Samarqand kulolchilik maktabi: qadim an'analar Konigilda qayta tiklanmoqda (video)

Light 17:39 / 10.03.2020 15405

Samarqandda kulolchilik neolit davridan buyon mavjud bo‘lsa-da, uning eng rivojlangan davrlari eramizning IX–XII asrlarga to‘g‘ri keladi. Sanoat rivojlangan davrga kelib bu soha ancha susaydi, so‘nggi o‘n yilliklarda uning ayrim ko‘rinishlari hatto yo‘qolib ketish xavfi ostida qoldi.

Ana shunday paytda kulollar sulolasini davom ettirib kelayotgan hunarmand oilalar o‘z maktabini tashkil etdi. Ulardan biri – Bobomurodovlar sulolasi. 

Ilhom Bobomurodov yuksak iste'dod egasi bo‘lgan usta kulollardan biri. Uning ustaxonasida bo‘lar ekansiz, butun kulolchilik sohasining jozibasi ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi. Oddiy loydan shu qadar chiroyli san'at asari yaratilishi sizni hayratga soladi.

Terakota va sirlangan idish-tovoqlar, turli ro‘zg‘or buyumlari, ertak-afsona qahramonlari ustaxonaga terib qo‘yilgan. Ayni shu ustaxonada turli ranglarda ishlangan sopol laganlar bugun Samarqanddagi ko‘plab restoranlarda ishlatiladi.

Loydan yaralgan bu asarlarning asosiy ishtiyoqmandlari – sayyohlar.

Sulola davomchilaridan Ilhom Bobomurodovning o‘g‘li Mehrojiddin bizga kulolchilik maktabi haqda qisqacha so‘zlab berdi.

«Qo‘l mehnati bilan yaratilgan buyumlarga butun dunyoda qiziqish juda yuqori. Maktabimizga bugungacha Turkiya, Rossiya, Yaponiya, Qatar va yana ko‘plab mamlakatlardan sohaga qiziquvchilar kelib tajriba almashgan. O‘zimiz ham dunyoning turli davlatlariga borib ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelamiz.

Bizning kulolchilik yo‘nalishimiz Afrosiyob uslubi deyiladi. Dadam bu uslubda kulolchilik maktabini yaratgan O‘zbekiston xalq rassomi, usta kulol Umar Jo‘raqulovning shogirdi hisoblananadi.

Biz ushbu mahsulotlarni ommaviy chiqarishni emas, balki milliy qadriyatlarga tayanib, zamonaviy va qadimiy uslubni mujassam etgan holda saqlab qolishga harakat qilamiz», – deydi u.

Ko‘hna Samarqand va uning atrofidagi tumanlardagi ko‘plab joylarda yerni qazsangiz, sopol bo‘laklari chiqib keladi. Hayratlanarli joyi shundaki, yer ostida asrlar davomida yotgan sopol buyumlar rangini yo‘qotmaydi. Ming yillik buyumlardagi ranglar jilosi hamon saqlanib qolayotgani ham bir sinoat.

Mana shu sinoat haqida xalq orasida turli rivoyat-u afsonalar yuradi. Hattoki «bu ranglarga qon qo‘shilgan», deydiganlar ham yo‘q emas. Aslida, buning siri juda oddiy ekan. Mehrojiddin buni oshkor qildi.

«Siz suratda ko‘rib turgan narsa – aslida Baliqko‘z o‘simligining kuydirilgani. O‘simlik olovda yondirilgach ana shu qoldiq paydo bo‘ladi. U o‘ta yuqori haroratda qaytadan kuydirilgach, o‘ziga xos ishqor paydo bo‘ladi va u ranglarga qo‘shiladi. Shunday qilib, sopol idishlarda asrlar davomida yo‘qolmaydigan ranglar jilolanadi», – deya tushuntirdi usta kulol.

Yana bir ma'lumot: Bobomurodovlarning kulolchilik maktabi Samarqand tumanidagi qadimiy Konigil mahallasida joylashgan. Samarqand tuman hokimligi tomonidan bu yerda qadimiy hunarmandchilikni rivojlantirish uchun Siyob kanali yoqasida yer ajratib berildi. Qadimiy usulda ustaxona barpo etildi.

Konigil – forschada gil, ya'ni sopol yasashda ishlatiladigan tuproqning koni degani. Kulolchilikning ayni shu hududda saqlanib kelayotgani ham bekorga emas ekan. Suv bor, gil shu yerdan chiqadi. Ayni paytda ushbu mo‘'jaz dargoh Samarqandga kelayotgan xorijlik sayyohlarni ham o‘ziga jalb qilmoqda.

Shuhrat ShOKIRJONOV va Anvar MUSTAFOQULOV tayyorlashdi.
Montajchi – Muhammadjon G‘ANIYeV.

Ko‘proq yangiliklar: