Umurzoqov ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha ishlar sur'ati pasaymasligini bildirdi

O‘zbekiston 14:10 / 18.02.2020 6558

O‘zbekistonda biznes yuritish uchun muhitni yaxshilash bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Vengriya biznes-forumida respublika investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov xabar berdi.

«Men shuni qat'iy ta'kidlashim mumkinki, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tadbirkorlarga shart-sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan ish sur'ati pasaymaydi. Imkoniyatlar paydo bo‘lsa, bu harakat qilish vaqti kelganidan darak beradi», - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil har bir hududda tadbirkorlar uchun yer uchastkalari to‘g‘risida ochiq va shaffof ma'lumotlarni taqdim etishning yangi tizimi joriy etiladi. «Istalgan vaqtda va istalgan hududda yer uchastkalari, bo‘sh turgan bino va inshootlar, ularning qiymati va sotib olish shartlari to‘g‘risida ma'lumotlar bo‘lgan xarita onlayn-rejimda ishlaydi», - dedi Umurzoqov.

Katta ijtimoiy xavf tug‘dirmaydigan, tadbirkorlik sohasidagi jinoyatlarni dekriminallashtirish siyosati davom ettiriladi.

Bundan tashqari, Umurzoqovning ta'kidlashicha, investorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida soliqlar to‘lash muddatini uzaytirish, davlat tomonidan infratuzilma yaratishga ketgan xarajatlarni qisman qoplab berish mexanizmlari joriy qilinmoqda. Shu bilan birga, daromad solig‘ini hisoblashda yangi texnologik uskunalar sotib olish, yangi obektlarni qurish va modernizatsiya qilish xarajatlarini ushlab qolish amaliyoti kengaytirildi.

«Shuningdek, biz tadbirkorlik faoliyatini, litsenziyalash va ruxsatnoma berish tartibini qiyinlashtiradigan tizimni jiddiy ravishda o‘zgartirishni rejalashtirmoqdamiz», - deya qo‘shimcha qildi vazir.

«Shuni ta'kidlashni istardimki, vengriyalik ishbilarmonlarning barcha muhim tashabbuslari mamlakat rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. O‘zbekiston tomoni vengriyalik do‘stlar va sheriklar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga qaror qilgan», - dedi Umurzoqov.

Ko‘proq yangiliklar: