«Yuventus» yutqazdi, Ronaldu Messidan yomonroq o‘ynadi

Sport 14:50 / 27.02.2020 13505

«Lion» — «Yuventus» — 1:0 (1:0)
Gol: Tuzar, 31.
«Lion»: Antoni Lopesh, Marselu, Denayyer, Dyubua (Tete, 78), Marsal, Tuzar, Auar, Gimarayns, Dembele, Korne (Annersen, 81), Toko-Ekambi (Terre, 66).
«Yuventus»: Shchensni, Bonuchchi, Danilu, Aleks Sandru, de Ligt, Pyanich (Remsi, 61), Rabo (Bernardeski, 78), Bentankur, Krishtianu Ronaldu, Kuadrado (Iguain, 70), Dibala.
Ogohlantirishlar: Marselu, 28. Korne, 61.
Hakam: Xil Mansano (Ispaniya).
26 fevral. Lion. «Lyumer» stadioni.

Fransuzlar taktikasi
O‘yinga bir necha kun vaqt qolganida «Lion» bosh murabbiyi Rudi Garsiya Ronalduni qanday to‘xtatish bo‘yicha savolga hazil bilan javob qaytargandi: «U chegarada qolishi kerak, chunki u Lionda o‘ynashni istamasligi mumkin». Garsiya Krishtianu bo‘yicha alohida reja tuzishdan ma'no yo‘qligi, «Yuve» boshqa kuchli futbolchilar ham — Dibala, Iguain va boshqalar borligini aytgandi...

«Lion» chindan ham portugaliyalik yulduz uchun maxsus taktika tuzmadi, ammo «Yuventus»ga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rildi. Garsiya vaqtida fransuzlar jamoasi to‘rt himoyachi bilan o‘ynashga odatlandi, jamoa bu mavsumda uch himoyachi bilan maydonga chiqqan o‘yinlarida yutqazgan, masalan — «PSJ»ga qarshi uy o‘yinida (0:1) va «Sent-Eten»ga qarshi safar o‘yinida (0:1). Derbidagi mag‘lubiyatdan keyin («Sent-Eten») «Lion» Silvinoni bosh murabbiylik lavozimidan bo‘shatdi va Rudi Garsiyani tayinladi. Uning boshqaruvi jamoa to‘rt himoyachi bilan harakatlangan o‘yinlarida yutqazmadi.

Ammo o‘tgan turda Garsiya tajriba qildi — «Lion» 3-4-1-2 sxemasida o‘ynadi va safarda «Mets»ni mag‘lub etib, chempionatda to‘rt o‘yin davom etgan g‘alabasiz seriyasiga yakun yasadi. Chorshanba kuni jamoa yana uch himoyachilik sxemada maydonga chiqdi va yana g‘alaba qozondi.

Yangi futbolchining ta'siri
Ehtimol, Garsiya futbolchilarning bu tariqa joylashuvini «Yuventus»ga qarshi o‘yin uchun tayyorlamagandir, ammo «Mets»ga qarshi o‘yinga «Lion»ning yangi xaridi Brunu Gimarayns maydonga tushishga tayyor bo‘ldi. Bu 22 yoshli markaziy yarimhimoyachi ajoyib texnikaga ega, «Arsenal» va «Atletiko» klublari qishda uni «Atletiko Paranaense»dan sotib olishga rosa harakat qilishdi, ammo «Lion» sport direktori Juninoning aloqalari va bergan va'dalari ushbu transferni hal qildi. Brununi eslab qoling — bu yosh havbekni katta kelajak kutmoqda.

Tuzar va Gimarayns / Squawka Football

Gimarayns o‘yindagi yagona gol muallifi bo‘lgan Tuzar bilan birgalikda maydon markazida hukmronlik qildi va ular «Yuventus» yarimhimoyachilari Pyanich, Rabo va Bentankurga aylanib olishga ham imkon berishmadi. Aynan maydon markazi egallanishi o‘yin taqdirini hal qildi. Gimarayns o‘z jamoasida barchadan ko‘proq aniq uzatma bergan futbolchi bo‘ldi, uning o‘yin mobaynida bergan barcha uzatmalari soni raqibning istalgan yarimhimoyachisinikidan ko‘proq edi. U gol yoki golli pas muallifi bo‘lmagan bo‘lsada, ko‘rsatkichlari shunchaki ajoyib: raqib hududidagi paslarining 96,4 foizi aniq (o‘yindagi eng yaxshi ko‘rsatkich), 68 marta to‘pga teginish, u butun maydon bo‘ylab harakat qilgan («Lion» futbolchilari orasida eng yaxshi ikkinchi ko‘rsatkich), 4 marta to‘pni raqibdan olib qo‘ygan (o‘yindagi eng yaxshi natija) va 8 urinishdan 7 martasida to‘p uchun kurashda g‘olib kelgan (o‘z jamoasida 2-ko‘rsatkich). «Lion» sport direktori  Junino buni shunday izohlaydi: «U maydondagi barcha holatni ko‘rib turadi: nima bo‘lishini oldindan biladi». Braziliya yoshlar terma jamoasi sardori uchun fransuzlar 20 million yevro to‘lashdi, uning Yevropa maydonlaridagi ilk chiqishi juda zo‘r chiqdi – yozda uni ikki barobar qimmatga sotish ham mumkin.

Quyidagi videoparcha ham Brunu o‘yin davomida qanday harakatlanganini ko‘rsatadi. Uning himoyadan bunday sovuqqonlik bilan hujum boshlashi olqishlarga sazovor.

G‘alaba goli 22 yoshli yarimhimoyachi Lyuka Tuzar tomonidan urildi – u «Lion» safida to‘rt yil muqaddam debyut qilgan, bu qishda fransuzlar uni 25 million yevro evaziga «Herta»ga sotishdi. Ammo Tuzar mavsum oxiriga qadar jamoada ijara asosida to‘p surishda davom etadi – endi uning narxi ko‘tarilgani shubhasiz. U Chempionlar ligasi o‘yinlarida darvoza sari aniq yo‘llagan uch zarbasidan ikkitasi golga aylangan, ikkisi ham – pley-offda: o‘tgan yili «Barselona»ga qarshi o‘yinda ham u mezbonlarning goliga mualliflik qilgandi (to‘g‘ri, o‘shanda 1/8 finalning javob o‘yinida fransuzlar 1:5 hisobida yutqazishgan), ikkinchisi endi.

Unga assistni Ussem Auar uzatdi – 21 yoshli hamkasbi: «Lion»ning YeChLdagi so‘nggi 5 golidan uchtasi uning ishtirokida ro‘y bergan. Kelib chiqishiga ko‘ra jazoirlik bo‘lgan bu futbolchi YeChLda qatorasiga ikkinchi mavsum kamida uchta golli uzatma muallifi bo‘lmoqda: o‘tgan mavsum u «Shalke»ga qarshi o‘yinda bitta, «Hoffenhaym»ga qarshi o‘yinda ikkita golli uzatma bergandi, bu mavsumda esa – «Leypsig», «Benfika» va «Yuventus» bilan o‘yinlarda bittadan. 

Aynan Auar – Skill of the Day muallifi bo‘ldi, «Real», «Siti», Krish, Dibala o‘ynagan kunda. U aynan Dibalani tekshirib ko‘rdi.

Yetakchining yo‘ldan olinishi

Har safar «Yuventus» yutqazganida, ijtimoiy tarmoqlarda «Yuventus» Ronalduning darajasiga mos emasligi haqida to‘lqin ko‘tariladi. Bunday gaplar bilan bahslashishning o‘zi kulgili, chunki turinliklar ko‘p gol urishadi, ko‘p o‘yinlarda yutishadi, yo‘qotishlar esa har qanday jamoada bo‘ladi. Ammo statistika aldamaydi: Krishtianu «Yuve»ga kelgach jamoa YeChL pley-off bosqichidagi 5ta o‘yinda 5ta gol urgan va barchasi — portugaliyalik futbolchi hisobiga yozilgan.

Foto AFP

Bu o‘yinda nafaqat Ronaldu, balki jamoa hujum chizig‘ining barcha vakillari o‘yindan uzib qo‘yildi. Dibala — darvoza sari jami 2ta zarba yo‘lladi, Kuadrado — nol, Ronaldu — 4ta. Lekin «Yuventus» futbolchilarining hech biri darvoza sohasiga aniq zarba yo‘llay olishmadi, bu esa shuni anglatadiki, yarimhimoya chizig‘idagilar hujum vakillarini o‘z vaqtida aniq pas bilan ta'minlay olishmagan.

Bunga namuna sifatida 84-daqiqadagi holatni ham keltirish mumkin, Krishtianuda o‘yin mobaynidagi yagona golli vaziyat yuzaga kelgandi. Remsi portugaliyalik futbolchini ko‘zlab raqib jarima maydoniga to‘p uzatdi, ammo Ronaldu to‘pni qabul qila olmadi va yelkasi bilan zarba berdi.Bu epizodda Denayyer Krishtianuni yengilgina turtdi, ammo bu A Seriya emas — Chempionlar ligasida ochiqchasiga «Yuventus» foydasiga penalti qo‘yib berishmaydi.

To‘xtagan seriya
WhoScored statistika sayti Krishtianuga bu o‘yin uchun 6,0 ball qo‘ydi. Eng yomon ball — ikki jamoa tarkibidagi biror futbolchi bundan past baho olgan emas. Turinliklar darvozaboni Shchensni va o‘yin oxirida zaxiradan maydonga tushirilgan Bernardeskida ham shuncha. Albatta, bu hisob-kitoblar asosida jiddiy xulosa chiqarmaslik kerak, WhoScored saytining baholash mezonlari bahsli. Ammo Ronaldu chindan ham o‘z darajasidan past o‘yin ko‘rsatdi. To‘rt zarba: ikkitasi himoyachilar tomonidan to‘sildi, bittasi (birinchi bo‘limda) — darvoza to‘sini yonidan o‘tib ketdi, yana bittasi (final hushtagi chalinishiga bir daqiqa qolganida) — shunchaki yuqoridagi to‘pga bosh bilan teginishga urinish bo‘ldi.

Hamma narsa bir kun kelib tugaydi. Krishtianuda esa bu kutilmaganda bo‘ldi. U bu yilda birinchi marta gol urolmadi. Portugaliyalik futbolchi Italiya chempionati doirasida o‘zi maydonga tushgan qatorasiga 11 o‘yinda kamida bittadan gol urdi, ammo Chempionlar ligasining bu mavsumida uning ishi yurishmayapti: yevrokubokda 7 o‘yin va 2 gol. Lekin «Yuventus» o‘tgan mavsumda ham 1/8 finalning ilk o‘yinida «Atletiko»ga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan, Turindagi javob uchrashuvida Ronaldu het-trik qayd etib, jamoani qutqargandi. Bu safar nima bo‘ladi?

Ko‘proq yangiliklar: