Rossiyada prezidentlik muddatini noldan hisoblash taklif qilindi. Putin bunga qarshi emas

Jahon 18:20 / 10.03.2020 62240

«Yoki prezidentlik muddatlari bo‘yicha cheklovni olib tashlashni, yoki qonun loyihasi moddalaridan biriga yangilangan Konstitutsiya kuchga kirganidan keyin amaldagi prezident, boshqa har qanday fuqaro kabi davlat rahbari lavozimiga saylanishi mumkinligi to‘g‘risida band kiritishni taklif qilaman», dedi u.

«Prezidentlik muddatlari bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash kerak, yoki, vaziyat shuni taqozo etsa va odamlar talab qilsa, yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq qonunga amaldagi prezidentning ushbu lavozimga qayta saylanish imkoniyatini kiritish kerak», deya qo‘shimcha qilgan Tereshkova.

Bunday tuzatishlar Rossiyaning amaldagi rahbari Vladimir Putinga 2024 yilgi saylovlarda ham ishtirok etish va 2036 yilgacha yoki umrining oxirigacha Rossiya prezidenti bo‘lib qolish imkoniyatini yaratadi.

Tarixdagi ilk ayol kosmonavt bo‘lgan, hozirda 83 yoshga chiqqan Tereshkovaning bu fikri qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bi-bi-sining Davlat dumasiga yaqin manbalari xabar berishicha, deputatlar uchun Putin qayta saylanishiga to‘siq bo‘lgan cheklovlar olib tashlanishi bo‘yicha takliflar butunlay kutilmaganda yangragan.

Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin esa bunga e'tirozi yo‘qligini bildirdi. «Siz takliflaringiz bo‘yicha tuzatishlaringizni tayyorlashingiz kerak. Prezidentning o‘zi bilan va fraksiyalar rahbarlari bilan maslahatlashish kerak», degan u.

Tanaffus vaqtida Volodin telefon orqali prezident Putinga «Davlat dumasidagi muhokamalar» to‘g‘risida xabar bergan, Putin «Dumaga kelishga va deputatlar qarshisida chiqish qilishga rozilik bildirgan».

Shundan so‘ng u parlament binosiga keldi va chiqish qildi.

Foto: Reuters

U prezidentning vakolat muddatlarini boshidan hisoblashni nazarda tutgan tuzatish Konstitutsiyaviy sud tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, bunga qarshi emasligini bildirdi. 

Vladimir Putin prezidentlik muddati bo‘yicha cheklovlar butunlay olib tashlanishiga rozi bo‘lmadi, shu bilan birga, u prezidentlik muddatini noldan boshlashga qarshi emas: «Aslida bunday variantning imkoni bor, ammo bir shart bilan: agar RF Konstitutsion sudi bunday tuzatish Asosiy qonun tamoyillariga zid kelmasligi to‘g‘risida rasmiy xulosa bersa».

  • Muhokamalar chog‘ida LDPR yetakchisi Vladimir Jirinovskiy 2024 yildan prezidentni Davlat kengashi qarori bilan tayinlashni taklif qilgandi, shuningdek, «Yedinaya Rossiya» partiyasi deputat Aleksandr Karelin 2020 yilning 20 sentyabrida muddatidan avval parlament saylovlari o‘tkazishni taklif qilgandi. Vladimir Putin bu g‘oyalarga qarshiligini bildirdi.
  • Duma Tereshkovaning takliflarini ma'qulladi. Fraksiyalardan faqat kommunistlar qarshi ovoz berishgan.
Ko‘proq yangiliklar: