Topshiriq nega hamon bajarilmadi? Paxtaobodda yomg‘ir yog‘sa, suv oqadigan Suvoqova ko‘chasi

Jamiyat 09:14 / 16.02.2020 14628

«Andijon viloyati Paxtaobod tumani «Zokirjon Habibiy» mahallasi Suvoqova ko‘chasida yashaymiz. Mahallamizda 30dan ziyod xonadon bor. Yomg‘ir yog‘ishi bilan ko‘chamizda yurishning iloji bo‘lmay qolyapti.

Mahallamiz vakillari yuqori tashkilotlarga ko‘p marta murojaat qilishdi. Lekin bundan natija bo‘lmadi. Shu masalada amaliy yordam berishingizni so‘raymiz», deyiladi murojaatda.

Murojaat ortidan Paxtaobod tumaniga borib, ushbu ko‘chadagi holatga guvoh bo‘ldik.

«Yomg‘ir yog‘ishi bilan ko‘chada suv to‘planadi. Bu suv oqib borib tuman markazidagi lotokka chiqib ketishi kerak. Lekin chiqmaydi. Ayollarimiz kolyaska bilan yurishi qiyin. Ayniqsa, suv to‘planib qolgan vaqtda maktab va bog‘chaga boradigan yosh bolalar devorlar yoqalab zo‘rg‘a yurishadi. Mahalladoshlar bilan kavlab, kanalizatsiya tushirishga rosa urindik. Qilib bo‘lmas ekan. Sababi, tuman markaziga magistral ichimlik suvi liniyasi shu yo‘l orqali o‘tgan ekan. Akam (Mutallibjon Nishonov) ham 2-3 yil oldin shu ko‘chani suratga olib, xatlar yozib hokimiyat vakillariga ko‘p marta murojaat qilgan. O‘shanda ham natija bo‘lmagan», deydi mahallada yashovchilardan biri Qutbillo Nishonov.

«Mahallamiz raisi Oyista G‘ulomova 2019 yil dasturga tushadi, deb va'da bergan edi. Yana qolib ketdi. Surishtirsak, 2020 yilga qolgan ekan. Bu ko‘cha asfalt qilinganiga 30 yil bo‘ldi. Yo‘lning pastqam qismlariga sement quyib ham chiqdik. Baribir suv to‘planib qolaverdi. Yomg‘ir yog‘ishi bilanoq, 10-12 kishi ketmon bilan suv yo‘lini to‘g‘rilab, oqizib tashlashga harakat qilamiz.

Kuchli yomg‘ir yog‘ganda, to‘planib qolgan suv uyimizga ham kirib ketadi. Ayniqsa, avtomashinalar o‘tganda suv sachraydi. Ko‘cha devorlarimiz zaxlab, nurab ketyapti», deydi Abdurayim Abduqodirov.

«Bizku mayli, mahallamizda qariyalar bor. Mahalla raisi yangi lavozimga tayinlanish paytida va'da bergan edi. Va'daligicha qolib ketdi. Uning ustiga devorlarni oqlanglar deb topshiriq bergani-bergan», deydi Habibaxon Shamsutdinova.

Eng qizig‘i, 2019 yil 8 oktabr kuni viloyat prokurori «Yolg‘izbog‘» MFY hududidagi 11-MTTda sayyor qabul o‘tkazgan. «Zokirjon Habibiy» mahallasidan vakil Sanjarbek Rahimov Suvoqova ko‘chasidagi muammoni hal qilish uchun amaliy yordam so‘ragan. Sayyor qabulda ushbu muammoni bartaraf etish vazifasi tuman tashkilotlari - Avtoyo‘l korxonasi, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va Suv xo‘jaligi korxonalariga yuklatiladi.

Biroq, berilgan topshiriq mutasaddilarning o‘z ishiga sovuqqonligi hisobiga shu paytgacha bajarilmaydi.

Paxtaobod tumani hokimligi mutasaddilari Suvoqova ko‘chasidagi muammodan xabardormi?

Tuman hokimligida qurilish ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Doniyorbek Burxonov seminarda bo‘lgani sababli mutaxassis Jamoldin Mo‘ydinovdan izoh oldik.

U Suvoqova ko‘chasidagi achinarli holatdan xabardorligini aytib, mahalla vakillari ko‘p marta murojaat etganini ham tan oldi.

«Tumanimizda bunday ko‘chalarimiz yo‘q emas. Muammolarni navbatma-navbat bartaraf qilib kelyapmiz. Barchasi pulga borib taqaladi. Avtoyo‘l korxonasiga topshiriq berdim. Hoziroq avtogreyder ish boshlaydi», deydi mutaxassis.

Paxtaobod tumani tog‘li hudud bo‘lgani uchun yog‘ingarchilik ko‘proq kuzatiladi. Tuman markazidan 150-200 metr uzoqlikda joylashgan, bozor kunlari serqatnov bo‘ladigan Suvoqova ko‘chasiga sektor rahbari yoki tuman mutasaddi vakillari e'tibor qaratishsa, aholi qiyinchilik va ovoragarchilikda xalos bo‘lar edi.

Umid qilamizki, soha mutasaddilari Suvoqava ko‘chasidagi mavjud muammoni tez kunlarda hal etish chorasini izlab topishadi.

Sarvarbek Nazarov, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: