Agrar universitetni 2030 yilgacha innovatsion rivojlanish strategiyasi tasdiqlanadi

O‘zbekiston 10:04 / 20.02.2020 2635

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat agrar universitetini 2030 yilgacha innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Quyidagilar:

a) Toshkent davlat agrar universitetini 2030 yilgacha bo‘lgan innovatsion rivojlanish strategiyasi tasdiqlanadi va quyidagilar nazarda tutiladi:

agrar oliy ta'lim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta'lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish, agrar soha va uning tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash maqsadida o‘quv jarayoniga ta'limning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;

2025 yilga qadar Toshkent davlat agrar universitetini xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta'lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, asosiy kadrlar iste'molchilarining takliflari asosida 2030 yilgacha yangidan 20 ta bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari hamda 25 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;

universitet va uning filiallarida qishloq xo‘jaligi sohasida ta'lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;

universitet va uning filiallarida “Axborot-maslahat markazi” (Extension center), texnopark, startap markazlarini tashkil etish hamda ularni qishloq xo‘jaligi soha va tarmoqlari, shuningdek, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq etuvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish;

ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish hamda professor-o‘qituvchilar va ilmiy-tadqiqotchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish, kafedralarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida davlat xususiy-sheriklik shartlari asosida kafedralar qoshida tashkil etiladigan “Kichik innovatsion korxona”lar sonini 20 taga yetkazish;

universitet va uning filiallari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, doktorantlari, bakalavriat va magistratura talabalarining yuqori impakt-faktorga ega nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalarni chop etishi, maqolalarga iqtiboslik ko‘rsatkichlarini oshirish, shuningdek, “Agrar fani xabarnomasi” ilmiy jurnalini Scopus, Science Direct va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma'lumotlar bazalariga bosqichma-bosqich kiritish;

agroklasterlar va kooperatsiyalar uchun universitet qoshida “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish va uni raqamli transformatsiyalash” loyihasini amalga oshirish uchun maxsus fakultet tashkil etish;

hududlardagi oliy ta'lim muassasalarida meva-sabzavotchilik va uzumchilik, zamonaviy issiqxonalarda meva-sabzavot ekinlarini yetishtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida universitetning ixtisoslashgan kafedralari filiallarini tashkil etish asosida qishloq yoshlarini oliy ta'lim bilan qamrov darajasini bosqichma-bosqich oshirish, sohada raqobat muhitini yaratish;

universitet va uning filiallarida talaba-yoshlarning ta'lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan beshta muhim tashabbus asosida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

oliy ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, universitet va uning filiallarining infratuzilmasi hamda moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ularni bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash.

b) Toshkent davlat agrar universitetini 2030 yilgacha bo‘lgan innovatsion rivojlanish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Strategiyani tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlar va asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib, har yili alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yiladi.

v) Toshkent davlat agrar universitetini 2030 yilgacha bo‘lgan innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2020 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Surxondaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda:

Toshkent davlat agrar universitetini respublika qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha yetakchi oliy ta'lim muassasasiga aylantirish choralarini ko‘radi;

har yili 1 dekabrga qadar o‘tayotgan yil bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ni puxta o‘rganish asosida kelgusi yil uchun “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqilishini va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanishi ta'minlaydi;

“Yo‘l xaritasi”ning bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring yuritish va uning natijalari bo‘yicha har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etib boradi.

Quyidagilar mazkur Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

davlat budjeti mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlar), grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Ko‘proq yangiliklar: