Rossiyadan Ummongacha. 2020 yilda legionerga aylangan o‘zbekistonlik 12 futbolchi

Sport 15:15 / 03.03.2020 13578

2020 yilgi futbol mavsumi oldidan o‘zbekistonlik bir qator futbolchilar xorijdagi yangi klublarida faoliyat boshlashdi. Tribuna.uz legionerga aylangan futbolchilarimiz transferining muhimligi, chempionati darajasidan kelib chiqib reyting tuzdi.

 1. Oston O‘runov
«Lokomotiv» - «Ufa» (Rossiya)
O‘tish maqomi:
transfer – 150 ming AQSh dollari

2020 yilning eng muhim transferi sifatida Oston O‘runovning Superligamizdan Rossiya Premer-ligasiga yo‘l olganligini ko‘rsatishni lozim topdik. 19 yoshli yarimhimoyachi Toshkentning «Lokomotiv» klubidan Boshqirdistonning «Ufa» klubiga o‘tdi. Vadim Yevseyev ustozligidagi klub bilan Kiprda mashg‘ulot olib borgan O‘runovni Rossiya klubi birinchi haftaning o‘zidayoq o‘z safiga qo‘shib oldi. «Betting Insider»ning yozishicha, «Ufa» klubi O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi uchun Toshkent klubiga 150 ming AQSh dollari to‘lagan. O‘z debyutini nishonlashga ulgurgan O‘runov ayni damda Rossiya Premer-ligasidagi Shomurodovdan keyingi ikkinchi vakilimizga aylandi.

 2. Aziz G‘aniyev
«Nasaf» - «Shabob Al-Ahli» (BAA)
O‘tish maqomi:
transfer – 700 ming AQSh dollari

O‘zbek futbolining yorqin iqtidorlaridan yana bir Aziz G‘aniyev ham nihoyat legionerlik maqomini oldi. O‘zbekiston olimpiya jamoasi yetakchisi Osiyo chempionatidan keyin Qarshining «Nasaf» klubi tomonidan BAAning «Shabob Al-Ahli» klubiga transfer qilindi. Ma'lumotlarga ko‘ra, arab klubi 22 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi uchun Qarshi klubi hisob raqamiga 700 ming AQSh dollari transfer puli o‘tkazib bergan. G‘aniyev BAA klubi safida Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etmoqda, BAA chempionligi uchun kurashmoqda. «Shabob Al-Ahli» ayni damda o‘z chempionatida peshqadam sanaladi.

3. Jamshid Iskanderov
«Lokomotiv» - «Seongnam» (Janubiy Koreya)
O‘tish maqomi:
erkin agent

Toshkentning «Lokomotiv» klubidan legionerga aylangan yana bir futbolchi Jamshid Iskanderov bo‘ldi. 26 yoshli yarimhimoyachi Janubiy Koreyaning «K» ligasi ishtirokchisi «Seongnam» klubiga erkin agent sifatida o‘tdi. Mamlakatning kuchli klublaridan biri, OChL g‘olibi sanalmish bu jamoa O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi bilan 2 yillik shartnom imzoladi. Koronavirus sababli Koreya yuqori divizioni o‘yinlari starti kechiktirilgani bois, Iskanderov hozircha turnirda debyutini o‘tkazgani yo‘q.

 4. Doston Tursunov
«Renofa Yamaguchi» - «Pusan» (Janubiy Koreya)
O‘tish maqomi:
transfer – 100 ming AQSh dollari

O‘zbekiston milliy jamoasiga nomzod futbolchi Doston Tursunovning faoliyatida o‘sish kuzatilmoqda. O‘tgan mavsum Yaponiyaning ikkinchi ligasida «Renofa Yamaguchi» klubi sharafini himoya qilgan 24 yoshli himoyachi Janubiy Koreyaning yuqori divizioniga chiqqan «Pusan Park» klubidan taklif oldi va yanvar oyida shartnoma tuzdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Tursunovning yaponlar bilan yana bir yillik shartnomasi qolgani uchun koreys klubi 100 ming AQSh dollari transfer puli to‘lagan. Jamshid singari Dostonning ham «K» ligadagi debyuti kechikmoqda.

 5. Sardor Mirzayev
«Lokomotiv» - «Muongtong Yunayted» (Tailand)
O‘tish maqomi:
erkin agent

Mavsum oldidan «Lokomotiv»ni tark etgan uchinchi futbolchi Sardor Mirzayev bo‘ldi. 28 yoshli yarimhimoyachi Tailandning «Muongtong Yunayted» klubi safiga erkin agent sifatida qo‘shilib, 2022 yilgacha shartnomaga imzo chekdi. Tailandning «MYu» klubi chempionatning to‘rt turidan keyin 16 jamoa orasida 7-o‘rinda bormoqda. Hamyurtimiz klubi safida 3ta o‘yinga maydonga tushishga ulgurdi.

 6. Jasur Yaxshiboyev
«Paxtakor» - «Energetik» (Belorus)
O‘tish maqomi:
ijara asosida

O‘tgan mavsumning ikkinchi qismini ijara asosida OKMKda o‘tkazgan Jasur Yaxshiboyevni Osiyo chempionatidan (U-23) keyin «Paxtakor» safida qolishi kutilgandi. Ammo amaldagi chempion tarkibdagi raqobat sabab 22 yoshli futbolchini bu safar legionerga aylantirdi. Hujumkor yarimhimoyachi Belorus Premer-ligasi vakili «Energetik» jamoasiga bir yillik ijaraga berildi. Chempionat o‘yinlariga 19 mart kuni start beriladi. Dastlabki turda Yaxshiboyev jamoasi BATEga qarshi maydonga tushadi.

 7. Islom To‘xtaxo‘jayev
«Lokomotiv» - «Shenyang Urban» (Xitoy)
O‘tish maqomi:
erkin agent

«Lokomotiv»ni tark etib legionerga aylangan 4-futbolchi Islom To‘xtaxo‘jayev bo‘ldi. O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Toshkent klubidagi 7 yillik faoliyatidan keyin jamoani erkin agent sifatida tark etib, Xitoyning «Shenyang Urban» klubi safiga o‘tdi. 2019 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy ikkinchi ligasidan birinchi ligasiga chiqqan bu jamoa 2020 yilda Xitoy Superligasiga chiqishni maqsad qilgan. Biroq mamlakatda tarqalgan koronavirus tufayli chempionat o‘yinlari qoldirilganligi bois, To‘xtaxo‘jayev klubi safida debyutini o‘tkazganicha yo‘q.

 8. Xurshid G‘iyosov
«Bunyodkor» - «Anyang» (Janubiy Koreya)
O‘tish maqomi:
erkin agent

«Bunyodkor»ning so‘nggi mavsumdagi yetakchisi Xurshid G‘iyosov ham o‘z faoliyatida ilk marta legionerga aylandi. 24 yoshli hujumkor yarimhimoyachi Toshkent klubi bilan amaldagi shartnomasi yakuniga yetgach, erkin agent sifatida Janubiy Koreyaga yo‘l oldi. G‘iyosov Koreyaning quyi ligasi «K-2» vakili sanalmish «Anyang» klubi bilan shartnoma imzoladi. Ushbu mamlakatda ham o‘yinlar qoldirilgani bois, futbolchimiz hali rasmiy debyutini o‘tkazgani yo‘q.

 9. Shohrux Gadoyev
«Bunyodkor» - «Keshli» (Ozarboyjon)
O‘tish maqomi:
erkin agent

O‘tgan mavsumda Janubiy Koreyadan qaytgach, yarim yil «Bunyodkor» sharafini himoya qilgan Shohrux Gadoyev dekabr oyida Ozarboyjonga yo‘l oldi. Bokuning «Keshli» klubi safiga erkin agent sifatida qo‘shilib, bir yillik shartnoma imzolagan Gadoyev, Ozarboyjon Premer-ligasida 5 o‘yinda maydonga tushib, 2ta golga mualliflik qilishga ulgurdi. «Keshli» 19-turdan keyin 8 jamoa orasida 3-o‘rinni band etib turibdi.

 10. Artyom Filiposyan
«Prachuap» (Tailand) - «Tira Persikabo» (Indoneziya)
O‘tish maqomi:
erkin agent

So‘nggi mavsumlarni sharqiy Osiyo chempionatlarida o‘tkazib kelayotgan yana bir hamyurtimiz Artyom Filiposyan bu safar Tailanddan Indoneziya klubiga o‘tdi. O‘tgan mavsumda «Prachuap» bilan Tailand kubogi sohibiga aylangan Filiposyan mavsum yakunida O‘zbekiston klublaridan taklif olib, ortga qaytgandi. Ammo shartnoma borasida kelishuvga erisha olmagach, moliyaviy jihatdan yaxshi taklif bilan chiqqan Indoneziyaning «Tira Persikabo» klubi bilan bir yillik kelishuvga erishdi. 31 yoshli himoyachi tez orada klubi safida debyutini o‘tkazadi.

 11. Andrey Sidorov
«Paxtakor» - «Xo‘jand» (Tojikiston)
O‘tish maqomi:
ijara asosida

So‘nggi mavsumlarni «Qizilqum», «Qo‘qon-1912» jamoalarida ijara asosida o‘tkazgan Osiyo chempioni Andrey Sidorov faoliyatida ilk marta legionerga aylandi. 24 yoshli hujumchi «Paxtakor»dan Tojikistonning «Xo‘jand» klubiga bir yillik ijaraga berildi. Sidorovning debyuti omadli chiqdi. OFK Kubogi pley-off bahsida Qirg‘izistonning «Neftchi» klubini (3:0) mag‘lub etgan xo‘jandliklar guruh bosqichiga yo‘llanma olishdi.

Qayd etish joiz, Sidorovdan tashqari Tojikistonning o‘tgan mavsumdagi vitse-chempioni safiga Ma'mur Ikromov («Lokomotiv»), Sanjar Rixsiboyev («Bunyodkor»), Siroj Hamroyev («Dinamo») singari hamyurtlarimiz to‘p surishmoqda.

 12. Pavel Purishkin
«Oqtepa» - «Oman FK» (Ummon)
O‘tish maqomi:
erkin agent

O‘tgan mavsumda Pro-liga bahslarida to‘purarlar qatoridan joy olgan «Oqtepa» klubi hujumchisi Pavel Purishkin bu safar ham o‘zi uchun yangi mamlakatni kashf etishni istagan ko‘rinadi. O‘tgan yillar davomida Qozog‘iston, Malayziya, Indoneziya klublarida to‘p surib qaytgan 31 yoshli hujumchi bu safar Ummonning «Oman» klubi bilan yarim yillik shartnomaga imzo chekdi. Klubi safida debyut qilishga ulgurgan Pavelning jamoasi 20-turdan keyin Ummon chempionatida 16 jamoa orasida 14-o‘rinni egallab turibdi. Purishkin o‘tkazilgan 3 o‘yinda 3ta golga mualliflik qildi.

 Usmon IBODOV

Ko‘proq yangiliklar: