«Qashqadaryo viloyat hokimi sovg‘a qilgan uy berilmadi»: avtofalokat sabab nogiron bo‘lib qolgan sobiq futbolchi murakkab ahvolda

Sport 11:44 / 22.02.2020 46567

2007 yil, yanvar. Qahraton qish kunlaridan biri. Qarshining «Nasaf» hamda O‘zbekiston milliy jamoasi safidagi o‘yinlari bilan tanilib ulgurgan 24 yoshli Kamoliddin Kenjayev 2006 yilgi chempionat yakunida bronza medaliga ega chiqib, sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etish uchun klubi bilan birga Qarshidan poyezdda Toshkentga jo‘nab ketishi lozim edi.

Uylanganiga hali ko‘p bo‘lmagan yangi kuyov yaxshi niyatlar bilan erta saharlab «Matiz» avtomashinasida qishlog‘idan chiqib, Yakkabog‘dan Qarshi tomon harakatlanib kelarkan, Xonobodga yetar-yetmas, muzlagan qorli trassada uni quvib o‘tgan yuk avtomashinasining izg‘irin shamoli sabab quyuq tuman va ko‘rish darajasi pasayib ketganligidan yo‘lning burilish qismida boshqaruvni yo‘qotib, avtofalokatga uchradi...

U ko‘zini ochib, sovuqdan hushiga kelgach, pastlikka qulagan mashinasidan chiqishga har qancha urinmasin, oyoqlarini his etmasdi. Ming afsuski, qandaydir soniyalar orasidagi baxsiz hodisa oqibatida umurtqa pog‘onasi singan futbolchi olam-olam orzularidan ham ayrilgan edi...

K.Kenjayevning oilaviy arxividan

...Oradan 13 yil o‘tdi. Yaqinda Qashqadaryoga safar qilgan Kun.uz va Tribuna.uz sayti muxbirlari voha oralab, O‘zbekistonning yaqin o‘tmishdagi eng yaxshi chap qanot himoyachilaridan biri, to‘rt karra sovrindor Kamoliddin Kenjayev o‘sib-ulg‘aygan Yakkabog‘ning chekka qishloqlaridan biri Sovuqbuloqda bo‘ldik. Maqsadimiz 2000-yillar boshida o‘zbekistonlik muxlislar qalbidan joy olgan sobiq futbolchining bugungi hayoti bilan tanishish, hol-ahvol so‘rash edi. Taassufki, kechagina muxlislar olqishi ostida viloyati, mamlakati sharafini munosib himoya qilib yurgan yigitning bugungi og‘ir ahvoli kishi dilini xira qiladi. Qishning sovuq kunlarini oilasi bilan bitta xonada qo‘lbola yasalgan pechda o‘tkazayotgan Kamoliddin to‘shakka mixlanib qolgancha, bizni xijolatli, ammo ochiq yuzda qarshi olgan bo‘lsa-da, aslida yillar davomida o‘zbek futboli ayvonidan chetda qolib, ne-ne azob-uqubatlarni boshdan kechirgan bu yigitning keyingi taqdiriga shuncha payt befarq bo‘lganimizdan ich-ichimizdan xijolat chekdik.

Qishloq maydonidan professional futbolga...

Suhbatni boshlarkanmiz, dastlab Kamoliddin futboldagi ilk qadamlari, katta futbolga o‘tish damlarini yodga oldi.

— Bolaligimdan futbolga qiziqqanman. Qishlog‘imizda kuni bilan to‘p ortidan yugurardim. 1997 yil akam Yakkabog‘ tumanimizning jamoasida shug‘ullanar, bir yil o‘tib, 16 yoshimda men ham ushbu jamoa safida ikkinchi liga o‘yinlarida maydonga tusha boshladim. 1999 yil tumandagi o‘yinlarimdan birini Kurasov familiyali nazoratchi hakam ko‘rib qolib, «Nasaf» murabbiylariga tavsiya qilgan ekan. Ko‘p o‘tmay, «Nasaf» yoshlar jamoasiga taklif etilib, meni sinovdan o‘tkazishgach, 17 yoshimda bu klub a'zosiga aylandim.

«Nasaf» va «Mash'al»dagi faoliyati haqida

— Yoshlar jamoasidagi ikki yillik faoliyatimdan keyin 2002 yildan boshlab, klubning asosiy tarkib futbolchisiga aylandim. Kuchli tarkibga kirishib ketish oson bo‘lmagandi. Chunki jamoa sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borardi. Orada 2005 yil Muborakning «Mash'al» klubi Osiyo chempionlar ligasiga yo‘llanma olgach, viloyatimiz hokimi, rahmatli Nuriddin Zayniyev qarorlariga ko‘ra, men, Botir Qorayev, Zafar Xolmurodov uchalamiz «Mash'al» klubiga o‘tib, jamoa bilan OChLda ishtirok etgandik. Keyin yana «Nasaf» safiga qaytib, sovrindor bo‘lgandik. Umuman olganda, «Nasaf» safida Oliy ligada 4 marta bronza medali sohibi va O‘zbekiston kubogi finalchisiga aylangandim.

Olimpiada uchun kurash va milliy jamoa safidagi o‘yinlari haqida

— 2000 yildan O‘zbekiston yoshlar va olimpiya jamoasidan taklif ola boshlagandim. Esimda, 2002 yil Ravshan Haydarov qo‘l ostida O‘zbekiston olimpiya jamoasi safida Pusanda o‘tgan Osiyo O‘yinlarida ishtirok etgandim. Vatanimiz bayrog‘i ostida to‘p surgan har bir daqiqani faxr bilan eslayman. Olimpiya jamoasidagi faoliyatimdan keyin avtofalokatga uchraganimga qadar O‘zbekiston milliy jamoasidan muntazam taklif olib turardim. O‘shanda mening pozitsiyamda Nikolay Shirshov to‘p surardi, unga doim havas qilib, uning o‘rnida munosib to‘p surishga intilgandim. Eng katta orzuim milliy jamoamiz safida jahon chempionatida ishtirok etish edi. Afsuski, baxsiz hodisa oqibatida, 2006 yilgi takliflar milliy jamoamizdagi so‘nggi chaqiruvlar bo‘lgan ekan…

Eslashni ham istamaydigan voqea haqida

Suhbat davomida Kamoliddin o‘zi uchun har qancha og‘ir bo‘lmasin, hayotidagi eng baxsiz kun haqida gapirib berdi.

— 2006 yil Oliy ligada bronza medallariga ega bo‘lgandik. Odatda, mavsum yakunida taqdirlash marosimi o‘zimizda o‘tardi, o‘sha yil O‘FF taqdirlash marosimini Toshkentda o‘tkazishga qaror qildi. O‘shanda uyda dam olishda edim, Qarshiga o‘z mashinamda yo‘l oldim. Qalin yoqqan qor sabab Xonoboddan o‘tayotganimda avtofalokatga uchrab, chuqurlikka tushib ketganman...

Klub tezda xabar topgach, davolashga ko‘p yordam bergandi. O‘FF ham oradan ikki yil o‘tib, hakamlar qo‘mitasida ishlaydigan Bobur Haydarov orqali moddiy  yordam berib ketgandi.

«Futbol ko‘rib qiynalaman…»

— Albatta, futboldan chetda qolish oson bo‘lmadi. Ichimdan nimalar o‘tganligini o‘zim bilaman. Hattoki yotib futbol ko‘rib qiynalaman, o‘zimning ham o‘ynagim keladi. Ammo bu taqdir, nima ham qila olardim, sabr qilishim kerak. Vaqti kelib, hammasi yaxshi bo‘lib ketishiga umid qilaman.

«Nasaf»dagilar imkon qadar xabar olib turishadi, qolganlari bilan telefon orqali gaplashib turamiz. «Paxtakor»dan Odil Hamrobekov, Sherzod A'zamovlar bor, hol-ahvol so‘rab turishadi. «Nasaf» klubi ham moddiy yordam berib turadi, tashlab qo‘ygani yo‘q. Barchalariga rahmat deyman.

«Hokim Qarshidan kvartira sovg‘a qildi, ammo menga berilmay qoldi»

— Xabaringiz bo‘lsa, 2006 yilda O‘zbekiston chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritganimizdan keyin mavsum yakunida uylangandim. O‘shanda Qarshidagi o‘yinlarga Yakkabog‘dan qatnashim bois, sobiq viloyat hokimi, rahmatli Nuriddin Zayniyev jamoada 6 yildan buyon faoliyat olib borayotganim, bronza medaliga ega chiqqanimiz va O‘zbekiston milliy jamoasiga taklif etilganimni inobatga olib Qarshi markazidan kvartira sovg‘a qilganligini e'lon qildi. Hammaning oldida uy berildi, deyildi, keyin esa avtofalokatga uchraganimdan so‘ng uy berilmay, qolib ketdi. Ko‘p marta tegishli joylarga xat bilan murojaat qildik, ammo besamar bo‘ldi. Yaqinda viloyatimiz yangi hokimi Zoyir Mirzayevga ham xat bilan chiqdik, murojaatimiz bu safar o‘z yechimini topishiga umid qilyapmiz.

«Nasaf» o‘yiniga oxirgi marta ikki yil oldin borgandim...»

— Oldinlari «Nasaf» o‘yinlariga muntazam borishga harakat qilardim, ammo oxirgi yillarda davolanish jarayonlari ko‘proq bo‘lgani uchun ikki yildan buyon sobiq jamoam o‘yinini stadiondan tomosha qila olganim yo‘q. O‘zimni ham ichim qiziydi, borishga intilaman. Shunga qaramay, «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev, Zafar Xolmurodovlar bilan aloqada bo‘lib turaman. O‘zbek futbolini ham kuzatib, xabardor bo‘lib boraman.

Oxirgi bor futbolchi yoki murabbiylardan kim holimdan xabar oldi?

Qo‘ng‘iroq qilib turishadi, ammo yo‘limiz chaproq bo‘lgani uchun uchrashmaganimizga ham ancha bo‘ldi. Qarshidan uy berilsa, futboldagi do‘stlarim, tanishlarim bilan uchrashib turardim.

«Ravshan Ermatov qizil kartochka bergandi...»

— Futbolimizni OAV orqali muntazam kuzatib boraman. Milliy va olimpiya jamoasi o‘yinlarini ham tomosha qildim. Olimpiadaga borish uchun ozgina omad yetishmadi, deb o‘ylayman. Aslida jamoamiz turnirda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. O‘zbekiston futbolida oxirgi yillarda yaxshi o‘zgarishlar bo‘ldi. Ravshan Ermatovning O‘FAda birinchi vitse-prezident sifatida ish boshlashi hali o‘z mevasini beradi. Sababi, Ermatov ko‘p yillardan buyon ichki chempionatlarimizda ishlab, barcha muammo va kamchiliklardan xabari bor. Esimda, Ravshan aka 2006 yil edi, «Nasaf» — «Neftchi» uchrashuvida qizil kartochka berib, maydondan chetlatgandi. U kishini samimiy inson sifatida eslayman.

«Qishlog‘imizda iqtidorlar ko‘p, ularni tarbiyalash uchun maydon kerak»

— Kelajakdagi reja va maqsadim, qishloqlarimizdan yangi iqtidorlarni kashf qilish. Bilasiz, bizda talantli bolalar juda ko‘p. Ammo, ularni yaxshi futbolchi qilib tayyorlash uchun qishlog‘imizda maydon yo‘q. Agar, yer ajratilib, futbol maydoni qurib berilsa, imkon qadar murabbiy sifatida «Nasaf» va yurtimiz sharafini himoya qiladigan yangi futbolchilarni kashf qilishga kirishardim.

«11 yil deganda Xudo farzand berdi»

— Oilali bo‘lganimdan keyin, og‘ir damlarni boshdan o‘tkazgan bo‘lsam-da, Xudoga ming marta shukur deyman — 11 yil deganda Alloh farzand berdi. O‘g‘limga Kozimbek deb ism berdik. Farzandimni eng avvalo yaxshi inson va yurtini munosib himoya qiladigan futbolchi qilib tarbiyalamoqchiman. Ota-onamni yo‘qotganimga 2-3 yil bo‘ldi. Mahalla, qishloq ahlidan nolimayman, e'tiborsiz emas. Ota uyimda ayolim va o‘g‘lim bilan yashab kelyapman, — deydi Kamoliddin Kenjayev biz bilan suhbatda.

Ochig‘ini aytish kerak, Kamoliddin Kenjayevning hol-ahvolini so‘rab, shart-sharoitlari bilan tanishgach, uning hozirgacha og‘ir sinovlarni boshdan kechirayotganligini angladik. Shunda ham barchasini sabr va toqat bilan yengib o‘tishga intilayotganligini ko‘rib, uning va oilasining matonatiga qoyil qolmay iloj yo‘q.

Ammo, tanganing boshqa tomoni ham borki, bugun Kamoliddin iymanibgina ming istihola bilan kamera oldida ayta olmagan kechmishlarini aytishimiz lozim. Har holda kechagina yurt bayrog‘i ostida maydonda javlon urgan yigitning yillar davomida bee'tibor qoldirilganidan beixtiyor savollar marjon misoli terilib kelaverdi. Bugungi kunda sportchi va futbolchilar hukumat tomonidan rag‘batlantirilayotgani, Superliga klublariga milliardlab budjet tayinlanayotgan bir paytda, nahotki o‘z vaqtida yurt va viloyati sha'nini munosib himoya qilgan yigit nogironligi sabab taqdir hukmiga tashlab qo‘yilaveradi?

To‘g‘ri, «Nasaf» sobiq futbolchisi uchun har oyda ma'lum miqdorda yordam puli berib turadi, nogironlik nafaqasi bor, ammo bir ro‘zg‘orning boshlig‘i bo‘lgan, to‘shakka mixlangan, ayoli esa sadoqat bilan kunu-tun turmush o‘rtog‘iga suyanchiq bo‘lib turgan ibratli oilaning na ro‘zg‘origa, na dori-darmoniga yetadi. Har oyda ikki marta qishloqdan 85 km uzoqlikdagi Qarshi shahriga borib davolanish muolajalarini olib qaytish ham yaxshigina sarf-xarajatni tashkil etadi. Umid qilamizki, Qashqadaryo viloyati hokimiyati berilishi kerak bo‘lgan uy masalasida, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va futbol klublari esa moddiy yordam borasida Kamoliddin Kenjayevni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi.

Kamoliddin Kenjayevga moliyaviy yordam bermoqchi bo‘lganlar uning UZCARD shaxsiy plastik raqamiga mablag‘ o‘tkazishlari mumkin:

Plastik raqami – 8600 1309 8067 1855

Usmon IBODOV va Shuhrat ShOKIRJONOV
tayyorlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: