Vinisius: Messidan o‘zdi, Ronalduga taqlid qildi va klasikoda g‘olib bo‘ldi

Sport 12:12 / 02.03.2020 22630

Ispaniya chempionati, 26-tur
«Real» — «Barselona» — 2:0 (0:0)
Gollar: Vinisius Junior, 71 (1:0). Dias, 90+2 (2:0).
«Real»: Kurtua, Karvaxal, Varan, Serxio Ramos, Marselu, Valverde (Vaskes, 86), Kazemiro, Kroos, Isko (Modrich, 79), Benzema (Dias, 90+1), Vinisius Junior.
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu, Pike, Yumtiti, Jordi Alba, Buskets, de Yong, Artur (Rakitich, 80), Messi, Grizmann (Fati, 81), Vidal (Breytueyt, 69).
Ogohlantirishlar: Vinisius Junior, 10. Karvaxal, 19. Jordi Alba, 19. Messi, 85.
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya).
1 mart. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.

O‘yindan avval «Real»ning sobiq futbolchisi, keyin klub direktori ham bo‘lgan Xorxe Valdano bu klasikoga «cho‘loqlar poygasi» deb ta'rif bergandi. Argentinalik qisman haq bo‘lib chiqdi — birinchi bo‘lim davomida ko‘p futbolchilar shunday ko‘rinishdi ham.

Birinchi bo‘lim oxirida Grizmann, Vidal va Messi Marselo va Varanga qarshi «3ga 2» vaziyatida qolishdi, ammo bu hujum argentinalik hujumchining kuchsizgina zarbasini Kurtua qaytarib yuborishi bilan yakunlandi. Bir daqiqa o‘tib esa xuddi shunday hujum «Real» tomonidan uyushtirildi, ammo bu hujum Vinisiusning xato pasi raqib oyoqlaridan qaytishi bilan yakunlandi. Holbuki bunday hujum odatda zarbagacha yetib boradi.

Barbod bo‘lgan birinchi bo‘lim
Birinchi bo‘limda hech kim kutmagan statistika: «Real» forvardi Vinisius XXI asrdagi klasikolarning eng yosh gol muallifi bo‘ldi (19 yoshu 233 kun). Avvalgi rekord Messiga tegishli edi (19 yoshu 259 kun).

Nega kutilmagan? Birinchi bo‘limdagi o‘yiniga qarab braziliyalik futbolchi gol urishiga ishonish qiyin edi. Angliya futbolida bunday futbolchilarni shunday atama bilan atashadi — «boshsiz tovuq». Har bir fermerga ma'lumki, tovuqni so‘yish vaqtida uni qattiq ushlab turish kerak — aks holda u bir necha daqiqa davomida boshsiz ham chopib yurishi mumkin. Vinisius birinchi bo‘limda ko‘rsatgan o‘yin ham uyoqdan buyoqqa behuda chopishdan iborat bo‘ldi.

U haddan tashqari faol edi. Uning harakatlari xaritasiga qarab, chap qanotda u bosib o‘tgan yo‘llar bilan qamrab olinganini ko‘rish mumkin. U o‘ng qanotga ham yugurdi, faqat maqsadsiz. Buni yakuniy raqamlar ham tasdiqlaydi: Vinisius 12 marta dribling ishlatgan, faqat 4tasi muvaffaqiyatli chiqqan. Aldab o‘tishlar soni bo‘yicha o‘yinda ikkinchi o‘rinni Artur egallagan, ammo uning natijasi besh urinishda amalga oshgan. Braziliyalik futbolchi nimaga urindi? U nima uchun raqib «Barselona» ekanini hisobga olmasdan, tajribali futbolchilarni aldab o‘tishga urindi?

Kroosning pasi
Vinisius ikki jamoa natijalari bo‘yicha ham to‘p yo‘qotishlar bo‘yicha maydondagi eng yomon futolchi edi (20 marta), u yakkakurashlarda yutib chiqish bo‘yicha eng yomonlardan biri bo‘ldi (27 foiz). Ammo u duelga necha marta kirishdi deng? 22 marta! Tabiiyki, bu o‘yindagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Ikkinchi o‘rindagi Nelson Semedu 16 marta to‘p uchun kurashgan.

Bu hayratlanarli va turli raqamlar Vinisius o‘yinidagi rang-baranglikni ko‘rsatadi: u juda faol bo‘ldi, ammo ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida uning foydalilik ko‘rsatkichi deyarli nolga teng edi, braziliyalik futbolchi shunchaki chang chiqarib o‘ynardi. Energiya ko‘p bo‘lishi yaxshi. Ammo undan to‘g‘ri foydalanish kerak. Madridliklar baxtiga uni to‘g‘ri yo‘naltiradigan futbolchi topildi.

Vinisius, albatta, g‘alaba goli muallifi, ammo bu golni Kroos o‘ylab topdi. Shunchaki o‘ylab topmadi — u hatto raqibga bu gol qanday urilishini oldindan ko‘rsatib turdi! Gol urilishidan bir necha lahza oldin Kroos to‘p bilan to‘xtab turdi va Vinisiusga qayerga chopishni qo‘li bilan ko‘rsatdi. Germaniyalik futbolchining harakatini «Barselona» futbolchilari ko‘rib turgan bo‘lishsada, uning uzatmasi kerak vaqtda kerakli joyga yetib bordi. Vinisius to‘pni egalladi va ter Shtegenning yaqin burchagini nishonga oldi. Bu vaziyatda ham unga yordam berishdi — u rikoshet uchun Pikega rahmat aytishi kerak.

Krishtianu reveransi
Vinisius Messining rekordini yangiladi, albatta uning o‘zi bu gol ahamiyatini gol urganida ham bilmagan. Qiziq tomoni, braziliyalik futbolchi muvaffaqiyatini Krishtianu Ronaldu kabi nishonladi.

Portugaliyalik futbolchi o‘yinni stadionda kuzatish uchun Madridga uchib kelgandi, u sobiq jamoadoshlarini qo‘llab-quvvatlash uchun tanaffusda kiyim almashtirish xonasiga ham tashrif buyurdi. Bu haqda o‘yindan keyin Vinisius aytib berdi: «Krishtianu birinchi bo‘limdan keyin oldimizga kirdi, bizga ruhiy dalda bo‘ldi, bu jamoaga yordam berdi. Shuning uchun ham men golni u kabi nishonladim. Ronaldu — maydonda ham, maydon tashqarisida ham g‘olib».

Vinisius uchun Krishtianu ko‘p narsani anglatadi, axir u Zinedin Zidan boshqaruvi davrida avval portugaliyalik yorqin damlarini o‘tkazgan pozitsiyada harakatlanmoqda. Albatta, Ronalduning o‘rnini hech kim to‘liq bosolmaydi — na Vinisius, na Beyl va na Azar. Braziliyalik futbolchi uchun bu o‘yin faoliyatidagi hozircha eng yorqin voqea bo‘ldi. Shu tufayli u goldan keyin «Qirollik klubi» ramzini o‘pdi, o‘yindan keyin ham bu haqda gapirdi: «Bu «Real»dagi eng yorqin oqshomim. Men bu kechani hech qachon unutmayman».

Seten Messining dahosiga umid qilishi qolgandi. Ammo Leo «Santyago Bernabeu»da yo‘qolib qoldi. Balki u Ronaldu tashrifi tufayli o‘zini yo‘qotib qo‘ygandir? Argentinalik futbolchi birga-bir vaziyatlardan foydalana olmadi, Marselo o‘zini quvib yetishiga imkon berdi va Kazemiroga taktik fol ishlatgani uchun sariq kartochka oldi. Boshqa hech narsa ko‘rsata olmadi.

Foto: Reuters

Tanaffusdan keyin u faqat bir zarba berish va bir hujumni rivojlantiruvchi pas uzatish bilan cheklandi. Bu mavsumda Primera o‘yinida ilk marta maydonga chiqqan Mariano Dias hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirgach esa, «Real» birinchi o‘ringa qaytishi aniq bo‘lib qoldi.

Ko‘proq yangiliklar: