Shavkat Mirziyoyev Turkiyada. Birinchi kunning asosiy voqealari

O‘zbekiston 10:30 / 20.02.2020 54624

19 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan Turkiyaga tashrif buyurdi.

Tashrifning birinchi kuni tig‘iz kun tartibi va xilma-xil tadbirlar bilan o‘tdi. Quyida rasmiy tashrifning birinchi kunida ro‘y bergan eng muhim voqealariga keltiriladi.

Otaturk qabri ziyorati

«Esonbug‘a» xalqaro aeroportida Turkiya hukumati a'zolari, Anqara muzofoti va shahar rahbariyati ishtirokida kutib olingan Shavkat Mirziyoyev kunning ikkinchi yarmida Anqaradagi Anitkabir yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Mustafo Kamol Otaturk qabriga gulchambar qo‘ydi.

Ushbu maqbaraning Turkiya tarixida o‘ziga xos va alohida hurmat qilinadigan o‘rni bor.

1919 yilda Anqara shahri Mustafo Kamol (1934 yilda parlament qonuni bilan unga Otaturk nomi berilgan) boshchiligidagi inqilobiy kuchlarning asosiy shtab kvartirasiga aylanadi va 1920 yil aprel oyida shaharda milliy hukumat – Turkiya Buyuk Millat majlisi (parlament) chaqiriladi.

1923 yilda Turkiya mustaqil davlat deb e'lon qilinadi. Bu ishlarga esa Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol boshchilik qiladi.

U shuningdek, Turkiyaning bugungi taraqqiyotini belgilab bergan siyosiy, ijtimoiy va madaniy islohotlarni amalga oshirgan. 

Mustafo Kamol Otaturk vafotidan keyin u dafn qilingan joy – Maltepa kvartalida Anitkabir maqbarasi quriladi.

Majmua xalq uchun alohida qadrli joyga aylangan. Jumladan, hozirda mamlakatdagi har bir yangi hukumat vakillari o‘z vazifasiga kirishishdan avval ushbu maqbaraga kelib, milliy qahramon xotirasini yod etadi.

Shavkat Mirziyoyev majmuaga tashrifida Otaturk xotirasiga atab tashkil qilingan muzeyda ham bo‘ldi.

Muzeyda Mustafo Kamol Otaturkning shaxsiy buyumlari va kutubxonasi joylashgan. Bundan tashqari, muzeyda Turkiya milliy qahramoni boshqargan mashinalarni ko‘rish mumkin.

Shavkat Mirziyoyev tashrif yakunida maqbaradagi faxriy mehmonlar kitobiga ham imzo qo‘ydi.

Prezidentlar uchrashuvi

Otaturk maqbarasi ziyoratidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti saroyiga yo‘l oldi. Shu yerda ikki davlat rahbarlari uchrashdi. O‘zbekiston prezidenti Turkiya Respublikasi prezidenti saroyida tantanali ravishda qabul qilindi.

Rasmiy kutib olish marosimida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, ikki davlat madhiyalari yangradi. 

Har ikki davlatning tashrifda qatnashayotgan vakillari o‘zaro tanishtirilgach, prezidentlar tor doiradagi uchrashuvni boshladi.

Unda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Prezidentlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazish borasida fikrlarini aytishdi.

Uchrashuvda transport sohasidagi aloqalarni kengaytirish, Turkiya orqali Yevropaga multimodal xalqaro tashuvlarni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. 

Davlat rahbarlari uchrashuvda qishloq xo‘jaligi tarmoqlari, jumladan, intensiv bog‘dorchilik, baliqchilik, chorvachilik, naslchilik yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ham fikr almashishdi. Bu borada Turkiyaning ilg‘or tajribasini o‘zlashtirish, universitetlar va ilmiy markazlar bilan qo‘shma tadqiqotlar olib borish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekistonda zamonaviy qo‘shma klinikalar va diagnostika markazlari tashkil etish, kichik biznes, to‘qimachilik kabi yo‘nalishlarda qo‘shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish taklifi ko‘rib chiqildi.

Unda shuningdek, qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar, jumladan, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish borasida ham fikrlashildi.

Afg‘onistonda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish ikki mamlakatning umumiy manfaatlariga to‘la mos kelishi ta'kidlab o‘tildi.

Strategik hamkorlik yig‘ilishi: Bu qanday yig‘ilish?

19 fevral kuni Anqarada O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu yig‘ilishni Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi doirasidagi eng muhim tadbirlardan biri sifatida baholash mumkin.

Bu kengash ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi muloqot formati hisoblanadi. U 2018 yili davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotiga muvofiq tuzilgan.  

Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari hamraisligida olib boradi. Siyosat, xavfsizlik, mudofaa, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, turizm, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, fan, ta'lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash va o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini belgilaydi. Shuningdek, qo‘shma loyihalarning bajarilishini nazorat qiladi.  

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya hamraislari erishilgan natijalar to‘g‘risida mazkur kengashga doimiy axborot kiritib boradi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi va Turkiya tashqi ishlar vazirligi strategik hamkorlik kengashining muvofiqlashtiruvchi organi hisoblanadi.

Prezidentlar va ikki davlat hukumatlarining boshqa vakillari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish masalasi ham Shavkat Mirziyoyev, ham Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tomonidan bir necha bor ta'kidlandi. Bu borada yaqin kelajak uchun erishilishi kerak bo‘lgan bir nechta aniq raqamlar belgilab olindi.

«Bu uchrashuv – strategik sherikligimiz yuksak bosqichga ko‘tarilganining yaqqol ifodasidir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda besh milliard dollarga yetkazishga qaratilgan ustuvor vazifalarni bajarishda ham ushbu kengash, albatta, muhim zamin bo‘ladi.

Biz bugungi yig‘ilish natijalarini mustahkamlab, kelgusi yili bo‘lib o‘tadigan uchrashuvning kun tartibi va hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlari haqida hozirdan o‘ylashimiz maqsadga muvofiqdir», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha qo‘shma bayonot va imzolangan kelishuv bitimlari

O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi yakunida davlat rahbarlari va hukumat a'zolari to‘rtta hujjat imzolashdi.

Jumladan, Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining yakunlari bo‘yicha Qo‘shma Bayonot»ni imzolagan bo‘lsa, yana quyidagi hujjatlar ikki davlat hukumatlarining boshqa vakillari tomonidan imzolandi:

  • «O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Harakatlar Rejasi»;
  • «O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan Turkiya Palatalar va tovar birjalari ittifoqi huzuridagi Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlik to‘g‘risida»;
  • «Imtiyozli savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar to‘g‘risida».

Prezidentlar ishtirokida brifing. Asosiy fikrlar

Muzokaralardan keyin Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Shavkat Mirziyoyev ishtirokida brifing tashkil etildi.

«Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashimizning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish bilan biz tarixiy qadam tashladik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi», – dedi Turkiya prezidenti.

Erdo‘g‘an shuningdek, 20 fevral kuni ochiladigan Xalq kutubxonasining tantanali ochilish marosimida faxriy mehmon sifatida qatnashish yuzasidan yo‘llagan taklifini qabul qilgani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

Turkiya yetakchisi O‘zbekiston xalq shoiri, marhum Abdulla Oripovning «Tilimiz bir, dinimiz bir, iymonimiz bir» so‘zlarini eslab, Turkiya va O‘zbekiston qardoshligi uzoq o‘tmishga borib taqalishini ta'kidladi.

«O‘tgan yili Bokuda Turkiy tilli davlatlar kengashining 7-sammitida birgalikda qatnashdik. O‘zbekistonning ham bu kengashga kirgani uning kuchiga kuch, qudratiga qudrat qo‘shdi», dedi u.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2018 yilga nisbatan 27 foizga oshgan.

«Ikki davlat o‘rtasidagi savdoda ilk marta ham import, ham eksport ko‘rsatkichlarida 1 milliard dollardan ortish bor», deb ma'lum qildi Turkiya yetakchisi.

«Biznes olami vakillarimizni O‘zbekistonga investitsiyaga kiritishga doim da'vat etib turibmiz», deya qo‘shimcha qildi Erdo‘g‘an.

«Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi do‘stona aloqalarimiz tarixida yangi sahifa ochadi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

U shuningdek, qardosh xalq rasmiylari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar «juda batafsil, ochiq, samimiy va ishonch ruhida» o‘tganini qayd etdi.

«O‘rtamizda juda sermazmun suhbat bo‘ldi. O‘zbek-turk munosabatlarining holatiga baho berdik. Hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni belgilab oldik», dedi prezident.

Mirziyoyev so‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 2 barobarga oshgani, mingga yaqin qo‘shma shirkatlar tashkil etilganini qayd etib o‘tdi.

«Tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyat va salohiyat mavjudligini e'tirof etdik va hamma sohalar bo‘yicha batafsil kelishib oldik. O‘ylaymanki, bu besh milliard ham hali biz uchun chegara emas. Niyatlarimiz juda katta», deya urg‘u berdi O‘zbekiston prezidenti.

U shuningdek, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shimcha 1 milliard dollardan ortiq loyihalar ishlab chiqilayotgani, bu jarayonlarni ham ikki tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingani haqida gapirdi.

Mirziyoyev Turkiya Respublikasini «xalqaro maydonda obro‘-e'tibori va nufuzi tobora oshib borayotgan mamlakat» deb ta'riflab, uni «ishonchli va muhim sherik sifatida» alohida e'tirof etdi.

Birinchi xonimlar ham ishtirok etgan kechki suhbat

Tashrifning birinchi kuni dasturidan o‘rin olgan tadbirlar yakuniga yetgach, Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva sharafiga Turkiya prezidenti va uning rafiqasi Emina xonim tomonidan qabul marosimi tashkil etildi.

Prezidentlar va ikki davlatning birinchi xonimlari suratga tushib, samimiy suhbatlashdi.

Tashrifning bugungi kun rejalari haqida

O‘zbekiston prezidentining Turkiyaga tashrifi bo‘yicha ikkinchi kun dasturida ham bir qancha muhim tadbirlar o‘rin olgan.

Jumladan, Shavkat Mirziyoyev kunning birinchi yarmida Turkiyaning yetakchi biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazadi. Umuman olganda, O‘zbekiston prezidentining xorijiy safarlar davomida biznes vakillari bilan uchrashuvlari odatga kirib ulgurdi.

Shundan so‘ng, ikki davlat prezidentlari Turkiya prezidenti Administratsiyasining Milliy kutubxonasi ochilishida ishtirok qilishadi.

Ma'lumot uchun, bugun ochilishi rejalashtirilayotgan ushbu kutubxona 11 qavatdan iborat, bir vaqtning o‘zida 5 mingdan ziyod kitobxonni qabul qilish quvvatiga ega. Bu yerda 5 milliondan ziyod 134 tildagi va dunyoning 100dan ortiq mamlakatlaridan keltirilgan kitoblar bor.

Bu haqda kun davomida batafsil ma'lumot berib boriladi.

Kun.uz muxbiri Ilyos Safarov
Anqara

Ko‘proq yangiliklar: