Sport klublari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Sport 10:21 / 26.02.2020 2598

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Sport klublari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, sport klubi O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan tartibda ixtiyoriy tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi mumkin.

Sport klubi yuridik shaxs hisoblanib, o‘z ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy hisob raqamlariga, sport klubi tasviri tushirilgan, o‘z nomi yozilgan muhrga va burchakli shtampga hamda blankaga ega bo‘ladi.

Sport klubi sport turlarining reyestriga kiritilgan bevosita sport faoliyati bilan bog‘liq amaliy va nazariy sport tadbirlarini amalga oshiradigan, yosh toifalari bo‘yicha sportchilarni tayyorlaydigan va ularni huquqiy va moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlaydigan sport tashkiloti hisoblanadi.

Sport klublarida Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan hamda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmagan sport turlarini, shuningdek, O‘zbekiston milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirishga yo‘l qo‘yiladi.

Sport klubi bir yoki bir nechta sport turlari (xalq o‘yinlari)ni rivojlantirish yuzasidan o‘z faoliyatini olib borishi mumkin.

Sport klubi sportchining Respublika va xalqaro sport musobaqalari ishtirok etish uchun bo‘ladigan sarf-xarajatlarini moliyalashtirishga majbur emas.

Sport klubi sportchilarning yuqori sport natijalariga erishganligi uchun o‘z imkoniyati darajasida rag‘batlantirishni amalga oshiradi.

Sport klubi faoliyati qat'iy ixtisoslashtirilgan yoki kompleks yo‘nalishda professional va ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin:

professional sportga yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlashni ko‘zda tutadi;

ommaviy sportni tashkillashtirish, o‘tkazish va ularning huquqiy jihatdan to‘g‘ri tashkil etilishini nazorat qilish ishlarini amalga oshiradi;

sog‘lig‘ida ma'lum bir nuqsonlari bo‘lgan shaxslar yoki nogironlarning va jismoniy imkoniyatlari cheklangan boshqa shaxslarning to‘liq yoki qisman tiklanishiga ko‘maklashish ishlarini amalga oshiradi.

Aholini jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish sport klubi tomonidan pullik, bepul yoki imtiyozli ravishda amalga oshiriladi.

Sport klubi o‘z faoliyatida kamsitishga, shu jumladan millati, tili, dini, jinsiy taalluqligi, siyosiy, madaniy qarashlari bo‘yicha kamsitishga hamda zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaydi.

Sport klubi O‘zbekiston olimpiya harakatini va uning tamoyillarini tan oladi va qo‘llab-quvvatlaydi.

Sport sohasida boshqa jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

Sport klubi o‘z vakolat doirasida:

yillik tadbirlar rejasini tasdiqlaydi;

sport turlari qoidalari va sport turlari bo‘yicha o‘quv dasturlariga muvofiq sportchilarni tayyorlaydi;

sport turlari bo‘yicha sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasini tasdiqlaydi;

sport klubining rasmiy sport musobaqalari nizomlarini va bayonlarini tasdiqlaydi;

sport turlari bo‘yicha ilmiy-uslubiy adabiyotlarini ishlab chiqadi;

pedagogik va trenerlar kengashlari bayonlarini tasdiqlaydi;

xodimlarining shtatlar jadvali va tarifikatsiyasini tasdiqlaydi;

sport klubi a'zolari ro‘yxatini tasdiqlaydi;

o‘quv-mashq mashg‘ulotlari jadvallarini tasdiqlaydi;

pedagogik va trenerlar kengashlarini qayd qilish jurnallarini tasdiqlaydi;

trener-o‘qituvchi ishini qayd qilish jurnalini tasdiqlaydi;

sport hakamlari va sport toifasiga ega bo‘lganlar sportchilarni qayd qilish jurnallarini yuritib boradi;

kiruvchi va chiquvchi hujjatlar jildlarini yuritib boradi;

xodimlarning shaxsiy ish hujjatlarini yuritib boradi;

o‘quv guruhlarida o‘quv-mashq mashg‘ulotlarining yillik rejalarini tasdiqlaydi;

sportchilarning individual tayyorgarligi rejalarini tasdiqlaydi;

sport klubi a'zolari va trenerlarining shaxsiy kartalarini yuritib boradi;

nazorat va o‘tkazish me'yorlarini hamda boshqa, normal faoliyati yuritilishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tasdiqlaydi.

Sport klubi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oliy Majlis palatalarining qarorlariga, prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlariga va boshqa me'yoriy hujjatlariga hamda o‘z Ustaviga amal qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: