Maqsadini sir saqlayotgan «So‘g‘diyona». Baqoyev 4-o‘rin tasodif bo‘lmaganini isbotlay oladimi?

Sport 18:05 / 25.02.2020 11831

Kun.uz va Tribuna.uz sayti muxbirlari bu safar Jizzax shahrida bo‘lib, Ulug‘bek Baqoyev boshqaruvidagi «So‘g‘diyona» jamoasining mavsum oldi taraddudi, stadioni va tarkibdagi o‘zgarishlari bilan tanishdik.

Klub stadioni

Dastlab Jizzaxdagi «So‘g‘diyona» stadionida bo‘lib, o‘yingohning yangi mavsumga qanday hozirlanayotgani bilan tanishdik. Qayd etish joiz, o‘lkamizda hali qish fasli hukmronligini inobatga olsak, arena maydoni tez orada talab darajasiga kelishini kutish mumkin.

11 mingdan ortiq tomoshabinni sig‘dira oladigan stadionning tribunalari, tablosi va yoritish tizimida muammo yo‘q, faqat chempionat boshlanishidan avval shay holatga keltiriladi.

Jizzaxda yangi mavsum ochilish marosimi Superliga 2-turi doirasida 7 mart, shanba kuni o‘tadigan «So‘g‘diyona» – OKMK o‘yini bilan boshlanadi.

Tarkibda qanday o‘zgarishlar qilindi?

O‘tgan mavsum kutilmaganda bronza medallari uchun kurashib, yakunda 4-o‘rinni egallagan «So‘g‘diyona» klubi mavsumlar oralig‘ida tarkibda katta o‘zgarish qilishi shart emasdi. Shu bois, Ulug‘bek Baqoyev asosan jamoani tark etgan futbolchilar o‘rniga mos o‘yinchilarni taklif etib, yarimhimoyani legionerlar evaziga kuchaytirishga e'tibor qaratdi.

Jamoa uchun eng katta yo‘qotish Kaxi Maxaradze bo‘ldi, deyish mumkin. Har holda gruziyalik legioner 2019 yilgi mavsumda jamoa yetakchilaridan biriga aylangandi. U «Lokomotiv» safiga qaytdi. Shuningdek, Nikola Milinkovich, Izzat Abdullayev, Sherzod Fayziyev, Siroj Meliyev, Nuriddin Hasanov, Muhammadali Yuldashev singari futbolchilar ham Jizzax klubi bilan xayrlashishdi.

Jamoani tark etgan 7 nafar futbolchi o‘rniga Ulug‘bek Baqoyev 7 nafar yangi futbolchi – Serbiyadan Marko Kalakovich, Braziliyadan Ribeyro Dantas, shuningdek «Dinamo»dan Bahodir Nasimov, OKMKdan San'at Shixov, «Surxon»dan Ayubxon No‘'monov, «Metallurg»dan Shavkat Mullajonov, «Bunyodkor»dan Javohir Qahramonov kabi o‘yinchilarni taklif etdi.

«So‘g‘diyona» tarkibi qanday ko‘rinish oladi?

Tarkib va jamoa mashg‘ulotlarini kuzatib aytish mumkinki, bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev deyarli har bir chiziq uchun o‘ziga xos raqobat paydo qila olgan. Klub aksariyat jamoalardek xorijda yig‘in o‘tkazmagan bo‘lsa-da, o‘z safini yetarlicha kuchaytira olgan. Buni quyida keltirgan jamoaning umumiy tarkibidan ko‘rishingiz mumkin:

Darvozabonlar: Milan Mitrovich, Shirinboy Abdullayev

Himoyachilar: Iskandar Shoyqulov, Shavkat Mullajonov, Sardor Qulmatov, Shahboz Jo‘rabekov, Marko Kolakovich, Elyor Orifov, Ayubxon No‘'monov, Dian Talxatov.

Yarimhimoyachilar: Sanjar Rashidov, San'at Shixov, Jamshid Boltaboyev, Daniyel Nasriddinov, Oybek Nurmatov, Jasur Hasanov, Javohir Qahramonov, Elivento Ribeyro.

Hujumchilar: Bahodir Nasimov, Shohruz Norxonov, Sahob Rashidov, Ivan Nagayev.

Ulug‘bek Baqoyev: «Mavsumga 80 foizga tayyormiz»

Jizzaxdagi stadionning holati bilan tanishganimizdan so‘ng, o‘yingohdan chamasi 5 kilometr uzoqlikda, shahardan chiqishda joylashgan klubning qarorgohida bo‘ldik. Klub bazasida keng ko‘lamdagi qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilayotgani bois, futbolchilar mehmonxonada istiqomat qilishmoqda. Mashg‘ulotlar esa qarorgohning o‘zida olib borilmoqda.

Jamoa mashg‘ulotlari yakuniga yetgach, Ulug‘bek Baqoyev mavsum oldi intervyu berishga ertaligini har qancha aytmasin, savollarimizni javobsiz qoldirmadi.

«Yangi mavsumga tayyorgarlikni dekabr oyida boshlagandik, bugunga kelib 2020 yilgi Superliga bahslariga muvaffaqiyatli taraddud ko‘ra oldik. Tarkibida o‘zgarishlar qildik. Bir nechta futbolchilar jamoani tark etgan bo‘lsa, ularning o‘rnini munosib to‘ldira oldik, deb o‘ylayman. Chempionat bahslari qay daraja kuchaya olganimizni ko‘rsatishi mumkin», deydi Baqoyev.

– Jamoa tarkibini o‘zingiz istagandek kuchaytira oldingizmi?

– Hozirgi tarkibimizdan 80-90 foizga ko‘nglim to‘ldi, deyishim mumkin. Imkoniyatimizga qarab yangi futbolchilarni taklif eta oldik. Bu borada klub rahbariyati katta yordam berdi.

– Kaxi Maxaradze jamoani tark etdi. Bu uning qarorimida yoki klub javob berdimi?

– Kaxi o‘tgan mavsumda klubga foydasi ko‘p tekkan futbolchilardan biri bo‘lgandi. Maxaradze bilan uning keyingi taqdirini hali muhokama qilmagandik, unga OChL saralashida ishtirok etuvchi «Lokomotiv»dan taklif tushgach, Kaxi bilan bir-birimizga omad tilab xayrlashdik.

– O‘tgan mavsum «So‘g‘diyona» OChL yo‘llanmasi uchun kurashgandi. Bu mavsumda jamoa oldiga qanday maqsadlar qo‘yilgan?

– Maqsadimiz eng avvalo har bir o‘yinda g‘alaba qozonish. Qolganini chempionat o‘yinlari ko‘rsatadi. Klub rahbariyati bilan jamoa maqsadi borasida gaplashib olganmiz, ammo buni oshkor qilishni istamayman.

Yillik budjetimiz oshganmi? Menda bunday savollarga javob berish vakolati yo‘q. Buni rahbariyatdan so‘rash to‘g‘ri bo‘lardi.

Bu yil to‘rt nafar legioner taklif etilgandi, ulardan uch nafari jamoa safida qoldi. Serbiya va braziliyalik legionerlaridan umidimiz katta. Jamoamizning eng katta yutug‘i – barcha futbolchilar bir oilaga aylanishgan. Jamoada o‘zaro hurmat yuqori darajada.

– «So‘g‘diyona» 1-turda «Mash'al»ga qarshi maydonga tushadi. O‘yin va raqib jamoa haqida qanday fikrdasiz?

– Har bir jamoa Superligaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. Muborakda oson o‘yin bo‘lmasligi aniq.

Umuman olganda, bu yil yuqori o‘rinlar uchun jiddiy kurash kechadi. Sababi – raqobatchi klublar ko‘paydi. OChL yo‘llanmasi uchun ham kurash og‘ir bo‘lishi aniq.

– «So‘g‘diyona»ning xorijda yig‘in o‘tkazmagani Toshkentda tayyorgarlik afzal ko‘rilgani bilan bog‘liqmi yoki moliyaviy imkoniyat bunga yo‘l qo‘ymadimi?

– Dastlabki rejalarimizdan xorij yig‘ini o‘rin olgandi. Ammo seleksiya jarayonini yakunlamaganimiz bois bormadik. Tarkib borasida bir qarorga kelib bo‘lingach, biroz kech bo‘lgandi. Rahbariyat bilan maslahat qilgach, yig‘inni o‘zimizda yakunlashni lozim topdik.

Jamoadan ko‘nglim to‘qmi? 80-90 foizga to‘q, ammo baribir hayajon bor. Sababi taqvimimiz og‘ir.

– Sizningcha, qaysi klublar yuqori o‘rinlar uchun kurash olib boradi? Qaysi jamoalarni alohida e'tirof etasiz?

– Menimcha, «Surxon», «Navbahor», OKMK, «Lokomotiv», «Bunyodkor», «Paxtakor», «Nasaf» klublari medallar uchun kurash olib borishadi.

San'at Shixov: «OChL uchun kurasha olamiz»

Bosh murabbiy bilan suhbatimiz yakunlanguncha futbolchilar mashg‘ulot maydonidan mehmonxonaga qaytish uchun klub avtobusiga chiqib bo‘lishgandi. Ular bilan birga biz ham mehmonxonaga borib, klubga yangi kelib qo‘shilgan San'at Shixov va jamoa hujumchisi Ivan Nagayev bilan suhbatlashdik.

«O‘tgan mavsum yakunidan keyin Ulug‘bek Istamovich aloqaga chiqib, jamoaga taklif qildilar. Yanvarda OKMKdan yangi jamoam safiga kelib qo‘shildim. Tarkibdagi aksariyat yigitlar bilan oldin birga to‘p surganim bois, moslashish jarayoni qiyin kechmadi. Jamoa safida Sanjar Rashidov, Elyor Oripov, Sardor Qulmatov singari ko‘p yillardan beri to‘p surib kelayotgan yetakchilar bor.

Jamoa maqsadi? O‘ylaymanki, o‘tgan mavsumdagidek OChL uchun kurasha olamiz. O‘tgan yil «So‘g‘diyona»dan hech kim kutmagan bo‘lsa-da, Jizzax jamoasi ishtiyoq evaziga sovrinli o‘rinlar uchun kurashsa bo‘lishini ko‘rsatdi. Tarkibimiz medallarga kurashishga munosib. Jamoa ichida menga eng yoqayotgan narsa bu ichki muhitning do‘stona ekanligidir.

«Mash'al» bilan o‘yin og‘ir va jangovar o‘tishi aniq. Bilasizmi, ko‘pchilik Muborak jamoasini debyutant deyishi mumkin, lekin bitta narsa bor: dastlabki turlarda kim maydonda ko‘proq yugursa, kurashsa o‘sha yutadi. Maydonlar ideal holatga kelgach, keyingi turlarda taktikalar ish berishi mumkin. Hozir esa kim ko‘p yugursa o‘sha yutadi», – deydi San'at Shixov.

Ivan Nagayev: «Paxtakor»dan boshqa barcha klublar tengkuchli»

Jamoada ikki mavsumdan buyon to‘p surib kelayotgan hujumchi Ivan Nagayevning fikricha, «So‘g‘diyona» mavsumga tayyor va hozirda «Paxtakor»dan tashqari boshqa klublarning kuchlari deyarli teng.

«Barchamiz chempionatga tayyormiz. Asosiy raqiblar sifatida kimnidir ko‘rsatishni istamayman, chunki «Paxtakor»dan tashqari barcha klublar bilan o‘ynasa bo‘ladi. Hattoki chempion jamoa bilan ham kurashish mumkin.

Birinchi turdagi raqibimiz «Mash'al» Pro-ligadan chiqqan klub. O‘ylaymanki, quvnoq o‘yin guvohiga aylanamiz. Ularda ishtiyoq kuchli bo‘ladi, bizni qiyin o‘yin kutib turibdi» - deydi Jizzax klubi forvardi Ivan Nagayev.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, «So‘g‘diyona» klubi yangi mavsumga shay holatda. Ulug‘bek Baqoyev raqobatbardosh jamoa tashkil eta olgan. Aynan ushbu mavsumda Jizzax klubi Superliga grandlari qatoriga qo‘shilsa ajab emas.

Usmon Ibodov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: