta'lim tuman (shahar) bo‘limlari mudirlari;

maktabgacha ta'lim tuman (shahar) bo‘limlari mudirlarining o‘rinbosarlari;

umumiy tipdagi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari mudirlari;

ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari mudirlari;

qo‘shma tipdagi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari mudirlari.

Attestatsiyadan quyidagilar o‘tkazilmaydi:

ishga qabul qilinganiga yoki bola parvarishlash ta'tilidan qaytganiga bir yil to‘lmaganlar;

mehnatga layoqatsizlik davrida bo‘lganlar;

homiladorlik va tug‘ish ta'tilidagi, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar parvarishlash ta'tilidagi ayollar;

attestatsiyadan o‘tuvchining lavozim majburiyatlari zimmasiga vaqtincha yuklatilgan xodimlar.

 Attestatsiyani o‘tkazishdan maqsad attestatsiyadan o‘tuvchilar faoliyatining ta'lim sohasiga qo‘yilayotgan zamonaviy talablarga, o‘z lavozimiga qo‘yiladigan malaka talablariga muvofiqligini va kasbiy mahorati darajasini aniqlash hamda maktabgacha ta'lim tizimida boshqaruv xodimlarining kasbiy o‘sishini rag‘batlantirishdan iborat.

Attestatsiyani o‘tkazishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

maktabgacha ta'lim tizimida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, maktabgacha ta'lim bo‘limlari va maktabgacha ta'lim tashkilotlari rahbarlarining faoliyatini baholash;

maktabgacha ta'limni boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini hamda boshqaruv xodimlari mas'uliyatini oshirish;

maktabgacha ta'limni boshqaruv organlari va maktabgacha ta'lim tashkilotlari rahbar lavozimlariga munosib xodimlarni tanlab olish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning potensial imkoniyatlaridan samarali foydalanish.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Toshkent shahar maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasi, viloyatlar maktabgacha ta'lim boshqarmalari attestatsiyadan o‘tuvchilar ro‘yxatini shakllantiradilar hamda attestatsiya jarayonlari boshlanishidan kamida ikki oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim etadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi hamda Ta'lim inspeksiyasi tomonidan har yili attestatsiya jarayonlari boshlanishidan kamida bir oy oldin attestatsiyadan o‘tkazish jadvali ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Attestatsiya ishlab chiqilgan jadval asosida tashkil etiladi va mazkur Nizomda belgilangan tartibda har yili sentabr – noyabr oylarida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi hamda hududiy boshqarmalar tomonidan attestatsiya jarayonlari boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin attestatsiyadan o‘tuvchilarga attestatsiyaga oid rasmiy xabar, attestatsiyadan o‘tkazish jadvali va savolnoma yuboriladi.

Attestatsiya jarayonini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi va hududiy boshqarmalar tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan attestatsiyadan o‘tuvchilarning mehnat qonunchiligida belgilangan huquqlari ta'minlanishi nazorat qilinadi.

Attestatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, attestatsiya komissiyalari ish natijalarini tahlil qilish va baholash Ta'lim inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Attestatsiyadan o‘tuvchilarning attestatsiyasini tashkil etish va o‘tkazish muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: