Ochilboy Ramatov: Nurafshon shahriga metro qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston 11:00 / 20.02.2020 39751

19 fevral kuni Nurafshon shahrida – viloyat hokimligi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sherzod Kudbiyev, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlat rahbarining Toshkent viloyatiga o‘tgan yil iyun oyida qilgan tashrifida berilgan topshiriqlarning ijrosini borishi, hududni 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha dastlab Prezident maslahatchisi Sherzod Kudbiyev so‘zga chiqib, davlat hokimiyati organlari rahbarlari, eng avvalo, xalq ishonchi va mehrini qozonishi shartligi, bu – ularning faoliyatiga baho berishning eng asosiy mezoni ekanini ta'kidladi. Prezident maslahatchisi, shuningdek, topshiriqlar natijadorligi bo‘yicha boshqa ustivor jihatlarga alohida to‘xtaldi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi – Toshkent viloyati hokimiga ikkita yangi o‘rinbosar; Toshkent viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i, uning o‘rinbosarlari tayinlandi.

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov nutq so‘zladi. U davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriq va vazifalarning ijrosi yuzasidan hududlar kesimida fikr bildirdi. Viloyatning ma'muriy markazi – Nurafshon shahrini zamonaviy shaharsozlik andozalariga mos ravishda barpo etishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, sustkashliklar, ularning sabablari yuzasidan o‘z mulohazalarini bayon qildi.

«Yaqin istiqbolda Nurafshon shahriga metro qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, infrastrukturani rivojlantirish masalalari bo‘yicha ayni paytda viloyat hokimligi bilan qat'iy ish olib borayapmiz. Ichimlik suvi, yo‘l qurilishi, kommunikatsiya va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar jadal davom etmoqda», deya Ochilboy Ramatovning so‘zlarini keltirmoqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov so‘z olib, O‘zbekiston milliy iqtisodiyotida Toshkent viloyatining tutgan alohida o‘rni, nufuzi bo‘yicha fikr bildirdi. 

«Hech bir mubolag‘asiz aytish kerakki, mamlakatimizning milliy iqtisodiyoti – Toshkent viloyati iqtisodiyotining rivojlanishida aks etadi. Shu paytgacha davlatimiz rahbarining topshirig‘i va ko‘rsatmalari bilan amalga oshirilgan ishlarning maromi hudud potensialiga nisbatan olganda qoniqarli deb bo‘lmaydi. Yangi tayinlangan rahbarlar viloyat hokimi atrofida mahkam jipslashib, ishni tashkil qilsa, o‘ylaymanki, natija yanada yuksakroq bo‘ladi», dedi u.       

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov fikr bildirib, hududda qonun ustuvorligi, Prezident qaror va farmonlari, topshiriqlarini so‘zsiz ijro etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida gapirdi. 

«Prezident maslahatchisi, Bosh vazir o‘rinbosarlari, yangi tashkil etilgan vazirlik rahbarining viloyatimizga tashrif buyurib, hududda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e'tibor, munosib baho berayotgani, viloyat hokimligi mamlakatimiz miqyosida eng yetuk ijrochi kadrlar bilan kuchaytirilgani ayni muddao bo‘ldi. Biz Vatan, davlat rahbari, el-yurt oldida to‘la mas'uliyatni o‘z zimmamizga olib, viloyatni respublikamizdagi eng rivojlangan hududga aylantirish bo‘yicha bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etamiz», degan viloyat hokimi.

Ko‘proq yangiliklar: