Hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish uchun qancha pul to‘lanadi va qiyoslash muddati o‘tgan hisoblagich egasiga nisbatan jarima to‘lovi bormi?

O‘zbekiston 20:47 / 21.02.2020 9361

Quyida bu borada ko‘p beriladigan savollarga O‘zbekiston milliy metrologiya instituti mutaxassislari javob beradilar.

1. Hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish qay tartibda amalga oshiriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi “Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 698-son qaroriga asosan, energo resurslarni (elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni) hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda YaIDXP deb ataladi) orqali amalga oshirilishi belgilangan.

2. Hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish uchun qayerga murojaat qilish kerak?

Hisoblagichni yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat qilish (20 daqiqa ichida) yoki YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tish (avtomatik tarzda) yo‘li bilan.

3. Qiyoslashdan o‘tkazish uchun hisoblagich kim tomondan yechib olinadi?

Hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish uchun yechib olish ishlari faqatgina ta'minotchi korxona (ta'minotchilar: elektr energiya bo‘yicha - Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, tabiiy gaz bo‘yicha - Hududiy gaz ta'minoti tashkilotlari, suv bo‘yicha - Ichimlik va issiq suv ta'minotchi korxonalar) va Byuro mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.

Izoh: Zinxor o‘zingiz yoki boshqa bir montyorga yechtira ko‘rmang!

4. Hisoblagichlarni yechish tartibi qanday?

Iste'molchi bilan kelishilgan vaqtda, uning ishtirokida tegishli dalolatnoma tuzgan holda hisobga olish uskunasini yechib olinadi.

5. Hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish kim tomondan amalga oshiriladi?

Qiyoslash ishlari O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va uning xududiy filiallarining maxsus laboratoriyalarida faqatgina ta'minotchi korxonalar xodimlari tomonidan olib kelingan taqdirdagina amalga oshiriladi.

Izoh: Yechib olingan hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish uchun o‘zingiz olib bormang!

6. Hisoblagich yaroqsizligi haqida xabarnoma rasmiylashtirilgan xollarda nima bo‘ladi?

Yuqorida aytib o‘tilgan qaror bo‘yicha hisoblagich yaroqsizligi haqida xabarnoma olingan taqdirda ta'minotchi korxona hisoblagichni 3 ish kunida ta'mirlash yoki yangisiga almashtirish chorasini ko‘radi. Hisoblagichni ta'mirlash yoki yangisiga almashtirishga doir sarf-xarajatlar ta'minotchi korxona tomonidan qoplanadi. Ta'mirlangan hisoblagich ta'minotchi korxona tomonidan ikki ish kunida uni qayta qiyoslashdan o‘tkazish uchun O‘zbekiston milliy metrologiya institutiga taqdim etilishi lozim.

7. Hisoblagichni o‘rnatish kim tomonidan va qanday amalga oshiriladi?

Iste'molchi bilan kelishilgan vaqtda so‘rovnomada ko‘rsatilgan manzilga borib, hisoblagichni o‘rnatib berish va uch nusxada tegishli dalolatnoma tuzgan holda tamg‘alash, dalolatnomaning bir nusxasini iste'molchida qoldirishi belgilangan. Bularni barchasi ta'minotchi korxonalar va Byuro tomonidan amalga oshiriladi.

8. Hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish uchun to‘lanadigan haqlar qancha?

Ma'muriy reglamentga ko‘ra, elektr energiyasi hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish bepul. Biroq, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunasini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi (bugungi kunda 44 680 so‘m) miqdorida yig‘im ko‘zda tutilgan.

Yuridik shaxslardan mazkur xizmatni ko‘rsatganlik uchun barcha turdagi hisoblagichlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari (bugungi kunda 334 500 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

9. Xizmatlarni bajarish muddati qancha?

Hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish uchun murojaat berilgandan so‘ng yechib olib ketish - 5 ish kuni mobaynida;

Yechib olingan hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish - 3 ish kuni mobaynida;

Qiyoslash ishlari yakunlangan hisoblagichni olib ketib, o‘rnatib berish - 5 ish kuni mobaynida.

10. Belgilangan muddat ichida ishlar amalga oshirilmagan taqdirda, iste'molchi javobgar bo‘ladimi?

Aholi tomonidan elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisoblagichlarini yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlari va elektron shaklda o‘z vaqtida berilgan arizalar bo‘yicha ta'minotchi korxonalar tomonidan belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmaganligi uchun iste'molchilar javob bermaydi!

11. Hisoblagichlarni qiyoslash davriyligi qancha?

Jismoniy shaxslar uchun - 8 yil;

Yuridik shaxslar uchun - 4 yilni tashkil etadi.

Izoh: Hisobga olish uskunalariga 2019 yil 1 noyabrga qadar rasmiylashtirilgan qiyoslash sertifikatlarining amal qilish muddati o‘z kuchida qoladi.

12. Qiyoslash muddati kelganligi haqida ogohlantirish kimni vazifasi? Qiyoslash muddati o‘tgan hisoblagich egasiga nisbatan jarima to‘lovi bormi?

Ta'minotchi korxona hisoblagichlarni davriy qiyoslashdan o‘tkazishning amal qilish muddati tugashidan 30 kun oldin iste'molchi hisoblagichini davriy qiyoslashdan o‘tkazish zarurligi haqida yozma ravishda ogohlantiradi.

Iste'molchining ta'minotchi korxona tomonidan belgilangan muddatda rasmiy ravishda ogohlantirilmasligi hisoblagichni o‘z vaqtida qiyoslashdan o‘tkazmaganlik uchun aybdorlikni keltirib chiqarmaydi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti, yurtdoshlarimizdan qonunchilikka asoslangan holda, o‘z xaq-huquqlarini bilishlarini so‘raydi.

Ko‘proq yangiliklar: