Terma jamoalar tarkibiga sportchilarni saralash tizimi takomillashtiriladi - Hukumat qarori

Sport 17:38 / 05.03.2020 2770

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari va xohish-istaklaridan kelib chiqib, umumta'lim maktablari, oliy ta'lim muassasalarini kamida bittadan ustuvor, istiqbolli, rivojlanayotgan, shu jumladan, milliy sport turlariga ixtisoslashtirish, ixtisoslashtirilgan xar bir tuman (shahar)da iqtidorli yoshlarni sport turi bilan shug‘ullanish uchun sport inshootlarning aniq manzilini belgilash va sport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, iqtidorli sportchilarni sport turlari bo‘yicha terma jamoalar tarkibiga saralash (seleksiya) tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi:

bir oy muddatda umumta'lim maktablarini kamida bittadan ustuvor, istiqbolli, rivojlanayotgan, shu jumladan, milliy sport turlariga ixtisoslashtirish, sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tuman (shahar)larning ta'lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Maktab ligasi” hamda oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Talaba ligasi” musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda musobaqalarni o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni hamda musobaqalar dasturini ishlab chiqadilar va tasdiqlaydilar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tasdiqlangan Nizom va musobaqalar dasturiga muvofiq sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tuman (shahar)larning ta'lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Maktab ligasi” hamda oliy ta'lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Talaba ligasi” musobaqalarini doimiy ravishda tashkil etish va o‘tkazish choralarni ko‘radilar.

Oliy ta'lim muassasalarini sport turlariga ixtisoslashtirish ro‘yxati, respublika tuman (shahar)larini ustuvor, istiqbolli, rivojlanayotgan sport turlariga ixtisoslashtirish bo‘yicha sport inshootlarining manzilli ro‘yxati, sport turlari bo‘yicha sportchilarni saralash (seleksiya) va tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi respublika sport federatsiya (uyushma)lari bilan birgalikda uch oy muddatda umumta'lim maktab o‘quvchilarini sport maktablariga saralash mezonini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Xalq ta'limi vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda:

umumta'lim maktablarida ularning moddiy-texnika bazasidan kelib chiqib, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra bolalar va o‘smirlar sport maktablarining futbol bo‘yicha tarmoq to‘garaklarini tashkil etish;

sport turlari bo‘yicha yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh sportchilarni saralab olish (seleksiya) tizimini yo‘lga qo‘yish (bunda umumiy o‘rta ta'lim maktabida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining sport to‘garaklariga qabul qilingan o‘quvchilar ro‘yxatidan iborat bo‘lgan yagona elektron “Sport to‘garagi” onlayn tizimi yaratiladi), ularni o‘qitish, tarbiyalash va individual xususiyatlarini rivojlantirish, sport sohasidagi qobiliyatini yanada oshirish choralarini ko‘radi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga jismoniy tarbiya va sport muassasalarining moddiy-texnika bazasini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning infratuzilmasini rivojlantirish, xususan:

hududlarda jismoniy tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rish, shu jumladan, sport ta'limi muassasalari xodimlarining jamiyatdagi o‘rnini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;

tuman (shahar)larni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda sport ta'lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish va ularni kuz-qish mavsumiga samarali tayyorlash tadbirlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarining qo‘shimcha mablag‘lari hisobiga hamda homiylar xayriyalari asosida amalga oshirish;

hududlarda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirishga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;

jismoniy tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish muassasalaridagi mavjud muammolarni tezkor va samarali hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: