O‘zbekiston sportchilarining Tokio Olimpiadasi uchun ekipirovkalari taqdim etildi (video)

Sport 23:04 / 26.02.2020 11821

26 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida Olimpiada bo‘yicha tezkor shtab faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani va O‘zbekiston delegatsiyasining sport ekipirovkalari taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda Tribuna.uz muxbiri xabar bermoqda.

MOQ Olimpiya sport turlari faoliyatini koordinatsiya qilish departamenti direktori Alisher Karimov nega kam litsenziya qo‘lga kiritilganiga izoh berdi.

«Olimpiya o‘yinlari uchun 17ta, Paralimpiya uchun 16ta litsenziyani qo‘lga kiritdik. Lisenziyalarimiz kamligiga sabab – ko‘p musobaqalar koronavirus tufayli qoldirildi. May oxirigacha litsenziyalarimiz miqdori oshadi», – dedi Alisher Karimov.

 

Shuningdek, MOQ vakili doping tufayli Olimpiya o‘yinlaridan chetlatilgan erkin kurashchi Hasanboy Rahimovga tegishli chora ko‘rilishi mumkinligini aytdi:

«Rahimovda qaysi modda bo‘yicha doping aniqlangani ma'lum emas. Ehtimol, bu shamollashga qarshi olingan ukoldan bo‘lishi mumkin. Barchasi aniq bo‘lsa, assotsiatsiya sportchiga chora ko‘radi».

Tezkor shtab boshlig‘i, O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov Olimpiadagacha bo‘lgan vazifalarni sanab o‘tdi:

«Vazifalarimiz lisenziatlarning jismoniy holati, ularning kun tartibi, ovqatlanishi, vitaminizatsiyasiga e'tibor berishdan iborat. Har bir lisenziatning psixologik holatini o‘rgangan holda ularga individual ravishda o‘quv-mashg‘ulot rejasini ishlab chiqamiz».

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori Xalida Kamilova sport ekipirovkalari va rasmiy liboslar to‘g‘risida ma'lumot berdi:

 «2019 yil avgust oyida ekipirovka bo‘yicha tanlov e'lon qilingan edi. Uch jarayonda eng yaxshi loyihalarni tanlab oldik. Yakunda Tokio iqlimi, namligi inobatga olingan holda kiyimlar yaratildi, shuning uchun liboslarning 95 foizi paxtadan.

Ekipirovkalarga shaxsan prezidentimiz e'tibor berdilar va liboslarni mamlakatimizda tayyorlash kerakligini, ularda milliy naqshlar ham bo‘lishi shartligini aytdilar».

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu liboslar hali to‘liq tasdiqdan o‘tmagan va o‘zgarishlar bo‘lishi ham mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: