«Nasaf» chempion bo‘la oladimi? «Ajdarlar»ning yangi mavsumga tayyorgarligi haqida

Sport 20:14 / 29.02.2020 9427

«Nasaf» jamoani yetakchilar tark etishiga o‘rganib qolgan. Har mavsum boshida Berdiyevning bir qator shogirdlari boshqa jamoalarga o‘tib ketadi. Joriy mavsumda ham bu «an'ana» saqlanib qoldi. «Nasaf»ni o‘tgan mavsum tugagach Aziz G‘aniyev, Humoyun Murtazoyev, Sardor Abduraimov, Islom Rashidxonov, Xurshid Muxtorov, Umar Eshmurodov kabi yetakchilar tark etdi. Ular orasida ayniqsa ikki futbolchini alohida ta'kidlash kerak. Umar Eshmurodov jamoa sardori, Aziz G‘aniyev esa asosiy yulduz edi.

Ro‘ziqul Berdiyev bu futbolchilarning o‘rnini asosan mavjud futbolchilar yordamida to‘ldirdi. Himoya markazida Umar Eshmurodovning o‘rnini Husniddin Aliqulov egalladi, Aziz G‘aniyev o‘rniga endi Oybek Bozorov pleymeykerlik qiladi. Berdiyev maydon markazidagi G‘aniyev va Abduraimov ketgach paydo bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirish uchun Dilshod Rahmatullayevni jamoaga chaqirdi. Bir necha mavsum avval ham «Nasaf»da o‘ynagan Dilshod «Andijon»ni tark etib Qarshiga keldi.

Shuningdek bosniyalik Dilaver Xaris ham «Nasaf» bilan shug‘ullanmoqda. Har qancha futbolchilar boshqa klublarga o‘tib ketmasin «Nasaf»da yaxshi tarkib shakllangan. Hozir klubda har bir chiziqda ikki nafardan nomzod bor.

Mavsum oldidan fikrlarini bilish uchun Ro‘ziqul Berdiyevga yuzlandik: «Mavsumga imkon qadar yaxshi tayyorlandik. Futbolchilar yig‘ilishi qiyin bo‘ldi. Avvaliga olimpiya jamoasining Osiyo chempionatida ishtiroki sabab ko‘pchilik futbolchilarimiz biz bilan shug‘ullana olishmadi, keyin legionerlar keldi. Turkiyadagi yig‘inga asosiy e'tiborni qaratdik, u yerda barcha futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini bir xil holatga keltirish ustida ishladik.

Biz mavsum oldidan yaxshi o‘yinchilarni yo‘qotdik, ammo bu futbol. Jamoadan ketganlar o‘rnini to‘ldirish uchun futbolchilar jalb qildik. Markazda Aziz G‘aniyevning o‘rnini to‘ldirish uchun Dilshod Rahmatullayev va yana bir legioner futbolchi keldi. Ketgan yigitlarning o‘rnini imkon qadar to‘ldirdik. Yana bir qator futbolchilarni kuzatyapmiz.

Chempionlik? Vaziyatga real qarash kerak, «Paxtakor» qolganlardan ancha ustun. Ammo biz natijalarimizni yaxshilash uchun harakat qilamiz. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, yuqori maqsadlar uchun kurashamiz».

«Nasaf» biz borgan kuni mashg‘ulotni o‘rinbosarlar jamoasining maydonida o‘tkazdi. Mashg‘ulot jarayonidan chiqib klubning stadioniga bordik va Qarshidagi «Markaziy» stadioni mavsumga tayyorligini ko‘rdik. O‘zbekistondagi eng ajoyib arenalardan bo‘lgan «Nasaf» stadioni chindan juda chiroyli. Ayniqsa tepadan qaraganda.

Shu o‘rinda «Markaziy» nomini olgan stadion haqida ikki og‘iz. Qarshi shahri Mustaqillik ko‘chasi 5-shoh ko‘chada joylashgan stadion 2006 yil foydalanishga topshirilgan bo‘lib 2009 yilda «Nasaf» ixtiyoriga o‘tgan. 2017 yilda to‘liq rekonstruksiyadan chiqarilgan bu arena 21 ming muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. 2011 yil «Nasaf» OFK kubogi finaliga Quvaytning «Al Quvayt» klubini aynan «Markaziy»da mag‘lub etgan. Bu ajoyib stadionda muxlislarini ko‘p marta xursand qilgan «Nasaf»ga yangi mavsumda omad tilaymiz.

Shuhrat Shokirjonov, O‘tkir Jalolxonov
Montajchi Faxriddin Hotamov

Ko‘proq yangiliklar: