Messi «Barsa»dagi ichki mojaro, YeChL g‘olibligi uchun to‘rt da'vogar va Ronaldu haqida

Sport 17:00 / 22.02.2020 56683

«Barselona» hozirda qiyin davrni o‘tkazmoqda. Klub mojaro markaziga tushib qoldi: OAVda direktorlar kengashi buyurtmasi bilan amaldagi rahbariyat qarashlarini oqlash uchun piar-kampaniya boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Bu jarayonda rahbariyat xatti-harakatidan norozi bo‘lganlarning barchasi nishonga olindi. Hattoki «Barselona» futbolchilarini ochiqchasiga tanqid qilish va ijtimoiy tarmoqlarda kulgiga qoldirish holatlari kuzatildi. Tanqidlar bo‘roni ostiga qolib ketganlar orasida Lionel Messi ham bor edi.

 «Barselona»da ahvol yaxshi emas. Klub Messini qoralashga intilgani aytilmoqda. Bunga dalil ham bor. Bunday qiyin damda Leo Kataloniyaning «El Mundo Deportivo» gazetasi tahririyatiga kelib, katta intervyu berdi. Suhbat davomida argentinalik futbolchi shaxsiy hayoti, klub sport direktori Erik Abidal bilan o‘zaro mojaro, yangi murabbiyning moslashuvi va piar-mojaro haqida gapirdi.

 Oilasi va shaxsiy hayoti haqida

- Barselonadagi ilk kunlarimdan Antonella doimo yonimda bo‘lgan. U hayotimga xotirjamlik bag‘ishlaydi va futboldan boshqa narsalarga ham e'tibor berishimga yordam beradi. Odatda bu jarayon menda qiyin o‘tadi. Hayotim o‘zimga yoqadi: biz yashaydigan Kasteldefens hududi, kun tartibim, oilam bilan birga bo‘lish. Ko‘proq vaqtimni oilamga sarflayman. Kun oxirida charchoq seziladi, har holda uchta farzand – ko‘p. Odatda barvaqt uxlaymiz. Seshanba va payshanba kunlari bolalarimizni futbol maktabiga olib boramiz. Odatiy hayot tarzi o‘zimga yoqadi.

 «Barselona»dan ketishi haqida

- Bu borada doimo aytgan fikrimni takrorlayman: klub meni jamoada qolishimni istarkan, men tarafdan hech qanday qarshilik bo‘lmaydi. Bu klubda to‘p surish men uchun sharaf. Yana bir karra Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishni istayman va bunga umid qilayapman. Ayni damda klub muvaffaqiyatli loyihaga muhtoj.

Klubni tekinga tark etishim haqidagi shartnoma bandi? Bu band hech narsani o‘zgartira olmaydi. Avvalgi yillarda ham shunday holatlar bo‘lardiki, o‘shanda klubni tark etish imkoniyati bo‘lgan. Istalgan maoshni berishga tayyor klublar paydo bo‘lgandi. Bu borada muammo yo‘q. Yana qaytaraman: agar klub ketishimni istamas ekan, bunday fikr mendan chiqmaydi.

 «Barselona» o‘yinidagi o‘zgarishlar haqida

- Biz murabbiylar almashinuvidan keyin moslashish jarayonini o‘tkazayapmiz. Har bir murabbiyning o‘z qarashi bor, shu bois bizga oson tutmaslik kerak. Aytaylik, Valverde bizdan bir xil o‘ynashni so‘ragan bo‘lsa, yangi murabbiy boshqacha o‘ynashni so‘rayapti. O‘z o‘yinim haqida gapiradigan bo‘lsam, Seten menga ko‘proq erkinlik bermoqda. Gohida to‘qqizlik nuqtasida to‘p sursam, gohida qanotda o‘ynayapman. Ter Shtegenning ham to‘pni o‘yinga kiritishdagi ishtiroki avvalgidan oshmoqda. Albatta bunda xavf oshadi, lekin himoyadan chiqishda shunday o‘ynash talab etiladi. Boshqa o‘zgarishlar ham bor. Masalan, pressing. Biz yuqori pressing va kontrpressing orqali raqibga bosim o‘tkazishimiz hamda to‘p yo‘qotilgach darhol kurashga qo‘shilishimiz kerak. Avval bu tarzda o‘ynamaganmiz, shunday ekan bunday uslubga ko‘nikish uchun vaqt talab etiladi. Seten qanday odam? U faqat murabbiy emas, futbolchilar uchun yaqin insonga aylanishni istaydi. Kike doim futbol haqida gapiradi, o‘yinchilar bilan muhokama qiladi.

 Valverdening iste'fosi haqida

- Chindanam, Valverdening jamoadan ketishi xafa qildi, sababi u nafaqat ajoyib murabbiy balki yaxshi inson ham edi. Aslida, muhim ochkolar qo‘ldan boy berilgan o‘yinlarda murabbiydan ko‘ra, ko‘proq biz javobgar edik. Ammo futbolda butun jamoadan ko‘ra, birgina murabbiyni almashtirishni oson ko‘rishadi. Aytaylik, o‘sha Superkubok yarim finalidagi o‘yinda ham biz butun o‘yin davomida barchasini nazorat qildik, ammo so‘nggi besh daqiqada «Atletiko»ga imkoniyatni boy berib, turnirdan chiqib ketdik. Yakunda esa hammasi iste'fo bilan tugadi. Bu achinarli.

 La Liga va Chempionlar ligasidagi imkoniyat haqida

- Ushbu mavsumda biz ham, «Real» ham ko‘p ochko yo‘qotayapmiz. Ikki jamoaning o‘yinida ham barqarorlik ko‘rinmayapti. O‘ylashimcha, chempionatdagi kurash so‘nggi turgacha davom etadi. Deylik, «Selta» kabi jamoalar bilan o‘yinda ham ochko yo‘qotaversang, «klasiko»dagi hech qanday natija chempionlik yo‘lida ustunlik bermaydi. Biz bilan ham shunday holat kuzatilish mumkin. Chempionlar ligasi haqida gapiradigan bo‘lsam, biz o‘sishimiz kerak. Hozirgi holatimizda Chempionlar ligasi bosh sovrini uchun kurashishda imkoniyatlarimiz yaxshi emas. Bizga ishonch yetishmayapti. Barqaror o‘ynay olmayapmiz – mavsum davomida kuzatilayotgan axmoqona xatolarimizni to‘xtatishimiz kerak. Xuddi «Roma» va «Liverpul»ga qarshi o‘yinda maydonga chiqib, jamoadoshlar bilan aloqani butunlay yo‘qotib qo‘ygandek o‘ynamaslik lozim. Chempionlar ligasida kichik bir vaziyat senga hukm o‘qilishi uchun yetarli bo‘ladi, shunday ekan biz tezroq yangi murabbiyning g‘oyalarini amalga oshirib, eng yaxshi sport formamizni tiklashimiz kerak.

 «Roma» va «Liverpul» bilan o‘yin haqida

- Ochig‘ini aytsam, hozirgacha o‘shanda nima bo‘lganini anglolmayman. To‘g‘ri, bunday hayratlanarli natijalar uchrab turadi. Ammo biz bilan bunday dahshatli natijalar ketma-ket ikki marta sodir bo‘ldi. Buni hech qachon tushuna ham, tushuntira ham olmasam kerak.

(«Enfild»dagi o‘yin oldidan Messining «Roma» bilan bahsdagi natija takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz», - deya aytgan fikri eslatilgach) «Liverpul»ning o‘z uyida ko‘p gol ura olishini tushunib turgandik. Ularning tajovuzkor o‘yin uslubiga tayyor bo‘lsak-da, yakunda yirik hisobda mag‘lub bo‘ldik. Ular har jabhada bizdan ustunlik qilishgandi. Hattoki o‘ta yomon o‘yinimizga qaramay, bizda gol kiritish uchun imkoniyatlar bo‘lgandi, biroq biz foydalana olmagandik.

 Ronaldu haqida

- Krishtianuning ketishidan so‘ng «Real» nima yo‘qotdi? Ko‘plab gollarni! U gol urishdan to‘xtamayapti. Krishtianu yarimta imkoniyatdan ham gol urib ketadigan yirtqich hujumchi. «Real»da juda yaxshi futbolchilar to‘plangan, ammo bir mavsumda 50tadan gol kiritadigan Ronaldudek futbolchi endi ular safida emas. «Real»dagi farq shu.

 Klub sport direktori bilan mojaro borasida

- Uni (Abidalni) bunday gapirishga nima majburlagan bilmadim-u, ammo o‘zimni menga kimdir tashlangandek his qildim. Klubimizdagi ichki holat haqida shusiz ham tinmay gapirishmoqda. Qanday qilib futbolchilar murabbiyni tayinlashi yoki iste'foga chiqarishi mumkin? Xuddiki qarorni men qabul qiladigandek. Bu haqda ko‘chadagi odam emas, klub direktorlaridan biri gapirishi meni tashvishlantirdi. Futbolchilarga murabbiyni iste'foga chiqarish tashabbuskorlari sifatida qarash shaxsan menga pastkashlikdek ko‘rindi. Direktor qarorni qabul qiladi, javobgarlik aynan uning gardanida bo‘lishi kerak. Futbolchilarning murabbiydan norozi bo‘lganligi haqida gapirib, ularning nomini aytmaslik bu – jamoadagi barcha futbolchilarga qilingan hujumdir.

 «Barselona» prezidenti atrofidagi piar-mojaro haqida

- To‘g‘risi, klubdagi umumiy vaziyat meni tashvishlantirdi. Barcha futbolchilar klub prezidenti bilan uchrashdik, suhbat davomida u matbuotda aytilgan gaplarini takrorlashdan nariga o‘tmadi. Shu bois hozir dalil isbotni ko‘rish uchun kutishimiz kerak. O‘shandan keyin bu ma'lumotlar yolg‘on yoki haqiqat ekanligiga ishonch hosil qilish mumkin.

Klub prezidentining tushuntirishi meni ishontirdimi? Bilasizmi, bunday holatlar juda kam uchraydi. Ba'zi dalil va isbotlar bor deyishmoqda. Kutaylik-chi, ularni ko‘rishimiz kerak. Umuman olganda, yilning boshidan buyon bizda doimo nimadir yuz berayapti. Klubdagi ayrim muammolar diqqatimizni o‘yinga qaratishga to‘sqinlik qiladi. Futbolchilar bu gap-so‘zlardan uzoqlashib, bor e'tiborni oldindagi hal qiluvchi oydagi o‘yinlarga qaratishimiz shart.

 Chempionlar ligasidagi raqiblar haqida

- «Manchester Siti»ning chetlatilishi? To‘g‘risi, bu qaror meni hayron qoldirdi. Barcha ish shu darajaga yetib borishini kutmagandi. Adashmasam, «PSJ» shunchaki jarima pulini to‘lash bilan cheklangandi. «Siti»dek klub ajoyib tarkibi, shuncha pullari bilan oxir-oqibat musobaqadan chetlatilsa bu judayam g‘alati bo‘ladi. Bunday vaziyatda Aguero «Barselona»ga keladimi? Dunyodagi hamma futbolchilar bizga o‘tishini istamaysizmi? Bilmadim, ehtimol Chempionlar ligasisiz ko‘plab futbolchilar jamoadan ketishni istasa kerak. Musobaqadagi eng qiyin raqiblar haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchi o‘yinlar ko‘rsatdiki, istalgan jamoa qiyinchilik tug‘dira oladi. «Liverpul» yutqazdi, «PSJ» mag‘lub bo‘ldi. O‘ylashimcha, g‘oliblik uchun asosiy da'vogarlar - «Real», «Yuventus», «Liverpul» va «PSJ». «Liverpul»ga qarshi yana bir marta to‘qnash kelishni istardimmi? Buning uchun eng avvalo «Napoli»ga qarshi maydonga tushib, g‘alaba qozonishimiz kerak.

Usmon Ibodov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: