Rossiyaning OPeK+ bitimidan chiqib ketishi neft narxlarining tushib ketishiga sabab bo‘lgan omillardan biri xolos, ammo aynan mana shu narsa Rossiyaga salbiy oqibatlar olib keladi, deb hisoblaydi iqtisodchi Andrey Movchan.
Neft narxi pandemiyasiz ham tushishi kerak edi - iliq qish o‘z rolini o‘ynagandi
Biroq, qulashning asosiy sababi - global pandemiya. Endilikda nafaqat vaziyat birmuncha barqarorlashgan Xitoyda, balki boshqa joylarda ham korxonalar ommaviy ravishda yopilmoqda. Yo‘lovchi tashish keskin kamaymoqda. Yaqinda Italiya - butun boshli mamlakat karantinga yopilganligini e'lon qildi. Isroil mamlakatga qaytib kelayotgan barcha isroilliklarni karantinga joylashtirmoqda va chet elliklarning mamlakatga kirishini to‘xtatdi. Bunday o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish aviakompaniyalar, sayyohlik xizmatlari va ko‘ngilochar sanoat daromadlarining pasayishini bildiradi. Hatto oziq-ovqat mahsulotlari savdosi ham pasaymoqda - odamlar jamoat bo‘lib o‘tirganda ko‘proq ovqat iste'mol qilishadi. Karantin paytida transport vositalari, jamoat transportidan kamroq foydalaniladi. Shu sababli hamma neftga bo‘lgan talabning sezilarli darajada kamayishini kutmoqda – balki odatdagidek, taxminlar kelajakdagi voqelikdan o‘tib tushar.
Bularning barchasini bilgan holda, aksariyat tahlilchilar neftning bir barreli narxi 20-25 foizgacha, ya'ni 60 dollardan 45-50 dollargacha pasayishini kutgandi. Biroq kutilmaganda uchinchi omil paydo bo‘ldi: OPEK neft narxini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilib, uni qazib olishni kamaytirishni taklif qilganida (narxni 50 dollardan yuqori darajada ushlab turish taxmin qilingan holda) kutilmaganda Rossiya (uning qazib olishni kamaytirish ulushi 3 foizni tashkil etardi) keskin rad javobini berdi.
Rossiya nafaqat qazib olishni uch foizga kamaytirmasligini, balki avvalgi kelishuvdan ham chiqishini va qazib olishni maksimal darajaga yetkazmoqchi ekanligini e'lon qildi. Bu bayonot g‘alati tuyuladi, chunki Rossiya amalda qazib olayotgan hajm maksimumga yaqin: Saudiya Arabistonidan farqli o‘laroq, Rossiya neft kompaniyalari ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirishining imkoni yo‘q. Shu bilan birga, Rossiya ushbu qarorning sabablarini ochiq aytdi: biz buni daromad topish uchun emas, balki bozordan Amerika slanets sanoatini siqib chiqarish uchun qilyapmiz.
Agarda Rossiya neft qazib olishni 3 foizga kamaytirib, narx yana 10 foizga tushganida, mamlakat bugungi daromadining qariyb 4 foizini yo‘qotgan bo‘lardi, bu Rossiya uchun unchalik og‘riqli emas. Bundan tashqari, kartel qazib olish kamaytirilishini e'lon qilishi, lekin uning har bir a'zosi ilgari bo‘lganidek, ozgina ayyorlik qilishi mumkin edi – u holda Rossiya bu kelishuvning ta'sirini umuman his qilmagan bo‘lardi.
Kelishmovchilik natijasida bir barrel neft narxi 35-38 dollargacha tushib, Rossiyadan har bir barreldan 10-15 dollarni «tortib oldi» - amalda daromadning kamida 25 foizi (agar Rossiya OPeK bilan kelishganida, qazib olishni OPEK kvotasiga nisbatan ko‘pi bilan 10 foizga oshirishi mumkin edi, bu bilan yo‘qotish 17,5 foizgacha bo‘lardi). Bu Rossiya bozoriga darhol ta'sir qildi: (o‘n millionlab rossiyaliklar o‘z omonatlarini saqlaydigan) rubl 10 foizga (yil boshidagi eng yuqori ko‘rsatkichdan 15 foizdan ortiqroqqa),keyingi bir-ikki yilda milliondan ortiq Rossiya fuqarolari sarmoya kiritgan RTS indeksi oxirgi mahalliy maksimal qiymatdan 30 foizdan ortiqroqqa tushib ketdi va 2007 yilda erishilgan mutlaq maksimal qiymatning 45 foizi atrofida sotilmoqda.
Amerikaliklar bozorni hech narsa yo‘qotmasdan osongina tark etishi va narx ko‘tarilganida yana osonlik bilan qaytishi mumkin
Slanets ishlab chiqaruvchilarni yengish g‘oyasi anchagina g‘alati tuyuladi. Birinchidan, slanets sanoati an'anaviy sanoatdan farq qiladi, chunki qazib olishni kamaytirish yoki to‘xtatish, so‘ngra qaytadan boshlash oson. Slanets qudug‘i tezda bo‘shab qoladi, uni doimo burg‘ilab turish kerak. Shuning uchun, agar siz boshqa qazishni istamasangiz, shunchaki quduqni bo‘shatasiz va yangisini qazimaysiz. Quduqlar soni kamayadi, qazib olish ham. Amerikaliklar bu bozorni hech narsa yo‘qotmasdan osongina tark etishlari, ammo narxlar ko‘tarilganida yana osonlik bilan qaytishlari mumkin - ular buni 2014-2015 yillarda isbotlashgan.
Amerikaliklar slanets sanoatidagi ishchilar orasidagi ishsizlikdan ham qo‘rqmasalar bo‘ladi: AQShdagi ishsizlikning rekord darajada pasayishi fonida slanets nefti qazib olishda xodimlarning keskin tanqisligi mavjud va ayrim ma'lumotlarga ko‘ra jarayonlarni raqamlashtirish fonida mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyojni o‘n yil ichida 40 foizga kamaytirgan. 2014 yilda sohada 200 000 kishi ishlagan, 2017 yilda – 145 000, 2019 yilda – 150 000.
Ikkinchidan, amerikaliklarda qazib olish narxlarning o‘zgarishidan taxminan 50 foizga himoyalangan va yetkazib berish shartnomalari qat'iy narxlar bilan o‘rtacha yillik hisoblanadi. Shu sababli, bu ta'sir bir zumda bo‘lmaydi va AQShda qazib olishning real pasayishi pandemiya oqibatlari o‘tib ketgan hamda neftga bo‘lgan talab tiklangan vaqtda ro‘y beradi. Bu narxlarning tushib ketishi ta'sirini yumshatadi va amerikaliklarga aksariyat hollarda bozorda qolish imkonini beradi.
Ha, slanets sanoatida ortiqcha kreditlanib bankrot bo‘lishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar bor. Ammo Amerika uchun kompaniyalarning bankrot bo‘lishi eng katta muammo emas. Hattoki neft maydonlarining egalari o‘zgarsa ham, bu sohaga, umuman olganda, hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi. Ehtimol, hattoki kompaniyalar "yomon kreditlar"dan qutulib, yanada samarali ishlashlari mumkin. Hozirda slanets neftining bir barreli tannarxi o‘rtacha 40-43 dollar atrofida bo‘lib, bugun belgilangan 35-37 dollar darajasida ham bozorni deyarli hech kim tark etmaydi - ular nolga teng operatsion foyda bilan ishlayveradi.
Uchinchidan, Amerikaning butun boshli neft va gaz sektori asosan ichki bozor uchun ishlaydi va jahon narxlariga bevosita bog‘liq emas. Daromadning ichki taqsimlanishi yuz beradi: neft narxining arzonlashishi AQShning boshqa sanoat tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. AQShning neft va gazi yalpi ichki mahsulotning qariyb 7 foizini tashkil etadi, bu esa Rossiyaning harakatlari «asosiy raqibi»ning yalpi ichki mahsulotining 93 foizini qo‘llab-quvvatlashini anglatadi. Rossiyada esa neft va gazning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 15 foizni tashkil etadi, uglevodorodning ichki narxlari esa shundoq ham kuchli dotatsiyalangan. Shu ma'noda, AQSh neft narxining tushib ketishidan Rossiyadan ko‘ra ancha yaxshi himoyalangan. AQSh budjeti neft narxidan qat'i nazar kamayadi. Neftdan keladigan daromadning budjetdagi ulushi Rossiyadan farqli o‘laroq, juda kam. Rossiyada esa bir barrel neft narxi 40 dollar bo‘lganida budjet kamaya boshlaydi, budjet daromadlarining neftga bog‘liqligi esa juda yuqori.
Bu harakatlarga bir nechta mashhur shaxslarning slanets neftiga nisbatan shaxsiy adovati asos bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin
Va nihoyat, eng asosiysi. Agarda Amerikada retsessiya boshlansa, bu Trampning qayta saylanishiga tahdid soladi: odatda prezident qayta saylanadigan yilda iqtisodiyotda ishlar yomon ketayotgan bo‘lsa, u ikkinchi muddatni qo‘lga kirita olmaydi. U holda, Rossiyaga nisbatan Trampdan ko‘ra yomonroq munosabatda bo‘lgan kishilar hokimiyat tepasiga keladi, bu esa Rossiya uchun juda noqulay. Agar Kreml o‘z xatti-harakatlari bilan AQShga zarar yetkazaman deb o‘ylayotgan bo‘lsa, unda buning uchun eng noqulay vaqtni tanlagan bo‘ladi.
Ehtimol, albatta, bu xatti-harakatlar asosida bir nechta mashhur odamlarning slanets neftiga nisbatan shaxsiy adovati yotgan bo‘lishi ham mumkin (ha, bu g‘alati tuyulsa-da, shunaqasi ham bo‘ladi). 2013-2014 yillar oxirida ular slanets nefti afsona ekanligini rasman e'lon qilishgandi. Ammo bunday emasligi ma'lum bo‘ldi. Endi esa ular qasos olishga urinishmoqda, lekin go‘yoki biz hali ham XX asr boshlarida yashayotgandek nooqilona tarzda.
Qator sharhlovchilardan bu qadam aqlli o‘yin bo‘lganini eshitish mumkin, chunki baribir inqiroz muqarrar edi, narxlar baribir tushardi. Bu iddao o‘rinliday emas. OPEK shartlarini qabul qilish, bozorning reaksiyasini ko‘rish va undan so‘ng qaror qabul qilish mumkin edi: kartelni har vaqt tark etish mumkin. Boshqa sharhlovchilarning ta'kidlashicha, AQSh dunyoda neftga bo‘lgan talabning o‘sishini o‘ziga «tortib oldi», endi esa ularning ulushini Rossiya oladi. Buni qanday amalga oshirishi noma'lum, chunki mamlakatda qazib olishni oshirish imkoniyatlari cheklangan, rentabellik darajasi past, kompaniyalarda samarali qidiruv ishlari uchun mablag‘ yo‘q, qazib olinishi qiyin bo‘lgan zaxiralarning bir barreli esa 35, 50 va hatto 60 dollardan ham qimmatga tushadi.
Rossiya fuqarolari, odatdagidek, rahbarlarining shuhratparastliklari uchun o‘z hamyonlaridan pul to‘laydilar
Rossiya aholisi uchun bu qanday oqibatlarga olib keladi? Eng sezilarli ta'sir - bu rubl kursining o‘zgarishi. Rubl juda oddiy valuta, uning kursi jahon bozoridagi neft narxiga bog‘liq. Neft barqaror narxlar oralig‘ida bo‘lganida, rublga mayda omillar, jumladan markaziy bank faoliyati va Rossiyaning pul-kredit siyosati ta'sir ko‘rsatadi. Ammo neft bozorida yirik harakat boshlanishi bilan, rubl muqarrar ravishda ta'sir ostida qoladi. Hozirda rubl bundan besh yoki uch yil avval qanday bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday vaziyatda qoldi. Barchasi 2014 yildagi kabi bir xil, faqat, ehtimol, kamroq darajada, chunki qulash diapazoni kichikroq. Birmuncha vaqt dollarning 70 rubl bo‘lishiga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi.
Aftidan, falokat sodir bo‘lmaydi. Biroq, shuni anglash lozimki, agar dollar 60 emas, 72 rubl bo‘lsa - bu 20 foizlik farq degani, iste'mol savatchasi narxi taxminan 10 foizga o‘sadi, chunki mahalliy ishlab chiqarishda importning ulushi yuqori. Bu budjet daromadlarining sezilarli darajada kamayishi bilan birga yuz berishi sababli kompensatsion to‘lovlar yoki budjet xodimlarining ish haqi oshishini kutmaslik kerak: aksincha, davlatning javobi soliq siyosatining yanada keskinlashishi bo‘ladi. Kremlda budjetni to‘ldirish ichki iqtisodiy siyosatning asosiy va yagona vazifasi deb hisoblanadi. Rossiya fuqarolari, odatdagidek, rahbarlarining shuhratparastliklari uchun o‘z hamyonlaridan pul to‘laydilar. Ular bunga qanchalik rozi bo‘lishadi, bunga mamlakatda yagona boshqaruv uchun cheklanmagan mandat berish bo‘yicha 22 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan ovoz berishda guvoh bo‘lish mumkin.