«Mukofotni o‘ylagan futbolchi maydonga tushmasligi kerak» – Maksim Shatskix milliy jamoa haqida

Sport 17:22 / 21.02.2020 17466

Kun.uz muxbirlari Kiyevga safar qilib, zamonaviy o‘zbek futbolining eng mashhur hujumchilaridan biri Maksim Shatskix bilan suhbatlashdi.

Hozirda Volgogradning «Rotor» klubida bosh murabbiy yordamchisi sifatida faoliyat olib borayotgan Shatskix intervyuning birinchi qismida Yevropa futboli va «Dinamo Kiyev»dagi faoliyati haqida so‘z bordi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston milliy jamoasidagi faoliyati to‘g‘risida suhbatlashdik.

– O‘zbekiston milliy jamoasidan ilk marta chaqiruv olgan paytingizni eslaysizmi? Birinchi o‘yin haqidagi hissiyotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– To‘g‘risi, buni eslolmayapman... 1997 yilmidi?

– 1999 yil avgust oyi, «Dinamo Kiyev»ga o‘tganingizdan keyin. Bosh murabbiy Mahmud Rahimov edi. O‘rtoqlik o‘yini Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Qancha gol urganingiz yodingizdami?

– Ha, esladim. 5:0 hisobida yutgan edik shekilli, 3ta gol urganman... MDH vakili bilan o‘ynaganmiz. Tojikiston yo Qirg‘iziston edi shekilli...

– Yo‘q, Ozarboyjon milliy jamoasiga qarshi o‘yin edi. 5:1 hisobida yutganmiz. Siz milliy jamoadagi ilk o‘yiningizda het-trik qilgansiz!

– Ha, to‘g‘ri, endi esladim. Nima, «Dinamo Kiyev»ga o‘tmaguncha meni milliy jamoaga chaqirishmaganmi?

– Faqat «Dinamo Kiyev»ga o‘tganingizdan so‘ng e'tiborga tushgan bo‘lishingiz mumkin.

– G‘alati. Futbolchilarni kuzatib borish kerak, balki men «Baltika»da ham yaxshi o‘ynagan bo‘lishim mumkin-ku? Bu – milliy jamoa, barcha futbolchilarni kuzatib borish kerak. Balki 1-ligadagi futbolchi Premer-ligadagi futbolchidan yaxshiroq o‘ynashi ham mumkin. Hamma futbolchini kuzatib borish lozim. Balki u o‘ziga jamoa topolmayotgandir yoki murabbiy bilan kelishmovchiligi bordir. Ammo saviyasi yuqoriroq bo‘lishi va Premer-ligada o‘ynayotgan futbolchidan ko‘proq foyda keltirishi mumkin.

– Siz kinoni yaxshi ko‘rasizmi?

– Ha

– «Aqldan ozgan Maks» (Bezumnyy Maks) filmini ko‘rganmisiz?

– Ha, ko‘rganman.

– Sizni ham «Aqldan ozgan Maks» desak bo‘ladi.

– Yo‘g‘ye (kuladi), hali hech kim meni bunday demagan.

– Hozir buning sababini sizga eslataman, juda qiziqarli fakt. 1999 yil noyabr oyida Osiyo Kubogi saralashi o‘tkazildi. BAAda bo‘lib o‘tgan guruh bosqichida O‘zbekiston milliy jamoasi 21 noyabr kuni Bangladeshga qarshi o‘ynab, 6:0 hisobida g‘alaba qozongan, siz 2ta gol urgansiz. Shundan so‘ng samolyotda Kiyevga yo‘l olgansiz va 24 noyabr kuni «Dinamo Kiyev» safida Chempionlar Ligasi guruh bosqichining «Real»ga (1:2) qarshi bahsida 1 bo‘limda o‘ynagansiz. O‘yindan keyin yana samolyotga o‘tirib, milliy jamoa qarorgohiga qaytib kelgansiz va uch kundan so‘ng, saralashning so‘nggi tur bahsida BAAga qarshi maydonga tushib, hal qiluvchi golni urgansiz. Natijada milliy jamoa mezbonlarni ortda qoldirib, Osiyo Kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

– Bu o‘yinni eslayman, 1:0 hisobida yutganmiz. U paytlari samolyotda ko‘p uchardim. Albatta, klub milliy jamoada o‘ynashni taqiqlab qo‘ya olmasdi. Bu narsalarni o‘zim klub bilan kelishib olganman. U paytlari milliy jamoa va klublarning o‘yinlari ajratib qo‘yilmasdi va bir vaqtda o‘tkazilardi. Hozir esa vaziyat yaxshiroq, FIFA kunlari bor, unda klublarning o‘yinlari o‘tkazilmaydi. Afsuski, bu qoidalar kech joriy qilindi. O‘sha paytda samolyotlarda ko‘p uchganman, natijada ko‘p kasal ham bo‘lganman.

Bangladeshga qarshi o‘yinni eslolmayapman, ammo BAAga qarshi o‘yinni yaxshi xotirlayman. Ikkinchi bo‘limda Qosimov menga to‘pni uzatgan, chap oyog‘im bilan zarba berib, uzoq burchakka gol urganman. O‘sha paytda men uchun juda muhim va esda qolarli vaziyatlardan biri bo‘ldi. Mezbon jamoa maydonida g‘alaba qozonganmiz. Ular Osiyo Kubogiga chiqishini maqsad qilishgandi, ammo yo‘llanmani biz qo‘lga kiritganmiz.

– 2000 yil qayg‘uli bo‘ldi. O‘zbekiston milliy jamoasi Livandagi Osiyo Kubogida ishtirok etdi. Birorta g‘alabaga erisholmadi, siz ham birorta gol urmadingiz. Ustiga-ustak Yaponiyaga 1:8 hisobida yutqazdik...

– Avlodlar almashinuvi... Tarkibda yoshi katta futbolchilar ko‘p edi. Avlodlar almashinuvini vaqtida o‘tkaza olmadik. Bundan tashqari, yuqori saviyadagi o‘yinlar tajribasi kam edi.

Kuchli jamoalar bilan ko‘proq o‘ynash kerak. Bangladesh kabi jamoalar bilan bellashib, 5-6ta gol urgandan foyda yo‘q. Katta jamoalar bilan o‘ynashimiz lozim. Bu o‘yinlarda natija muhim emas, mag‘lubiyatning ahamiyati yo‘q. Bunday bahslarda jamoaning kamchiliklarini, to‘g‘rilash shart bo‘lgan joylarini aniqlab olish mumkin.

Livandagi sharmandalikni yaxshi eslayman. Shundan so‘ng milliy jamoa tarkibida katta o‘zgarishlar bo‘ldi, ko‘plab yoshlar jalb qilindi.

– 2004 yili O‘zbekiston milliy jamoasi Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo Kubogida ishtirok etdi. Siz bu mamlakatda tarqalgan parranda grippi tufayli milliy jamoa bilan turnirga borishdan bosh tortgansiz, degan mish-mishlar yuradi. Eslatib o‘tish joiz, milliy jamoa guruhda 3 marta g‘alaba qozonib, chorakfinalda Bahraynga penaltilar seriyasida yutqazib qo‘ygan edi. Muxlislar fikriga ko‘ra, agar tarkibda siz ham bo‘lganingizda biz chempionlikni qo‘lga kiritarmidik...

– Oradan ko‘p vaqt o‘tdi... Balki men turnirdan oldin kasal bo‘lgandirman... To‘g‘risi, eslolmayapman. Bu savolga javob berishga tayyor emasman. Milliy jamoa Xitoyga yo‘l olyapti va faqat bir o‘zim kasallikdan qo‘rqib bormay qolishim mumkin emas. Qandaydir kasalliklardan qo‘rqmayman. Bunday qarorga kelgan bo‘lishim mumkinmas. Chunki bu juda muhim musobaqa. Sabab esa jiddiy emas.

Agar sog‘liq uchun jiddiy xavf bo‘lganida Xitoy hukumati ham turnirni o‘tkazmas edi, ular ahmoq emas. Chunki ko‘plab jamoalar keladi, ko‘plab futbolchilar ishtirok etadi. Agar parranda grippini yuqtirib olish xavfi bo‘lganida, menimcha FIFA ham musobaqani o‘tkazishga ruxsat bermasdi.

– 2005 yili O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2006 saralashida Saudiya Arabistoniga 0:3 hisobida yutqazganidan keyin, bosh murabbiy Ravshan Haydarov jamoani guruh bosqichining so‘nggi, Kuvaytga qarshi hal qiluvchi bahsga tayyorlay olmasligini tan olgan. Shundan keyin ingliz mutaxassisi Bob Hafton taklif qilingan. O‘sha paytni eslaysizmi, bu murabbiy nimasi bilan ajralib turgan, esda qolgan?

– Ha o‘yinlarni ham, murabbiyni ham eslayman. O‘z qarashlariga ega ingliz mutaxassisi. Sof Britaniya mavzusi. Jismoniy kuch, tezlik, quvvat, bosim, mana shularni joriy qilishga urindi. Ammo negadir u juda qisqa vaqt ishladi. Bizda o‘zi shunaqa, bitta sikl berishadi, 3-4ta o‘yinda vazifani bajarmasa, uzr so‘rab javobini berishadi.

Bu o‘yinlarni yaxshi eslayman. Bahraynga qarshi dastlabki bahsda ularni «o‘ldirib» tashlaganmiz. Yangi qoidalar chiqqan edi. Yaponiyalik hakam penaltini bekor qilgan. Yakunda tushunarsiz holat bo‘lgan. O‘yin takroran o‘tkazilgan. 1:1 bo‘lgan. Keyin safardagi o‘yinga borishda samolyotda kasal bo‘lib qolganman, shu tufayli zaxirada o‘tirganman. 0:0 bo‘lgan. So‘nggi daqiqalarda bizda yaxshi imkoniyat bo‘lgan. Aniq eslayman, to‘p ustunga tegib qaytgan edi. Omad kelmadi. Biz o‘yinda ustunroq edik, ammo takror aytaman, bu – futbol...

– 2008-2009 yillarda O‘zbekiston milliy jamoasida Rauf Inileyev va Mirjalol Qosimov bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. Mish-mishlarga qaraganda, o‘sha paytlarda asosiy tarkibni yetakchi futbolchilar tuzib bergan. Xususan, siz ham bu jarayonda ishtirok etgansiz, degan gap-so‘zlarni eshitganmiz. Bu rostmi?

– Balki 1-2 marta bo‘lgandir... Maslahat so‘rash emas, fikrimni bilish ma'nosida. Chunki jamoa ichidagi futbolchi vaziyatni murabbiyga nisbatan boshqacha ko‘radi. Yigitlar sezishadi: kim o‘zini qanday his qilyapti, kimning kayfiyati qanday, qanchalik o‘yinga tayyor, ishtiyoqi qanday.

Bir-ikki marta shaxsan suhbat bo‘lgan, fikrimni bilib olish maqsadida. Chunki tajribali futbolchilar buni biladi. Mirjalol ham faoliyatini yaqinda tugatgan edi. O‘zi ham bu jarayonning qanday bo‘lishini yaxshi tushungan.

1-2 marta shunday bo‘lgan. Maslahat berish degani taxmin qilish bilan barobar. Foyda keltirishi mumkin bo‘lgan tarkibni taxmin qilganmiz. Ammo yakuniy so‘z baribir murabbiy zimmasida bo‘lgan. Ba'zan suhbatlashib, bir tarkibni muhokama qilganmiz, ammo yakuniy tarkib baribir boshqacha bo‘lgan.   

– 2010 yili O‘zbekiston milliy jamoasiga Vadim Abramov bosh murabbiy qilib tayinlandi. Uning qo‘l ostida jamoa 2011 yili Qatarda o‘tkazilgan Osiyo Kubogida kuchli to‘rtlikka kirdi. Bu tarixdagi eng yaxshi natija bo‘ldi. Siz ham musobaqada ishtirok etgansiz. Abramov jamoasi yutug‘ining siri nimada edi?

– Menimcha, jamoada edi. Yoshlar va tajribali futbolchilar birlashdi. Bundan tashqari, bir necha futbolchilarda xorijda to‘p tepish tajribasi bor edi. Bu ham muhim jihat. Natijada, ishtiyoqli yoshlar va tajriba uyg‘unligi yuzaga keldi. Murabbiy shuni birlashtira oldi. Bu yaxshi natijaga olib keldi.

Ammo asosiy maqsadimiz jahon chempionati ekani tufayli, bundan ham yuqoriroq marralarni ko‘zlashimiz kerak. Chunki Osiyo chempionatida, saralashida, jahon chempionati saralashida har doim o‘sha-o‘sha jamoalar bilan o‘ynayapmiz. Bundan ham yuqori natijaga erishishga harakat qilish kerak.

Takror aytaman, jahon chempionatiga chiqish – asosiy vazifa ekan, Osiyo chempionatidagi natijalarga e'tibor qaratmaslik kerak. Hatto bu turnirni qurbon qilib, u orqali jahon chempionati saralashiga tayyorgarlik olib borsa ham bo‘ladi. Bu musobaqada 2 yildan keyin o‘tkaziladigan jahon chempionati saralashida ishtirok etadigan futbolchilarni tayyorlash kerak.

Agar bir murabbiy tayyorlasa, ammo boshqasi musobaqada ishtirok etsa, bu foyda bermaydi. Abramovni tushunishim mumkin, unga ham og‘ir. Chunki jamoani [JCh-2022 saralashiga] u tayyorlamagan, holatni bilmaydi.

Bundan tashqari, chempionatlar ham yakunlandi, yig‘inlar endi boshlandi. Albatta qiyin. Klubda ishlash boshqacha. Milliy jamoada murabbiylik qilish og‘ir, futbolchilarni kam ko‘rasan, har kuni ishlamaysan.

Eng asosiy ish – yaxshi futbolchilarni to‘plab, juda muhim o‘yin ekanini, jon berish kerakligini ta'kidlab, ularning ishtiyoqini, ruhini ko‘tarish, bir maqsad uchun birlashtirish, vatanparvarlik ruhida yo‘naltirishdan iborat bo‘ladi. Agar kimdir fikru-xayolini milliy jamoa emas, boshqa narsalar bilan band qilsa, undan yaxshi futbolchi chiqmaydi. Bundan o‘zi ham, birinchi navbatda jamoa ham aziyat chekadi. 

– Musobaqa yarimfinalini eslaysizmi? Biz Avstraliya bilan o‘ynadik va 0:6 hisobida yutqazdik. Bu o‘yinda nima voqea yuz berdi?

– Ruhan tayyor emasdik. Chorak finalda barcha kuch sarflandi, yigitlarda ruhiy quvvat qolmagandi. Balki har kim o‘zicha «cho‘qqiga chiqib oldik, endi Avstraliyaga yutqazsak ham zarari yo‘q», deb o‘ylagan bo‘lishi ham mumkin.

Murabbiy nuqtayi nazaridan aytyapman, hammasi ruhiyatga bog‘liq. «Omad kelsa yutarmiz, kelmasa nima ham qilardik» deb maydonga tushdik shekilli.

Bilmadim... Ammo finalga chiqish ishtiyoqi hammamizda bor edi. Chunki final – bu final. Katta qadamdek tuyulsa ham, aslida masofa qisqa. Shunchaki, ko‘proq kuch sarflash kerak.

Tan olish adolatdan bo‘ladi – Avstraliya bizga qaraganda o‘yini kuchli jamoa. Deyarli barcha futbolchilari Yevropa chempionatlarida to‘p tepardi – Angliya, Shotlandiya Premer-ligasida. Ularga bas kelish biz uchun og‘ir edi. Ammo ularning tarkibida yoshi katta futbolchilar ko‘p edi. Hozir ularning tarkibi boshqacha. To‘g‘risini aytish kerak, o‘sha paytda ulardan kuchsiz edik.

Uchinchi o‘rin uchun Janubiy Koreyaga qarshi o‘ynaganimizda ham chetdan bilinib turdi: agar kerak bo‘lsa, ular yanada kuchliroq o‘ynashga qodir edilar. Bizda imkoniyat yo‘q edi.

O‘sha paytda Iordaniyani mag‘lub etishga qodir edik, Osiyoning top-5 jamoalarini esa yo‘q. Qandaydir omad kelmasa, ularni mag‘lub etish imkonsiz. Ular har jabhada bizdan yuqori pog‘onada turishibdi. Futbolchilari milliy jamoada to‘planishsa, faqat futbol haqida o‘ylashadi. Bizda esa, afsuski, bosh murabbiy futboldan boshqa narsalar haqida ham qayg‘urishga majbur.

Murabbiy faqat futbol haqida o‘ylashi kerak, qandaydir tashkiliy masalalar haqida emas.

Bizda tajribali mutaxassislar yetishmaydi. Ularni tajriba ortirish uchun xorijga yuborish kerak. Futbol qaysi yo‘nalishda ketayotganini borib ko‘rishsin, o‘rganishsin. Uning ketidan ulgurish kerak. Agar oz-moz kech qolsang ham tamom, futbolingni kelajagi bo‘lmaydi, faqat bir joyda aylanaveradi, o‘ralashib qolaveradi.

– Avstraliyaga qarshi o‘yindan oldin O‘FF rahbariyati futbolchilar va murabbiylar shtabi bilan uchrashib, finalga chiqish uchun katta mukofot va'da qilgani rostmi? Mish-mishlarga qaraganda – 2 mln dollar?

– Bu mish-mish emas, rost. Ammo mukofotning qiymati aytilmagan. Ko‘plab tadbirkorlar, obro‘li kishilar kelishdi. O‘tirib suhbatlashganmiz, mukofotlar va'da qilindi, ammo qiymati aytilmadi. Katta mukofot bo‘lishi ma'lum qilindi xolos.

Bu – tabiiy hol. Aybli tomoni yo‘q, chunki ishimiz shunday, ya'ni og‘ir mehnat mukofotlanyapti. Ular ham Avstraliyadan o‘tib, finalga chiqsak, katta qadam tashlashimizni tushunib turishardi. Imkoniyat bor edi. Bu shaxsiy motivatsiya, ishtiyoqni oshiradigan narsa. Nega mumkin bo‘lmasligi kerak?

Ammo, shundan so‘ng kimdir pul haqida o‘ylashni boshlasa, futbol o‘ynay olmaydi. O‘sha o‘yinni nazarda tutyapman. Futbolchi mukofot berilishini eshitib, xayolini shu bilan band qilsa, tamom, u maydonga tushmasligi kerak. U ruhan o‘lgan bo‘ladi.

Yaxshi futbolchi o‘zini qo‘lga oladi. 1 so‘m berishadimi yoki 5 so‘m berishadimi – unga baribir. Chunki bu – milliy jamoa!

Pul qanchalik miqdorda bo‘lmasin, ikkinchi darajali bo‘lib qoladi. Chunki bu – sening obro‘ying, mamlakatning yuzi. Uning sharafini himoya qilish uchun kelgansan. Sportda undan ham yuqori bo‘lgan narsa yo‘q.

Shu tufayli yoshlar milliy jamoa uchun harakat qilishi lozim. Uning tarkibidagi o‘rni uchun kurashishi, unga loyiqligini isbotlashi shart.

Agar futbolchi pul haqida o‘ylagan bo‘lsa, demak u zaif. Maydonga tushganida ham xayoli futbolda emas, boshqa narsada bo‘ladi.

Sardor Yusupov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Intervyuning yakuniy qismi O‘zbekiston milliy jamoasining hozirgi natijalariga bag‘ishlandi. Shuningdek, muxlislardan tushgan savollar ham berildi.

Ko‘proq yangiliklar: