Dunyo aviakompaniyalari koronavirus sababli 30 mlrd dollar yo‘qotishi mumkin

Jahon 21:00 / 21.02.2020 4956

Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasiga (The International Air Transport Association, IATA) tayanib The Guardian nashri xabar berdi. 

IATA prognoziga ko‘ra, koronavirus epidemiyasi sababli dunyo bo‘ylab aviatsiya oqimi 4,7 foizga kamayadi. Bu esa 2008 yilgi moliyaviy inqiroz vaqtidan beri umumiy yo‘lovchi oqimining birinchi pasayishi bo‘ladi.  

IATA’da ta'kidlanishicha, koronavirus epidemiyasidan xavotir sababli yo‘lovchi oqimi birinchi navbatda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida ishlovchi aviakompaniyalarda qisqaradi. Bu qisqarish 13 foizni tashkil qiladi. Shu sababli ushbu aviakompaniyalarning moliyaviy yo‘qotishlari 27,8 mlrd dollargacha yetishi mumkin.   

“Joriy yilda 4,8 foizlik o‘sishni kutgan mahalliy aviakompaniyalar uchun uncha yaxshi yangilik emas”, deb ta'kidlab o‘tilgan nashrda. Asosiy yo‘qotishlarga Xitoy aviakompaniyalari uchraydi. Prognozga ko‘ra, ularning yo‘qotishlari 12,8 mlrd dollarni tashkil qiladi.  

Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan tashqarida parvozlar amalga oshiruvchi aviakompaniyalarning yo‘qotishlari esa 1,5 mlrd dollarga baholangan.   

“Yonilg‘i narxi pasayishi ba'zi yo‘qotishlarni qoplashi mumkin. Biroq umuman olganda, joriy yil aviakompaniyalar uchun og‘ir yil bo‘ladi”, deb aytgan IATA rahbari Aleksandr de Jyunyak.

Ko‘proq yangiliklar: