Angliyada Manchester derbisi, «Barselona»da yana qiyin o‘yin. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 11:02 / 07.03.2020 19798

Bu hafta balki uy yumushlaridan vaqtingiz bo‘lmasligi yoki televizor band bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lsa-da, bayram kunlarida futbol ham zeriktirmasligiga kafolat bor. Manchesterda derbi, Italiyada chempionlik bahsi, Germaniya va Ispaniyada esa, YeChL yo‘llanmasini uchun muhim o‘yinlar bizni kutib turibdi. Italiyalik ikki buyuk murabbiy – Karlo Anchelotti va Antonio Konte ham ushbu turda sobiq jamoalari mehmoni bo‘ladi.

ATLeTIKO – SeVILYa (7 mart, 20:00)
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

Madridning «Atletiko» jamoasi har doim «Real» va «Barselona»ga qarshilik qilishga urinib ko‘rar, mabodo, bu amalga oshmasa ham, uchinchi o‘rin naqd, pastdan katta xavf sezmasdi. Agar mavsum avvalgi yillardagi kabi kechganida, «Atletiko» bu paytga kelib ichki chempionatda «layt» rejimini yoqib olishi va bemalol, kelasi hafta bo‘ladigan «Enfild»dagi og‘ir uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishi mumkin edi. Aynan mana shu ustunlik Simeone jamoasining yevrokuboklarda ancha xavfli ko‘rinish olishini ta'minlardi. Lekin bu mavsum boshqacha o‘tmoqda.

Turnir jadvali, xususan Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda juda katta ahamiyat kasb etadigan o‘yin bizni kutib turibdi. «Sevilya» 46 ochko bilan 3-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, mana shu o‘yindagi mag‘lubiyat uchlarni to‘rtlikdan pastga tushib yuborishi mumkin. «Atletiko» esa 5-o‘rinda bormoqda va jamoa andalusiyaliklardan atigi 2 ochko ortda boryapti, xolos. Shuningdek, bu kurashda «Real Sosedad», «Xetafe» va «Valnesiya» ham borligini e'tiborga olsak, La Ligada bahor juda qiziq kechadi, ishonavering.

Jamoalarning o‘zaro o‘yinlarida, ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda «Atletiko»ning ustunligi yaqqol, ammo qiziq fakt, La Ligadagi so‘nggi uch o‘yin bir xil – 1:1 hisobida tugagan ekan. Qizig‘i, uchala o‘yinda ham mezbon bo‘lgan jamoa dastlab hisobda oldinga chiqib olgan, keyin esa, mehmonlar tenglashtirishgan. «Sevilya» so‘nggi paytlarda juda ko‘p durang o‘ynayotgani, hatto Yevropa Ligasidagi bahslarda ham, ikki durang bilan keyingi bosqichga chiqqanini e'tiborga olsak, bunday hisobga Lopetegi shogirdlari qarshi emasdirlar. Hech bo‘lmasa, bu o‘yindan keyin ham kuchli to‘rtlikdagi o‘rin saqlanib qoladi.

Tarkiblar borasida har ikki jamoada ham sezilarli yo‘qotishlar yo‘q. Poveda va Lemar mezbonlardan, Fernando va Vatslik mehmonlardan, jamoalar o‘yiniga sezilarli ta'sir qiladigan futbolchilar hisoblanishmaydi.

BORUSSIYa M – BORUSSIYa D (7 mart, 22:30)
TV-translatsiya: «Sport TV»

 «Bavariya» yana odatdagidek, bahoriy rejimga o‘tib oldi va qatorasiga g‘alaba qozonishni boshladi. So‘nggi 10 o‘yinda 9 g‘alaba va bir durang. Albatta, bu holatda «Borussiya»larga oson emas, lekin Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashni hech kim bekor qilgani yo‘q. Hozirda jamoalar 46 va 48 ochko to‘plagan holda, 3-4 o‘rinlarni egallab turishibdi, ammo pastdan «Bayyer» ham ta'qib etib kelayotganini e'tiborga olish kerak. To‘rt jamoadan biri («Leypsig» ham bor) yakunda chetga chiqadi, tabiiyki, bu o‘yindagi mag‘lub jamoa o‘z imkoniyatlarini ancha pasaytirib yuborishi turgan gap.

Dortmund ham tanaffusdan keyin yomon ketmayapti, yangi yildan keyin ligada faqat «Bayyer»ga, kubokda esa «Verder»ga yutqazildi, xolos. Ayniqsa, Erling Holandning kelishi hujum chizig‘ini yanada kuchaytirib yubordi. Tarkib va imkoniyatlar borasida «Leypsig» emas, aynan «Borussiya» myunxenliklarga qarshilik qilishga qodir, deb hisoblanmoqda.

Mezbonlarda jarohatlar bo‘yicha muammolar bor. Oldingi chiziqda ancha foydali bo‘lgan Markus Tyuramning bu o‘yinda qatnashishi hamon so‘roq ostida qolmoqda. Shuningdek, Ibrohim Traore va Denis Zakariya ham jamoaga yordam bera olishmaydi. Dortmundliklar safida esa Marko Roys bir oyga safdan chiqqandi. Hozir u tiklanib ulgurgan bo‘lsa-da, hali jamoa bilan shug‘ullanishni boshlamadi. Mats Hummelsning maydonga tushishi ham so‘roq ostida. Bundan tashqari, kelasi hafta Dortmundni Parijga og‘ir safar kutib turganini ham e'tiborga olish kerak. Lyusen Favr o‘sha o‘yin uchun o‘z yulduzlarini asrashga harakat qilishiniyam kutish mumkin.

Jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvlari 1:0 hisobida mezbonlar foydasiga yakunlangan. Shuningdek, Germaniya kubogida ham bu ikki klub to‘qnash kelib, o‘yin dortmundliklarning 2:1 hisobidagi irodali g‘alabasi bilan tugagandi.

BARSeLONA – ReAL SOSeDAD (7 mart, 22:30)

Ikki jamoa o‘yinni turlicha kayfiyatda va bosimda boshlashadi, bu shubhasiz. Sosedadliklar kuni kecha «Mirandes» maydonida kichik g‘alabaga erishib, Ispaniya kubogi finaliga chiqdi. Endi finaldagi basklar derbisida g‘alaba qozonilsa, «Sosedad» 33 yillik tanaffusdan so‘ng ilk sovrin sohibiga aylanadi. «Barselona» esa, aksincha, Madriddagi mag‘lubiyatdan so‘ng, turnir jadvalidagi peshqadamlikni boy berib qo‘ydi, undan oldin ham Neapoldagi o‘yinda jamoa u qadar ishonchli ko‘rinmagandi. Seten tayinlanganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, uning ustida ham «qora bulutlar» keza boshladi. Hatto futbolchilarning Kikega bo‘lgan ishonchsizligi borasida xabarlar tarqaldi. Nafaqat murabbiy, balki Bartomeu boshqaruvi ham muxlislarni qanoatlantirmayapti. «Barselona» 12 yilda birinchi marta mavsumni sovrinsiz yakunlashi ham mumkin. Bu holat 2007/08 mavsumida, ya'ni Gvardiola kelmasidan oldin sodir bo‘lgandi.

Bunday vaziyatda raqib sifatida «Sosedad»ga ro‘baru kelish ham noqulay. G‘alaba hech narsani isbotlamaydi, zero bu jamoaga qarshi oxirgi 9 o‘yinda kataloniyaliklar mag‘lub bo‘lmagan. Ammo g‘alaba qozonish ham qiyin, masalan, «Barselona» oxirgi besh g‘alabasini qiyinchilik bilan, minimal hisobda qo‘lga kiritgan. Birinchi davrada Sosedadda bo‘lib o‘tgan o‘yinda esa, 2:2 hisobi qayd etilgandi.

Bundan tashqari, yuqorida ham eslanganidek, «Real Sosedad»da turnir motivatsiyasi ham bor. Bakslar YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish yo‘lida ham faol kurash olib borishmoqda.

Jamoalar tarkibida yo‘qotishlar yo‘q. Faqat uzoq muddatga safdan chiqqan Dembele va Suaresga endi, Serjio Robertoning jarohati ham qo‘shildi. U oy oxirida safga qaytadi. Mehmonlar tarkibida esa, Aser Ilyaramendi va Diyego Lorente jarohatdan forig‘ bo‘lishsa-da, to‘liq sport formasiga kirib ulgurmadi, katta ehtimol bilan bu futbolchilar kelasi haftadagi o‘yinga tayyor bo‘lishadi.

CheLSI – EVeRTON (8 mart, 19:00)
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

 «Chelsi»ning so‘nggi paytlardagi beqaror natijalarining obektiv sababi ham bor. Lempard shogirdlari bir oy ichida «Lester», «Manchester Yunayted», «Tottenhem», «Bavariya» hamda «Liverpul» bilan o‘ynashdi - bunday taqvimdan omon chiqish uchun o‘ta tajribali va kuchli jamoa bo‘lish talab etiladi. Faqat YeChLdagi imkoniyat yomonlashdi, lekin Angliya kubogida keyingi bosqich hal qilindi, APLda ham «Chelsi» hamon to‘rtlikda bormoqda. Ayniqsa, «Liverpul» ustidan qozonilgan g‘alaba «Chelsi»ning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirgan bo‘lishi tabiiy.

Liverpulning boshqa jamoasi – «Everton» esa so‘nggi paytlarda londonliklar uchun juda noqulay raqib bo‘lib kelmoqda. So‘nggi ikki o‘yinda «Everton» ishonchli g‘alabaga erishgan bo‘lsa, undan oldingi ikki o‘yinda hisob ochilmagandi. Demak, «Chelsi»ning «Everton»ga qarshi g‘alabasiz seriyasi to‘rt o‘yinga yetib ulgurdi.

«Everton»da ham juda qiyin taqvim boshlangan, «Arsenal» va «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinlardan so‘ng, endi «Chelsi». Keyin Liverpul derbisi kutmoqda. Bu uchrashuvlarda «Everton» ancha ishonchli ko‘rinmoqda, «Arsenal»ga qarshi o‘yinda ham, «MYu» bilan  o‘yinda ham Anchelotti shogirdlari bir muddat hisobda oldinda borishdi. «Chelsi» uchun juda jiddiy sinov bo‘ladi, deb bemalol aytish mumkin.

Bundan tashqari, «Chelsi»ning tarkibda juda katta muammolari bor. Kantedan tashqari, Kovachich ham jarohatlangan va uning bu o‘yinda qatnashish ehtimoli kam. Villian va Timmi Abraham haqida ham shunday deyish mumkin. Yosh iqtidorli futbolchi Kallum Hadson-Odoi bir oylik tanaffusdan so‘ng, yana maydonga tushishi mumkin edi, ammo u mashg‘ulotlar vaqtida jarohatini yangilab oldi. Mehmonlar safida Lyuka Din va Morgan Shnayderlin jarohatlanishgan. Sheymus Koulman «MYu»ga qarshi o‘yinni erta tark etdi, u ham bu uchrashuvda maydonga tusha olmasligi haqiqatga yaqinroq.

Darvoqe, Karlo Anchelottining Angliyadagi avvalgi jamoasi «Chelsi» bo‘lganini ham eslasangiz kerak. «Ko‘klar» italiyalik mutaxassis qo‘l ostida 2009/10 yilgi mavsumda APL g‘olibligini ham qo‘lga kiritgandi.

MANCheSTeR YuNAYTeD – MANCheSTeR SITI (8 mart, 21:30)
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»

Manchesterning ikki klubi ham yaxshi kayfiyatda. Pep Gvardiola shogirdlari barcha musobaqalarda qatorasiga besh o‘yinda g‘alaba qozonishdi. Bu yutuqlar «Siti»ga Angliya Liga kubogini, Angliya kubogi chorak finalini va shuningdek, YeChLda «Real»ga qarshi javob o‘yini oldidan ustunlikni taqdim etdi.

Sulsher esa, shogirdlarini yanvar-fevralda yaxshi o‘ynatadigan «jin» ekan. Reshford, Pogba, Maktomini kabi muhim futbolchilarning yo‘qotilishi, go‘yoki, jamoani og‘ir ahvoldan chiqib ketmaydigandek tasavvur uyg‘otgandi, ammo ko‘rib turganimizdek, «Yunayted» 9 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Shu bilan birga, jamoa o‘yiniga barqarorlik kirib keldi. Birinchidan, «MYu» o‘rganib qolganimizdek, chuqur himoyani yorib o‘tishdagi muammolarni yechgan ko‘rinadi, zero 2020 yilning o‘zida jamoa hisobida 4:0, 3:0, 6:0, 5:0, 3:0 hisobidagi g‘alabalar bor. Albatta, bu maydon markazida kreativ futbolchi Bruno Fernandeshning to‘p sura boshlagani bilan ham bog‘liq.

Ikkinchidan esa, himoyada ham ishonchli o‘yin kuzatilyapti – «MYu» yangi yilda 10 o‘yinda o‘z darvozasini daxlsiz saqlashning uddasidan chiqdi. Bu hozir kuchli beshlikdagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir. 2019 yilning 4 oyida «Yunayted» jami bo‘lib 9 o‘yinda o‘z darvozasidan gol o‘tkazmagandi, xolos.

Manchester derbilarida kuzatilayotgan yana bir qiziq jihat, so‘nggi besh yilda mehmonlar yaxshiroq natijaga erishmoqda. «Etihad»da bu davrda «MYu» 4 marta g‘alaba qozondi va 1 durang o‘ynadi, atigi bir marta mag‘lubiyatga uchradi, xolos. «Old Trafford»da esa, aksincha, so‘nggi besh o‘yindan to‘rttasida «Manchester Siti» g‘alaba qozongan. Hatto yaqinda Liga kubogidagi to‘qnashuvda ham hammasi teskari bo‘ldi – «Etihad»da ham, «Old Trafford»da ham mehmonlarning qo‘li baland keldi.

Navbatdagi derbiga Pol Pogba tayyor bo‘lishi haqida xabarlar chiqqandi, ammo Sulsherning matbuot anjumanida aytishicha, bunga hali erta. Shuningdek, Daniyel Jyeymsning maydonga tushishi ham so‘roq ostida. Antoni Marsiyalda kichik jarohat bor edi, lekin u «Derbi»ga qarshi o‘yinda ham qisqa muddatga maydonga tushirildi. Demak, katta ehtimol bilan u derbida ham safda bo‘ladi. Mehmonlarda esa eng katta yo‘qotish – Kevin De Bryuyne o‘ynay olmasligi haqida xabarlar bor. Uning holati biroz mavhum bo‘lsa, Emerik Lyaport yana bir oy sheriklariga yordam bera olmaydi. Yaxshi gaplardan esa, Leroy Sane umumiy tartibda mashg‘ulotlarda qatnashyapti va balki, zaxiradan bo‘lsa ham, mavsumdagi ilk o‘yinida qatnashishi mumkin.

Jamoalarning sport formasi haqida aytsak, «qizillar» Angliya kubogidagi uchrashuvlarini payshanba oqshomida, «Manchester Siti» esa, chorshanba kuni o‘tkazdi. Shu nuqtayi nazardan mezbonlarda jismoniy tarafdan biroz muammo bo‘lishi mumkin.

YuVeNTUS – INTeR (9 martga o‘tar kechasi, 00:45)

Bu o‘yin aslida ikki tur oldin bo‘lishi kerak edi, lekin koronavirus xavfi tufayli, keyinroqqa surilgandi. Xuddi shu sabab bilan, Italiyada navbatdagi tur o‘yinlarining ham aksariyati qoldirildi, jumladan, «Yuventus» Bolonyaga safar qilishi, «Inter» «Sassuolo»ni qabul qilishi kerak edi. Bu o‘yinlar boshqa kunga ko‘chirildi. Paytdan foydalanib, «Yuventus» va «Inter» o‘rtasidagi to‘qnashuv yakshanba oqshomiga belgilandi.

«Latsio»ning o‘yini ham bu turda o‘tkazilmasligini e'tiborga olsak, «Inter» ustidan g‘alaba «Yuventus»ni yana turnir jadvali peshqadamiga aylantiradi. Shu bilan birga, Konte jamoasi ham ulkan bosim borligini ta'kidlash kerak. Sababi, hozirda jamoalarni 6 ochko ajratib turibdi (milanliklarda 1 o‘yin kam) va agar Turinda mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, «Inter» peshqadamdan 9 ochkoga qolib ketadi. Mavsum yakuniga yaqinlashganda bunday farq yuzaga kelishi, amalda jamoani chempionlik kurashidan chiqarib yuborishi ham turgan gap.

So‘nggi yillarda «Inter» asta-sekin kuchayib, kamida Chempionlar Ligasi o‘rinlarini olib kelayotgan bo‘lsa-da, o‘zaro o‘yinlarda turinliklar yaqqol ustunlikka egalar. Xususan, so‘nggi o‘n yilda A Seriya doirasidagi o‘yinlarda «Inter» atigi ikki marta g‘olib chiqqan, xolos. Oxirgi g‘alaba ham 2016 yilning sentyabriga to‘g‘ri keladi. Birinchi davradagi o‘yinda esa, «Yuventus» Iguainning uchrashuv oxirlaridagi goli evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi.

Va tabiiyki, Antonio Kontening raqib murabbiyi sifatida Turinga tashrif buyurishi katta voqea bo‘ladi. «Yuventus»ning Italiyada shu darajaga kelishida va Yevropada ham raqobatbardosh holatiga qaytishida aynan Antonio Kontening ulushi katta.

BOShQA O‘YINLAR

7 mart. LIVeRPUL – Bornmut (17:30), ARSeNAL – Vest Hem (20:00), Byornli – TOTTeNHEM (22:30).

8 mart. MILAN – Jyenoa (19:00), BAVARIYa – Ausburg (19:30), Betis – ReAL MADRID (9 martga o‘tar kechasi, 01:00).

Ko‘proq yangiliklar: