Uchta gol, ikkita chetlatish: «Paxtakor» mavsumni «Navbahor» ustidan irodali g‘alaba bilan boshladi

Sport 18:07 / 27.02.2020 7642

Toshkentda o‘tgan «Paxtakor» va «Navbahor» o‘rtasidagi uchrashuvi bilan Superliga yangi mavsumiga start berildi. Dastlabki turning markaziy bahsi kutilgan shiddat va qarama-qarshilikni taqdim eta oldi.

 Poytaxtdagi uchrashuvga bo‘lgan qiziqish yuqori edi. Shu bois Namangandan ham ko‘plab muxlislar bahsga tashrif buyurishgandi. O‘yin boshidan mezbonlar bahsni nazorat qilishga uringan bo‘lishsa, mehmonlar qarshi hujum ilinjida bo‘lishdi.

26-daqiqaga kelib namanganliklarning rejasi ish berdi. Tezkor qarshi hujumga o‘tgan Andrey Kanchelskis shogirdlari Ivan Solovevning goli evaziga hisobni ochib, mehmon muxlislar joy olgan sektorlarni larzaga keltirishdi – 0:1.

O‘yinning kulminatsion voqealaridan biri birinchi bo‘lim yakunida yuz berdi. Asabiy kechgan uchrashuv bosh hakami Ilgiz Tantashev Islom Isoqjonovning harakatini kutilmaganda ikkinchi sariq kartochka bilan jazolab, Namangan klubi vakillarini maydonda bir kishi kam bo‘lib qolishlariga sabab bo‘ldi.

 Maydonda son bo‘yicha ustunlik qilgan mezbonlar 51-daqiqada Igor Sergeyevning goli evaziga muvozanatni tiklashdi – 1:1.

77-daqiqada esa Arveladze shogirdlari ham maydonda 10 kishi bo‘lib qolishdi. Yegor Krimets ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatildi.

 88-daqiqada esa qanotdan uzatilgan to‘pdan keyin Igor Sergeyev dublini nishonlab, tomoshabop o‘tgan Superliganing dastlabki bahsida «Paxtakor»ga irodali g‘alabani taqdim etdi – 2:1.

 Superliga. 1-tur. 27 fevral
«Paxtakor» – «Navbahor» - 2:1

Toshkent. «Paxtakor» stadioni
Hakamlar: Ilgiz Tantashev, Husniddin Shodmonov, Aleksandr Burov, Rustam Lutfullin
Gollar: Igor Sergeyev 51, 88 - Ivan Solovyov 26.
«Paxtakor»: 25.Eldor Suyunov, 3.Hojiakbar Alijonov, 5.Anzur Ismoilov, 15.Yegor Krimets, 34.Farrux Sayfiyev, 27.Sardor Sobirxo‘jayev (77.Eren Derdiyo‘q, 69), 20.Odiljon Hamrobekov, 17.Dostonbek Hamdamov, 10.Dragan Cheran, 9.Jaloliddin Masharipov, 11.Igor Sergeyev.
«Navbahor»: 1.O‘tkir Yusupov, 7.Azim Ahmedov, 9.Ivan Solovyov, 10.Azizbek Turg‘unboyev, 11.Islombek Isoqjonov, 15.Obid Jo‘raboyev, 19.Mirzohid G‘ofurov, 22.Igor Golban, 27.Islom Rashidxonov, 28.Xurshidbek Muxtorov, 70.Abbos G‘ulomov.
Ogohlantirishlar: Hojiakbar Alijonov 12, Yegor Krimets 33, Sardor Sobirxo‘jayev 41, Eren Derdiyo‘q 72 -  Islombek Isoqjonov 21, Xurshidbek Muxtorov 82,
Chetlatishlar: Yegor Krimets, 77 (ikkinchi sariq) - Islombek Isoqjonov 45+3 (ikkinchi sariq)

Ko‘proq yangiliklar: