Shuhrat Mirxoldirshoyev – Babayan taklifini rad etgani, singan oyog‘i bilan futbol o‘ynagani va kelishilgan o‘yinlar xaqida

Sport 19:02 / 10.03.2020 17120

Intervyuning birinchi qismida Mirxoldirshoyevning «Navbahor»dagi faoliyati, xotiralari, o‘zbek futbolidagi muammolar, jumladan, hujumchilar yetishmovchiligi xaqida so‘z borgandi.

Ikkinchi qismda esa hujumchining «Nasaf» va «Andijon»dagi faoliyati, OFK Kubogidagi g‘alaba, vodiy derbilari, Superliga saviyasi va o‘zbek futbolidagi kelishuv qo‘ng‘iroqlari to‘g‘risida o‘qishingiz mumkin.

– Fidoyi futbol rahbarlari sifatida kimlarni ayta olasiz?

– Ham muxlis, ham rahbar sifatida Hakimjon Hoshimovni tan olaman. Rahmatli Nuriddin Zayniyev Qashqadaryo futboli uchun katta ishlar qilib ketdilar. Bu hozirgacha mevasini bermoqda. Hozirgi kunda esa Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bizga cheksiz imkoniyatlar yaratib bermoqdalar.

– «Andijon»dagi faoliyatingiz haqida aytib bersangiz.

– «Andijonda» boshqacharoq edi. O‘sha paytlarda sharoitlar, o‘quv-mashg‘ulot bazalari, maydonlar Namangan va Qarshi bilan solishtirganda yaxshi emasdi. Lekin muxlislar Nodir aka boshchiligida yuqori darajada ishqibozlik qilishardi. Muxlislik madaniyati yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi.

– «Andijon»dagi futbolchilar ichida yaqin sheriklaringiz kimlar edi?

– Baxtiyor Hamidullayev, Rahim Qodirov, Rasul Rahmonov. Undan tashqari legionerlar bilan munosabatlarim a'lo darajada edi.

– «Nasaf»ga kim taklif etgan?

– Ro‘ziqul Berdiyev taklif etgan. So‘ng Anatoliy Demyanenko, Nuriddin Zayniyev va klub rahbarlari bilan gaplashgach, shartnomaga imzo chekkanman.

«Nasaf»ga moslashishda 1-2 oy qiynalganman. Lekin keyinchalik hammasi iziga tushib ketgan. Jamoada kuchli futbolchilar va murabbiylar yig‘ilgandi. Tashkilotchilik ham xavas qilarli bo‘lgan. Bu jamoada o‘ynaganimdan faxrlanaman. «Nasaf» men uchun yangi chaqiruv bo‘lgan.

– 2011 yili «Nasaf» bilan OFK Kubogida g‘olib chiqdingiz. Bundan qanday taassurotlar qolgan?

– OFK Kubogi finalidan biroz oldin «Neftchi»ga qarshi chempionat o‘yinida jiddiy jarohat olganman. Buni eslash og‘ir. 70-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, 6-7 daqiqa o‘tgach oyog‘im singan. Singan oyoq bilan 17-18 daqiqa futbol o‘ynaganman. Chunki 3ta zaxira imkoniyati tugagandi.

OFK Kubogi finalidan 1 kun oldin oyog‘imdagi gipsni yechishgan. Finalda o‘ynamaganman. 70% o‘yinlarda maydonga tushganman. «Nasaf»da yaqqol hujumchi bo‘lib emas, pleymeyker sifatida yoki xujumchi ortida harakat qilganman.

G‘alabani eslash yoqimli. Stadionda superatmosfera hukm surgandi. Ayrimlar Yevropa Ligasiga o‘xshagan ikkinchi darajali kubokni qo‘lga kiritdi, deyishadi. Lekin oson bo‘lmagan.

– «Nasaf»dan ketishingizga nima sabab bo‘lgan?

– Murabbiylar, jamoa tarkibi o‘zgarib ketdi. Mashg‘ulotlarda belimdan jarohat oldim. Bormagan joyim qolmadi. Rossiyada ham davolandim. Bir shifokor necha yildan beri futbol o‘ynayotganimni so‘rab, «o‘zingni qiynamay qo‘yaver» dedi.

Azamat Abduraimov «Andijon»ga taklif etdi. Bordim, o‘ynovchi murabbiy bo‘ldim. Lekin baribir jarohat bezovta qilaverdi va 2014 yili faoliyatimni yakunladim.

Qashqadaryolik, andijonlik muxlislar qo‘ng‘iroq qilib turishadi. Namanganda esa har qadamda ishqibozlarni uchrataman. Hamon futbol bilan yashab kelyapman.

– Faoliyatingizda eng yuqori cho‘qqiga chiqqan mavsumlaringizdan keyin «Paxtakor»dan taklif bo‘lganmi? O‘sha yillarda «Paxtakor» milliy jamoa bazasi sifatida tuzilgandi.

– Babayan ketma-ket 2 yil chaqirgan. Lekin o‘zim «Paxtakor»ga o‘tishni istamaganman. Yuriy Sarkisyan «Neftchi»ga taklif etgan, Kiprdan chaqiruv bo‘lgan, «Qayrat»da qolmaganman.

– Eng yuqori maoshni qaysi jamoada olgansiz?

– Yashirmayman, «Nasaf»da.

– Nega aynan 11-raqam? Futbolchilikda ham asosan shu raqamda o‘ynagansiz? Telefon raqamingiz oxiri ham «11» ekan.

– Rahmatli otam bir o‘g‘lim 10-raqamda, biri 11-raqamda o‘ynaydi, deb niyat qilardilar. Qaysi klubga o‘tsam, shu raqamni tanlashga harakat qilardim. Mashinam raqami ham «11» edi. Lekin bunda qandaydir irim yo‘q.

– O‘sha yillarda O‘zbekiston chempionatida kelishilgan o‘yinlar bormidi yoki eshitarmidingiz?

– Eshitardik. Ammo men bunday narsalarga ahamiyat bermasdim. Maydonga tushib, o‘z ishimni qilardim.

– O‘yinlar oldidan sizga biror rahbar yoki murabbiy tomonidan bosim bo‘lganmi?

– Ko‘p marta bo‘lgan. Raqib jamoa rahbarlari, murabbiylari telefon qilib, gol urmasligimni so‘rashardi. «O‘ynamasang, bo‘ldi», deyishardi. Hatto top darajadagi murabbiylar ham qo‘ng‘iroq qilishgan.

– Vodiy derbilari haqida nima degan bo‘lardingiz? Derbiga tayyorgarlik qanday bo‘lardi?

– 4-5 kun avval bazaga to‘planardik, telefon ishlatmasdik, hamma narsani esdan chiqarardik. O‘yin boshlanishidan 2 soat avval stadion muxlislarga to‘lardi, ajiotaj bo‘lardi. Futbolmas, jang bo‘lardi. Bunday bahslarda hakamlarga qiyin edi.

Hozir? Kechirasiz-u, so‘nggi yillarda derbi ko‘rmayapman. Nafaqat vodiy derbisini, voha derbisi va Toshkent derbisini ham.

– O‘zingiz o‘ynagan esda qolarli derbi qaysi?

– «Navbahor» bilan Farg‘onada «Neftchi»ni 3:0 hisobida mag‘lub etganmiz (Shuhrat Mirxoldirshoyev dubl qayd etgan, yana bir gol Patrik Agbo hisobiga yozilgan – Kun.uz izohi). Esda qolarli o‘yin bo‘lgan, chunki u paytlarda Farg‘onada «Neftchi» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonish kutilmagan natija edi. Darvoqe, bahsning boshida Sergey Lebedev penaltidan foydalana olmagan, bu esa raqib ruhiyatiga ta'sir ko‘rsatgan.

– Hozirgi lavozimingiz va ishingiz haqida qisqacha ma'lumot bersangiz.

– Namangan viloyati futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidentiman. Ishim asosan bolalar futboliga e'tibor qaratish, 2-ligani rivojlantirishdan iborat.

– Armonlaringiz?

– O‘zbekiston milliy jamoasini jaxon chempionatida yoki Olimpiya jamoasini Olimpiadada ko‘rsam bo‘ldi. O‘zim o‘ynagandek xursand bo‘laman.

Bu ko‘p jihatdan murabbiylarga bog‘liq. Murabbiylar yaxshi ishlashmayapti. Masalan, Namanganda murabbiylar malakasini oshirish uchun jizzaxlik konstruktor Zoir Hasanovni taklif etdik, o‘quv-kurslari tashkil etildi. Xayron qolaman, murabbiylar shu kurslarga kelib o‘qishmaydi. 20ta murabbiyni chaqirgan bo‘lsak, hozir 11tasi o‘qiyapti. Bunda qanday qilib maqsadga erishish mumkin. 

Ishlamaydigan murabbiylar bilan xayrlashamiz. Yo ular ishlasin, yo men lavozimimdan ketaman. Ularga futbolimizda o‘rin yo‘q. «Oylik olsam bo‘ldi» deydigan avvalgi davrlar o‘tdi.

– Faoliyatingizdagi eng alamli mag‘lubiyat?

– «Mash'al» bilan Osiyo Chempionlar Ligasida Saudiya Arabistonida «Al-Hilol»ga 0:5 hisobida yutqazganmiz. Sharmandali mag‘lubiyat bo‘lgandi.

– 2000 yillardagi Oliy Liga bilan hozirgi Superliga o‘rtasidagi farq nimada?

– Ijobiy tomonlari – maydonlar sifati yaxshilandi, translatsiyalar ko‘paydi. Avval faqat bitta o‘yinni olib berishardi. Salbiy tomonlari – muxlislar tashrifi kamaygan. Yana avvalgi davrdagi futbol tomoshaboproq edi. Qo‘pol o‘yin bo‘lsa ham, muxlislarga yoqardi.

– O‘zbekiston chempionati tarixidagi eng yaxshi hujumchi kim?

– Oleg Shatskix. 

– Hozirda-chi?

– Legioner Shomurodovni inobatga olmasa, chempionatimizda hujumchi ko‘rmayapman.

– Superligadan kuchliroq chempionatlarga tezroq ketishi, legionerga aylanishi kerak bo‘lgan 3ta futbolchi kimlar?

– Jaloliddin Masharipov («Paxtakor»), Jasur Jaloliddinov («Bunyodkor») va Sanjar Qodirqulov («Bunyodkor»).

– Esda qolarli 3ta golingiz?

– «Navbahor» safida «Nasaf»ga burchak to‘pidan gol urgandim. «Neftchi»ga qarshi safarda derbida urilgan gol va «Nasaf» tarkibida OFK Kubogida jarimadan kiritilgan to‘p.

– 2016 yili «Navbahor»ga murabbiy bo‘lib qaytdingiz. Ya'ni bosh murabbiy Rashid G‘ofurovga yordamchilik qildingiz. Lekin muvaffaqiyatsiz natijalardan so‘ng murabbiylar shtabi tezda iste'foga chiqarildi. O‘shanda jamoaga nima yetishmagan?

– Omad va tajriba yetishmagan. Biroz imkon ham berish kerak edi.

– APLda hatto tanzaniyalik futbolchi o‘ynayapti. O‘zbek futbolchilariga kuchli beshlik ligalarida o‘ynash uchun nima yetishmaydi, deb o‘ylaysiz?

– Agentlar kamligi. Futbolchilarimiz yaxshi reklama qilinmaydi. Lekin bizda ham kuchli futbolchilar ko‘p.

– Superligadagi muxlislik madaniyati va marketing borasida nima deya olasiz?

– Marketing hamma jamoada ham yo‘q. Bularni professional darajaga olib chiqish kerak. Ko‘proq muxlislarni safar o‘yiniga yuborish kerak. Chunki jamoalarga mehmondagi o‘yinlarda qiyin bo‘ladi.

– 2020 yilda Namangan futbolida qanday maqsadlar qo‘yilgan?

– Bolalar futbolini rivojlantirib, «Navbahor» jamoasiga o‘yinchilar yetishtirib berish va klubning Osiyo Chempionlar Ligasiga yo‘l olishida o‘z hissamizni qo‘shishni maqsad qilganmiz.

– Xorij jamoalaridan qay biriga muxlislik qilasiz?

– «Real» jamoasiga.

Suhbatimiz yakunida Mirxoldirshoyevga tanlov uchun turli juftliklar aytildi. Hujumchi juftliklardan faqat bir kishini tanlashi kerak edi.

– Viktor Jalilov yoki Anatoliy Demyanenko?

– Jalilov.

– Baxtiyor Ashurmatov yoki Xayrullo Karimov?

– Karimov.

– Dimitriy Bashkevich yoki Oleg Belyakov?

– Bashkevich.

– Zafar Xolmurodov yoki Baxtiyor Hamidullayev?

– (o‘ylaydi va kuladi) Ikkalasi ham.

A'zamjon Izzatillayev suhbatlashdi,
tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: