«O‘z shahrimda begonadekman». Turistlar ko‘pligidan Praga ham Airbnb'ni cheklashi mumkin

Light 22:15 / 23.02.2020 15160

Praga meri Zdenek Grjib shaharda Airbnb orqali xonadonlarni to‘liq ijaraga berishni taqiqlash taklifi bilan chiqdi.

The Guardian xabariga ko‘ra, bunda ko‘zda tutilayotgan taqiq o‘zi ham shu uyda yashab, uning bir yoki bir nechta xonasini sayyohlarga berib turuvchilarga taalluqli emas. Mer bu orqali turistlarda uy egasi ham yashayotgan xonadonning faqat bitta xonasini ijaraga olish imkonini qoldirmoqchi.

Grjibning so‘zlariga ko‘ra, u Chexiya poytaxtini «mahalliy aholiga qaytarib», turizmning shaharga salbiy ta'sirini kamaytirish niyatida.

Uning fikricha, Airbnb’ning bu darajada ommalashib ketgani «shaharni ichdan yeb bitiryapti» va bir vaqtlar Rim imperiyasining poytaxti bo‘lgan Pragani «katta mehmonxona»ga aylantirib qo‘ygan.

Ma'lumot uchun, Airbnb – Amerikaning shu nomdagi kompaniyasi asos solgan platforma bo‘lib, u orqali sayyohlar butun dunyo bo‘ylab xususiy uy-joylarni qisqa muddatga ijaraga olishi, uy egalari esa bu haqda e'lon berishlari mumkin.

«Avvallari faqatgina ma'lum me'yorlar bo‘yicha mehmonxonalar qurilishiga ruxsat berish orqali turistlar sonini cheklashga erishsa bo‘lardi. Hozir esa sayyohlar ijaraga olishi mumkin bo‘lgan turar-joylar sonini nazorat qilish imkonsiz. Vaziyat jiddiy nuqtaga yetib keldi», – degan Praga shahar meri.

Zdenek Grjib / Foto: CTK/Alamy

1,3 million aholiga ega Pragaga 2018 yilda deyarli 8 million turist kelgan. Shahar infratuzilmasi bunday darajadagi sayyohlar oqimiga bardosh berolmayapti.

Airbnb tobora ommalashib, sayyohlar oqimi yildan yilga oshib boryapti. Ilgari sokin bo‘lgan tumanlar hozir gavjum joylarga aylangan.

Mahalliy aholi shovqin va turar-joylar narxi oshib ketayotganidan shikoyat qilyapti.

Merning so‘zlariga ko‘ra, Praga fuqarosi shaharda xonadon sotib olishi uchun unga yillik maoshidan 14 baravar ko‘p mablag‘ kerak bo‘ladi.

«Vaziyat umumiy iste'mol iqtisodiyoti g‘oyasi chegarasidan chiqib ketdi. Shahar ulkan mehmonxonaga aylanib qoldi. Uyini ijaraga beruvchilar shaxsiy manfaatlari yo‘lida mahalliy aholining turmushiga putur yetkazishyapti», – deydi Grjib.

Yevropa sudining qaroriga asosan, Airbnb kabi platformalar ko‘chmas mulk agentliklari emas, jamoatchilik uchun axborot servislari deb hisoblanadi. Bu qarordan so‘ng ularning faoliyatini nazorat qilish yana ham murakkablashgan.

Rejisser va jurnalist Apolena Richlikova merning taklifini qo‘llab-quvvatladi. U hukumat muammoga mana besh yildirki e'tibor bermay kelyapti, deb hisoblaydi.

«Men Praga markazida yashayman va o‘z shahrimda o‘zimni begonadek his qilaman. Va bunday hissiyot birgina menda emas», – deydi u.

Praga – hukumati Airbnb’ga qarshi bo‘lgan yagona shahar emas. O‘tgan oyda Yevropaning 10ta shahri – Amsterdam, Barselona, Berlin, Bordo, Bryussel, Krakov, Myunxen, Parij, Valensiya va Vena shaharlari ham Yevropa komissiyasini xizmat ko‘rsatishga doir qonunlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan edi.

«Qisqa muddatli ijara asosan turistlar uchun zarur, lekin u tufayli mahalliy aholi aziyat chekadi», – deyiladi ularning rasmiy murojaatida.

Ba'zi shaharlarda Airbnb va uning analoglari faoliyati cheklangan. Amsterdamda 2019 yil yanvaridayoq 30 kundan kamroq muddatga xonadonni to‘liq ijaraga berish taqiqlangan edi.

2018 yilda esa Ispaniyaning Palma shahrida Airbnb kabi qisqa muddatli ijara xizmatlarining deyarli barchasi man etilgan, bunga mahalliy aholining uy-joylar narxi keskin ko‘tarilib ketganidan noroziligi sabab bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: