Metall prokatining har bir to‘piga sifat to‘g‘risidagi hujjat ilova qilinadi

O‘zbekiston 14:33 / 19.02.2020 2001

Belgilanishicha, 2020 yil 1 iyundan boshlab:

sotilayotgan va ishlab chiqarishda foydalanilayotgan metall prokatining har bir to‘piga ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqlik yuzasidan sinovlarning ijobiy natijalari asosida rasmiylashtiriladigan sifat to‘g‘risidagi hujjat ilova qilinishi kerak. Bunda ishlab chiqaruvchilarda tegishli ishlab chiqarish laboratoriyalari mavjud bo‘lmagan taqdirda, metall prokatini boshqa sinov laboratoriyalarida (shu jumladan, tuzilgan shartnomalar asosida) sinovdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari, vazirliklar va idoralar huzuridagi markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga moliyalashtiriladigan obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta'mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmatlari texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlar talablariga muvofiqlik yuzasidan sertifikatlashtirilgan qurilish uchun mo‘ljallangan metall mahsulotlari xarid qilinishi va qo‘llanilishi uchun javob beradilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari bilan birgalikda 2020 yil 1 aprelgacha bo‘lgan muddatda sifati texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lgan metall prokati va qurilish uchun mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tashkilotlar reyestrini shakllantiradilar va e'lon qiladilar, shuningdek, reyestr har yili yangilanishini ta'minlaydilar.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 iyundan boshlab induksion pechlardan foydalangan holda tayyorlangan qurilish uchun mo‘ljallangan metall prokatini ishlab chiqarish va qo‘llash taqiqlanadi.

Bunda qurilishdan boshqa maqsadlar uchun metall mahsulotlarini ishlab chiqarish va qo‘llashda induksion pechlardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.

Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar metall prokati texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq emasligi hamda obektlarda binolar va inshootlarning zilzilaga bardoshligiga ta'sir ko‘rsatuvchi hamda insonning hayoti va sog‘lig‘iga xavf soluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo‘llanilishi aniqlangan hollarda metall prokati va undan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarilishi, sotilishi va qo‘llanilishini to‘xtatish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘radilar.

Belgilanishicha:

xavfli ishlab chiqarish obektlarini, shu jumladan, qora va rangli metallar eritmalari va ushbu eritmalar asosida qotishmalar olinadigan obektlarni identifikatsiyalash faqat akkreditatsiya qilingan ekspert tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi;

qora va rangli metallar eritmalari va ushbu eritmalar asosida qotishmalar olinadigan ishlab chiqarish obektlari ular foydalanishga topshirilgunga qadar qonun hujjatlariga muvofiq xavfli ishlab chiqarish obektlari sifatida majburiy identifikatsiyadan o‘tkazilishi kerak.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi, Qurilish vazirligi Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga obektlarning sanoat xavfsizligi, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganligi, texnik reglamentlarga va standartlarning majburiy talablariga rioya qilinmaganligi uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadigan qonun loyihasini kiritadilar.

Ko‘proq yangiliklar: