Koronavirus: Italiyada ko‘chalar bo‘shab qoldi, Janubiy Koreyada ham vaziyat yaxshilanmoqda

Jahon 20:20 / 10.03.2020 56391

Ayni vaqtda barcha ommaviy tadbirlar, shu jumladan, sport musobaqalari noma'lum muddatga qoldirilgan, maktablar va boshqa ta'lim muassasalari yopilgan. Odamlarga uylarini tark etmaslik tavsiya etilmoqda.

Milandagi Duomo sobori qarshisidagi maydon AFP

Fuqarolarni bir joyda to‘planmaslikka chaqiruvlar fonida supermarketlarda uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelgani tasvirlangan suratlar tarqalmoqda.

Provinsiyalar va shaharlar bo‘ylab harakatlanishga faqat ish, tibbiy va boshqa jiddiy shaxsiy sabablar keltirilgandagina ruxsat etiladi. Transport ishlashda davom etadi, ammo politsiya odamlarni to‘xtatish va ular qayerga va nima uchun ketayotganini so‘rash huquqiga ega.

10 mart holatiga ko‘ra, Italiyada virusdan zararlanganlar soni 9172 nafarga yetgan va bu bo‘yicha Xitoydan keyingi ko‘rsatkich qayd etilmoqda. 463 kishi virus qurboni bo‘lgan, yana ikkinchi ko‘rsatkich.

Italiya to‘liq yopildi, Xitoy virusni chekintirdi. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar

Shu bilan birgalikda, Xitoy hukumati so‘nggi kunlarda virus tarqalishi sezilarli darajada pasaya boshlagani, 9 mart kuni butun mamlakatda virusdan zararlanishning 26 holati qayd etilgani va 17 kishi vafot etganini ma'lum qilgan. XXR raisi Si Tszinpin esa epidemiya tarqalishi boshlangan Uhan shahriga tashrif buyurib, koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari bilan muloqot qildi.

Janubiy Koreya esa virusdan zararlanganlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa tushdi - Italiya va Eron oldinga o‘tib oldi. So‘nggi uch kunda Janubiy Koreyada virus tarqalishi sur'ati pasaydi. Hozirda kuniga o‘rtacha 300ta yangi holat qayd etilmoqda, o‘tgan ikki haftada esa har kuni o‘rtacha 500-700 kishida virus aniqlanayotgandi.

Foto: Getty Images

Korean Air aviakompaniyasi bankrotlik yoqasida qolgan, koronavirus tufayli xalqaro reyslar yo‘lovchilari 80 foizga pastlagan.

Koronavirus AQSh isteblishmentida

Amerikalik taniqli respublikachi, texaslik senator, 2016 yilgi prezidentlik saylovlarida Donald Trampga raqib bo‘lgan Ted Kruz o‘zini ihotaladi - u koronavirus yuqtirgan odam bilan qo‘l berib ko‘rishgani ma'lum bo‘lgan.

Ted Kruz / EPA

Prezident Donald Tramp ham fevral oyi oxiridagi o‘sha konferensiyada ishtirok etgan, ammo virus aniqlangan odam bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontaktda bo‘lmagan. U o‘zini juda yaxshi his qilayotganini va test topshirishiga hojat yo‘qligini bildirgan.

Shuningdek, Demokratlar partiyasining Vakillar Palatasidagi yana bir necha vakili ham o‘zini ihotalashga qaror qilgan.

Ted Kruzdan tashqari, arizonalik kongressmen Pol Gozar, jorjiyalik kongressmen Dug Kollinz hamda floridalik kongressmen Mett Gets o‘z xohishi bilan 14 kun muddatga karantinda yashashga rozi bo‘lgan. Ularning barchasi fevral oyi oxirida Merilend shtatida o‘tkazilgan konferensiyada ishtirok etishgandi.

Yaqindagina prezident Tramp apparati rahbari etib tayinlangan respublikachi kongressmen Mark Medouz bu shaxs bilan ko‘rishgan va endilikda karantinda yashamoqda. Unda virusga chalinish alomatlari yo‘q, tahlil natijalari ham u koronavirusga chalinganini ko‘rsatmagan.

Avvalroq vitse-prezident Mayk Pens AQShda yangi kasallanish holatlari ortishi mumkinligidan ogohlantirgandi. U prezident ma'muriyati Kongress bilan bemorlar uchun pul to‘lanuvchi mehnat ta'tili joriy etish bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazilayotganini ma'lum qilgan.

Ayni vaqtda AQShda 34ta shtatda va Kolumbiya okrugida jami 729 kishida virus aniqlangan, o‘limlar soni - 27ta.

10 martga o‘tar kechasi «Grand Princess» kruiz layneri Kaliforniyadagi Oklend shahri portiga kirdi. Bortida 3,5 yo‘lovchi bo‘lgan kema bunga qadar ochiq dengizda 5 kun davomida karantinda qolgandi. Endilikda uning yo‘lovchilarini qirg‘oqqa tushirish boshlandi.

Tibbiy yordam ko‘rsatish talab etilgan yo‘lovchilar shifoxonaga olib boriladi, AQSh fuqarolarining barchasi, ularda kasallik belgilari aniqlanmagan bo‘lsada, Kaliforniya, Texas va Jorjiyadagi harbiy bazalarga 14 kunlik karantinga yuboriladi.

Shu vaqtgacha ekipajning 19 vakili va ikki yo‘lovchida koronavirus aniqlangan. 

Layner ekipaji a'zolari kema bortida karantin holatida qolishadi, yo‘lovchilar evakuatsiyasi yakunlangach, layner Oklend portini tark etadi.

Jahonda yana nimalar bo‘lmoqda?

  • Eronda virus tarqala boshlaganidan buyon eng ko‘p qurbon berildi. Dushanba kuni bu mamlakatda 54 kishi vafot etgan. Ayni vaqtda Eronda virusga chalinganlar soni 8042 nafarga yetdi, qurbonlar 291 nafar.
  • British Airways seshanba kunidan Italiya bilan aviaaloqalarni vaqtinchalikka to‘xtatdi.
Foto: Getty Images
  • Polsha hukumati ommaviy tadbirlar, jumladan, mitinglar va may oyidagi prezidentlik saylovlari munosabati bilan boshqa yig‘ilishlar o‘tkazilishiga taqiq o‘rnatdi.
  • Avstriyada esa yopiq binolarda yuz kishigacha bo‘lgan odam ishtirokidagi tadbirlar, shuningdek, ochiq osmon ostida 500 nafardan ortiq odam ishtirok etadigan tadbirlar bekor qilingan.
  • Chexiyadagi maktablar noma'lum muddatgacha ta'tilga chiqdi. Bolalar bog‘chalari esa hozircha ishlashda davom etmoqda.
  • Kipr poytaxti Nikosiyadagi yirik shifoxona dushanba kunidan yangi bemorlarni qabul qilishni va ambulatoriya sharoitida davolashni to‘xtatdi - shifokorlardan biriga koronavirus tashxisi qo‘yilgan. Ushbu tibbiy xodim 3 mart kuni Britaniyadan qaytgan va so‘nggi besh kun davomida ishlagan.
  • Kanada koronavirusdan ilk o‘lim holati haqida xabar berdi. Vankuverdagi qariyalar uyida yashagan erkak olamdan o‘tgan.
  • Niderlandiya bosh vaziri Martin Ryutte vatandoshlaridan vaqtinchalikka qo‘l berib so‘rashishni to‘xtatishni so‘ragan.
  • Moldovada seshanba kunidan koronavirus tarqalgan mamlakatlar hududidan havo orqali keluvchi xorijliklarning mamlakat hududiga kirishini taqiqladi.
  • Tenerifedagi «Kosta Adexa» mehmonxonasida karantin muddati yakunlandi, ikki hafta muqddam bu yerda Italiyadan kelgan shifokorda koronavirus aniqlangach karantin joryi etilgandi. Mehmonxonaning boshqa mijozlarida virus aniqlanmadi. Sayyohlar izolyatsiya muddati tugashini ziyofat uyushtirib nishonlashdi.
  • Rossiyada hozircha virus keng tarqalmadi: 20 holat, ularning barchasi xorijda zararlangan, birorta o‘lim qayd etilmadi.

So‘nggi ma'lumotlar
Seshanba kungi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘yicha jami 116 460 kishida virusdan zararlanish holati qayd etilgan, shundan 80 761 kishi Xitoyning materik qismida. So‘nggi bir kunda Xitoydan tashqarida virusdan zararlanish bilan bog‘liq 4 mingdan ortiq holat aniqlangan.

Epidemiya boshlanganidan buyon vafot etganlar soni 4091 nafarga yetdi, shundan 3136 kishi Xitoyda. 64 750 kishi sog‘ayib ketgan.

Epidemiya ayni vaqtda 114 davlatga ta'sir ko‘rsatgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar: 
Italiya (9172 holat, 463 o‘lim),
Eron (8042 holat, 291 o‘lim),
Janubiy Koreya (7513 holat, 54 o‘lim), Ispaniya (1650 holat, 35 o‘lim),
Fransiya (1412 holat, 30 o‘lim),
Germaniya (1307 holat, 2 o‘lim)
«Diamond Princess» - 696 holat, 7 o‘lim
Yaponiya - 543 holat, 10 o‘lim
AQSh (729 holat, 27 o‘lim),
Shveytsariya (497 holat, 3 o‘lim),
Niderlandiya (382 holat, 4 o‘lim),
Buyuk Britaniya (373 holat, 6 o‘lim),
Shvetsiya (325 holat)
Belgiya (267 holat)
Norvegiya (252 holat)
Singapur (166 holat)
Avstriya (157 holat)
Daniya (156 holat)
Malayziya (129 holat)
Hongkong (115 holat, 3 o‘lim)
Bahrayn (100 holat)
Avstraliya (103 holat)

Yana o‘nlab davlatlarda 100tagacha holatlar qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: