Bundesliga o‘yinida futbolchilar 15 daqiqa vaqt cho‘zishdi – shov-shuvli mojaro tafsilotlari

Sport 14:13 / 02.03.2020 20834

29 fevral kuni Germaniya chempionatining 24-turidan o‘rin olgan «Hoffenhaym» - «Bavariya» o‘yinida muxlislar kamdan-kam yuz beradigan voqeaning guvohi bo‘lishdi. Bahsning so‘nggi 15 daqiqasini har ikkala jamoa o‘yinchilari futbol o‘ynamasdan, vaqt cho‘zib, to‘pni bir-birlariga oshirgan holda o‘tkazishdi. Quyida buning o‘ziga xos sabablari haqida mulohaza yuritishga urinib ko‘ramiz.

«Bavariya» o‘yinda katta ustunlikka erishdi va buni hisobda aks ettira oldi. 62-daqiqaga kelib, myunxenliklar 6:0 hisobida oldinda edilar. Tabiiyki, o‘yinning taqdiri allaqachon hal bo‘lgandi. Ammo shov-shuvli va g‘alati voqealar shundan so‘ng yuz berdi.

66-daqiqada «Bavariya» fanatlari «Hoffenhaym» prezidenti sha'niga haqoratli so‘zlar yozilgan - «Ditmar Hopp hamon fohishaning o‘g‘li» degan bannerni ko‘tarishdi. Shundan so‘ng, o‘yin to‘xtatildi. «Bavariya» futbolchilari va murabbiylari muxlislarni tinchlantirishga harakat qilishdi. Natijada, banner olib tashlandi, o‘yin esa davom ettirildi.

Bir necha daqiqa o‘tgach, fanatlar «Sen fohishaning o‘g‘lisan» degan so‘zlar yozilgan yana bir bannerni ko‘tarishdi. Unda «Hoffenhaym» prezidentining ismi-sharifi bo‘lmasa-da, «Du Harensohn» gapidagi D va H harflari boshqacha rangda yozilgan, ya'ni Ditmar Hoppga ishora borligi ravshan edi. Natijada bosh hakam ikkinchi marta o‘yinni to‘xtatdi va «Hoffenhaym» futbolchilari bilan kiyim almashtirish xonasiga kirib ketdi.

«Bavariya» futbolchilari, murabbiylari, hatto sport direktori Hasan Salihamijich, bosh direktor Oliver Kan yana muxlislarni tinchlantirishga harakat qilishdi. Tribunada voqeani kuzatib o‘tirgan Ditmar Hopp va «Bavariya» rahbari Karl-Hayns Rummenigge maydonga tushishdi. Futbolchilar esa kiyim almashtirish xonasiga yo‘l olishdi.

10 daqiqadan so‘ng har ikkala jamoa maydonga qaytdi va misli ko‘rilmagan voqea yuz berdi. Futbolchilar so‘nggi 15 daqiqani maydonda bir-biriga to‘p oshirish bilan o‘tkazishdi, final hushtagi yangragunga qadar vaqt cho‘zishdi.

O‘yin tugagach, barcha futbolchilar mezbon muxlislar o‘tirgan tribunalar oldiga borib, ularni olqishlashdi. Hopp va Rummenigge bir-birini quchoqlab, yupatishdi. Bundesligada mavsumning eng shov-shuvli o‘yini shu tarzda yakunlandi.

Hopp nega muxlislar nafratiga uchradi?

Ditmar Hopp – Germaniyaning eng boy kishilaridan biri, yoshligida «Hoffenhaym» tarkibida o‘ynagan. 1990 yilda esa klubni sotib olgan. Shu vaqtdan beri Hopp sevimli jamoasiga yuzlab million yevro mablag‘ sarfladi, kichik qishloq klubini Bundesligaga va Yevropa maydonlariga olib chiqdi. Xo‘sh nega u muxlislar tomonidan haqorat qilindi?

Gap shundaki, Germaniyada bir kishi xo‘jayinlik qiladigan klublarni yoqtirishmaydi. Bu mamlakatda 50+1 qoidasi amal qiladi, ya'ni klub direktorlari kengashidagi o‘rinlarning yarmidan ko‘pi klub vakillariga tegishli bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, klubning kamida 50 foiz (+1 dona) aksiyasiga klub vakillari egalik qilishi shart. Soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, yakka shaxs klubga xo‘jayinlik qilishi mumkin emas. Hopp esa bu qoida amalga kiritilgunga qadar (1998 yili) klubni sotib olgan. 2015 yilda esa uning 96 foiz aksiyasini qo‘lga kiritishga ruxsat olgan.

Qayd qilish joizki, Hoppga qarshi norozilik tadbiri birinchi marta uyushtirilayotgani yo‘q. Avvalroq, Myonxengladbaxning «Borussiya» klubi fanatlari ham haqoratli bannerlarni ko‘tarishgan edi. Natijada «Hoffenhaym» ularga o‘z stadioni eshiklarini uch yilga yopdi.

50+1 qoidasi haqida: Bundesliga klubini hech kim sotib ololmaydi

Germaniya futboli qoidalariga ko‘ra, klub boshqaruvidagi a'zolarning 51 foizi faqat shu klubga aloqador shaxslar – futbolchilar, murabbiylar, xodimlar bo‘lishi shart. Aksiyalarining 50 foizidan ortig‘i ham klub a'zolariga tegishli bo‘lishi kerak. Ya'ni, klubning taqdiriga aloqador qarorlarni qabul qilish faqat shu klubning a'zolari vakolatida bo‘ladi.

50+1 qoidasiga ko‘ra, homiylar, investorlar boshqaruv hay'atiga kirishi mumkin, ammo klub strategiyasini belgilay olmaydi. Ular pul berish evaziga o‘z reklamalarini stadion ichiga, atrofiga qo‘yishga, futbolkalarda aks ettirishga haqli xolos. Bundan ortig‘i emas. Boshqacha aytganda, arab neft-gaz magnatlari uchun Bundesliga eshiklari yopilgan. Ikkinchi Shayx Mansurga Germaniya chempionatida o‘rin yo‘q.

Misol uchun, «Bavariya»ning 75 foiz aksiyasi klub a'zolariga tegishli. Klub bilan hamkorlik qiladigan Adidas, Audi, Allianz kompaniyalarining har biri 8,33 foiz aksiyaga ega xolos. Ya'ni, homiylar faqat pul beradi, klubning siyosatiga aralashmaydi, transferlariga umuman ta'sir qilolmaydi. Shunga rozi bo‘lsagina, homiylikka qabul qilinadi.

Qoidadan istisnolar

Ditmar Hopp 26 yil davomida «Hoffenhaym»ga jami 350 mln yevro investitsiya kiritdi. 2015 yilda esa 96 foiz aksiyasini sotib olish huquqiga ega bo‘ldi.

«RB Leypsig» klubining 99 foiz aksiyasi «Red Bull» kompaniyasiga tegishli. Shu sababli nemis fanatlari bu klubga alohida «nafrat o‘qlarini» otishadi. «RB Leypsig» klubi energetik ichimlikni sotish uchun tashkil qilingan tijorat loyihasi», deb ta'na qilishadi.

Martin Kind 20 yildan beri «Hannover» klubiga investitsiya kiritib kelmoqda. Yaqinda u klubning 51 foiz aksiyasiga egalik qilish uchun sud tomonidan ruxsat oldi. «Agar men qo‘llab-quvvatlamaganimda bu klub 5-divizion tubida o‘ralashib yurgan bo‘lardi», deydi Kind. Qayd qilish joizki, uning gapida jon bor. 1997 yili «Hannover» bankrotlik yoqasiga kelib qolganida Kind unga yordam qo‘lini cho‘zgan va qutqarib qolgan.

Ditmar Hopp, «RB Leypsig» klubi va Martin Kindning nemis muxlislarining qahriga uchragani sabablari shu. Germaniyada futbol orqali biznes qiladiganlarni yoqtirishmaydi.

Nega 50+1 tarafdorlari ko‘p?

Iordaniyalik millioner Hasan Ismaik «Myunxen 1860» klubini Chempionlar Ligasiga olib chiqmoqchi edi. Amalda esa shubhali transferlarni amalga oshirdi, 7 yilda 11 murabbiyni almashtirdi, tushunarsiz menejmentni joriy qildi. Natijada jamoa hududiy liga tubiga tushib ketib, professional maqomidan ayrildi. Buni «vakolati cheklangan» odam qildi. Agar Ismaik to‘liq hokimiyatga ega bo‘lganida, nima yuz berishini hatto tasavvur qilish qiyin. Bunday misollar talaygina.

Nemis futbolida islohotlar yuz beradimi?

Yaqin orada emas. Nemis fanatlari katta investordan hayiqishadi. Uning faqat foyda uchun kelishidan, klubni rasvo qilib ketishidan cho‘chishadi. Germaniya stadionlarida oyoq bosgani joy topolmaysiz – har doim anshlag. Buning sababi – boshqaruv kengashida hech kim muxlislarga qarshi borolmaydi, chiptalar narxini oshirish yoki o‘yinni dushanba kuniga ko‘chirish uchun ovoz bermaydi. Chunki rahbarlar – shu klubning a'zolari, muxlisi. Birinchi navbatda zarba o‘ziga qaratilishini juda yaxshi tushunishadi.

«Investorlarning ko‘pchiligi pul ilinjida keladi. Agar ish yurishmay qolsa, uni qayerdan olishadi? Albatta muxlislar cho‘ntagidan», - deydi «Borussiya Dortmund» boshqaruv raisi Hans-Yoaxim Vatske.

«Hoffenhaym»ga qarshi o‘yindagi haqoratli bannerlar «Bavariya»ning eng katta «Shikeriya» fanatlar guruhi tomonidan ko‘tarilgani ma'lum bo‘ldi. Shundan so‘ng, myunxenliklar ularni rasmiy fan-klub maqomidan va mavsumiy chiptalardan mahrum qilmoqchi ekani haqida mish-mishlar tarqaldi. «Futbolda nafratga o‘rin yo‘q», demoqda «Bavariya». Ammo klub rahbariyatida muxlislar ham borligini inobatga oladigan bo‘lsak, bu voqealarning yuz berish ehtimoli past.

Nemis Futbol Ittifoqi esa jazoni qo‘llashi tabiiy, chunki o‘yin 2 marta to‘xtatildi. Ammo bu choralar Hopp, «RB Leypsig» yoki Kindga qarshi «nafrat tadbirlari»ni kamaytirmasa kerak. Germaniyada futbolning sport turi sifatida «toza» bo‘lib qolishini istashadi.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: