Tokio-2020 Olimpiadasi koronavirus tufayli tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi mumkin

Sport 16:34 / 02.03.2020 4632

Britaniyaning Daily Mail nashri koronavirus tufayli Tokio-2020 Olimpiadasining tomoshabinlarsiz o‘tkazilish ehtimoli borligi haqida yozmoqda, deb xabar beradi Lenta.ru.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ), shuningdek, bir qator milliy sport federatsiyalari rahbarlari Olimpiadani tomoshabinlarsiz o‘tkazishni muhokama qilishyapti. Bunda musobaqalarga faqat teletranslatsiyalarni ta'minlovchi xodimlarni kiritish rejalashtirilmoqda. Bu choralar o‘yinlarni ko‘chirish yoki butunlay bekor qilishga muqobil variant sifatida ko‘rilmoqda. Shuningdek, ko‘p million dollarli TV shartnomalarini bajarish imkonini beruvchi chora sifatida baholanyapti.

20 fevral kuni London meri bo‘lishga nomzod Shon Beyli Olimpiadani Buyuk Britaniya poytaxtiga ko‘chirishni taklif qilgan edi. Shundan so‘ng Tokio gubernatori Yuriko Koike uning so‘zlarini koronavirus mavzusidan siyosiy maqsadlarda foydalanishga urinish deb baholadi. 

2 mart holatiga koronavirusdan dunyo miqyosida 3044 kishi vafot etdi. Ularning 3 mingga yaqini Xitoy fuqarolaridir. Qolgan o‘lim holatlari Eronda (54 kishi), Italiyada (30 kishi), Janubiy Koreya va Yaponiyada qayd etilgan.

Tokio Olimpiadasi 24 iyuldan 9 avgustgacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Yaponiya mamlakati musobaqani tashkil qilish uchun 12 milliard dollar sarflagan.

Ko‘proq yangiliklar: