«Kambag‘allikni kamaytirish yoppasiga kredit berish degani emas» - Prezident tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

O‘zbekiston 20:20 / 27.02.2020 36394

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Ma'lumki, har qanday mamlakatda aholining kam ta'minlangan qatlami mavjud. O‘zbekistonda ham odamlarning muayyan qismi yetarli daromad manbaiga ega emas.

Xalqimiz farovonligini oshirish maqsadida «Har bir oila – tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz», «Obod qishloq», «Obod mahalla», tomorqani rivojlantirish kabi dasturlar qabul qilindi. O‘tgan ikki yil davomida birgina oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida budjetdan qariyb 10 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Albatta, bu aholi bandligini ta'minlash, oilalar uchun daromad manbai yaratishga xizmat qildi.

Kambag‘allik yurtimizda ko‘p yillar «yopiq mavzu» bo‘lib keldi. Joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomada davlatimiz rahbari bu haqda ochiq-oydin gapirdi va tariximizda birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bugungi videoselektor yig‘ilishida shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

«Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 12-15 foiz yoki 4-5 million aholimiz kambag‘al. Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming so‘mdan oshmayapti, degani. Yoki bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xo‘sh bunday oilani o‘ziga to‘q deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini o‘qitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima bo‘layapti, degan savol har kuni qiynaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlarni samarali amalga oshirish maqsadida prezidentning 2020 yil 18 fevraldagi farmoni hamda qaroriga muvofiq, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika darajasida tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni kamaytirishga mas'ul lavozimlar joriy qilinib, vertikal tizim yaratildi.

Shuningdek, kuni kecha Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi hamda hukumatda alohida kotibiyat tashkil etildi.

«Kambag‘allikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini ko‘paytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga o‘qitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uyg‘otish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini o‘qitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa to‘lash tizimini joriy qilish kerak», – dedi davlat rahbari.

Shu maqsadda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan kambag‘allikka qarshi kurashishning o‘rta va uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Yig‘ilishda avvalo har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat darajasidagi haqiqiy sharoit va ahvolni tahlil qilish kerakligi qayd etildi. Buning uchun, birinchi yo‘nalishda kambag‘allikka oid real ahvol, ya'ni mahallalardagi daromadi kam oilalar soni haqida ma'lumot yig‘ilishi, ikkinchi yo‘nalishda tuman va shaharning salohiyati, tabiiy resurslari, yer va infratuzilma imkoniyatlari xaritasi tuzilishi belgilandi.

«Odamlarning mehnat qilib, boy bo‘lishi va yaxshi hayot kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz zarur», – dedi Prezident.

Qayd etilganidek, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va bo‘sh turgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Zarur infratuzilma yaratish uchun Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga budjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi. Ulardagi yer uchastkalari tadbirkorlarga bozor qiymatida egalik huquqi bilan sotiladi. Ushbu loyiha o‘zini oqlasa, ikkinchi yarim yillikda yana qo‘shimcha 150 milliard so‘m ajratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: