«Hozir – harakat qiladiganlarning davri» – Ulug‘bek Ismatov startaplar haqida

Business class 18:28 / 16.02.2020 60356

Ulug‘bek Ismatov – O‘zbekistonda startaplar, media va IT sohasida ko‘zga ko‘ringan yoshlardan. Sifatli mediakontent yaratish bilan shug‘ullanuvchi «Be creative» media markazi ta'sischisi. Yoshlar ittifoqi qoshidagi Yoshlar media markaziga ham rahbarlik qilyapti.

Ulug‘bek Ismatov hech qanday resurssiz o‘z g‘oyasini oyoqqa turg‘azgani, o‘zi ashaddiy yomon ko‘rgan Yoshlar ittifoqidagi faoliyati, g‘oyalar generatsiyasi va muvaffaqiyatli startaplar siri haqida gapirib berdi.

«Eng ashaddiy heyterdan boshqaruv raisiga aylandim»

– Yoshlar ittifoqi 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lsa, 2019 yil may oyiga qadar men bu tashkilotning ashaddiy heyterlaridan (yomon ko‘ruvchi – tahr.) edim. Universitetimizdagi Yoshlar ittifoqining faoliyatidan kelib chiqqan holda baho berardik. Jiddiy kiyinib olib, doskalarga o‘z suratlarini yopishtirib qo‘yishardi. Ish jarayonida eng kulgiga oladigan mavzumiz ittifoq edi.

Ammo 2019 yil aprel oyida Yoshlar ittifoqining o‘sha paytdagi rahbari Qahramon Quronboyevdan taklif tushdi. Avvaliga rosa ikkilandim, o‘ylandim. Bu paytda o‘zimizning «Be creative» media markazimiz doimiy ishlay boshlagan, nomdor mijozlar bilan hamkorlik qila boshlagan edi.

Ancha o‘ylab, ittifoq jamoasiga qo‘shilish taklifiga rozi bo‘ldim, buni chaqiriq sifatida qabul qildim. Kelib ko‘rdim, haqiqatan ham bu tashkilotda odamlar tinim bilmay mehnat qilar ekan. Hozirda Yoshlar ittifoqi Yoshlar media markazi boshqaruv raisiman.

Startaplar uchun startap

– 2018 yilda «Startap market» loyihasini ishlab chiqdik.

Bu loyiha qanday paydo bo‘lgan? 2017 yilda tanlovda qatnashganimda 400dan ziyod startap loyiha ishtirok etgan. Tanlov dasturi tugagandan keyin esa ularning birontasi ham yo‘q. Men shularning hammasini jamlayman deb o‘yladim. «Startap market»ning g‘oyasi tug‘ildi. Bu – O‘zbekistondagi barcha startaplarni jamlaydigan yagona platforma bo‘ladi. Hamma startaplar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha bitta joyda jamlanib, loyiha muallifiga investordan nima kerakligi aniq-ravshan ko‘rsatiladi. Qancha pul kerakligi, qancha foyda olinishi, qanaqa muammoni yechishi − barchasi joylashtiriladi.

Bu loyihada biz faqatgina mahalliy emas, xorijiy investorlarni ham jalb qilmoqchimiz. Shu o‘rinda xorij bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlarga maslahatim: LinkedIn tarmog‘ida akkaunt ochishsin. U yerda juda ko‘p rahbarlar o‘tiradi. Ular bilan orangizdagi masofa bittagina xabar. Bitta chiroyli xabar yozib jo‘natsangiz, u sizga javob yozadi.

«Startaplarning 10tadan 9tasi muvaffaqiyatsiz bo‘ladi»

– Startap bu – kecha-yu kunduz, uyg‘onganda ham, uxlaganda ham tinchlik bermaydigan g‘oya. Lekin bu g‘oyaning qiymati bir dollar ham emas. G‘oya startapga aylanishi uchun MVP (Minimum valuable product)  degan jarayondan o‘tishi kerak.

MVP’dan o‘tmasa, uni startap deb qabul qilish kerak emas. MVP jarayonida siz yaratmoqchi bo‘lgan mahsulot/xizmat kimgadir kerakmi, aynan kimga kerak, bu odamlar sizning xizmat/mahsulotingiz uchun pul to‘lashga tayyormi, ularning to‘laydigan puli sizning biznes modelingizga to‘g‘ri keladimi, degan savollarga javob topish kerak.

Startaplarning 10tasidan 9tasi muvaffiyatsiz bo‘ladi, deyishadi. Dunyo bo‘yicha shunday, shuning uchun O‘zbekistonda startap nimaga yo‘q, deyish kerak emas. Bu qiyin jarayon. Startap bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar vazifa bajaradigan emas, o‘zidan tashabbus chiqadigan bo‘lishi kerak. Ular yonib turgan yosh kadrlarni Silikon vodiysiga olib borishi kerak. U yerdagi «500 startap loyihasi», Facebook, Google kabi yirik korporatsiyalarning startaplar bilan ishlash mexanizmlari bilan amalda tanishish kerak. Ular startaplarni sotib oladi. Ularga nima kerakligini bilsak, shu startaplarni O‘zbekistonda qilib, ularga sotish mumkin.

Ulug‘bek Ismatov / Foto: Kun.uz

«Hozir o‘ylaydiganlarning emas, harakat qiladiganlarning davri»

– Kreativ g‘oyalar odamning bolaligidan tortib, hozirga qadar ko‘rgan-kechirganlari, tomosha qilgan filmlaridan tortib, eshitgan musiqasigacha – shular ta'sirida shakllanadi. Odatdagidek takrorlanib turgan jarayonni to‘xta, bunday emas, boshqacha qilib ko‘raylik, degan nuqtada kreativ g‘oya paydo bo‘ladi.

Odamlarda muammolarni o‘rganish uchun yetarlicha xohish bo‘lmasligi mumkin. Ammo siz muammoni o‘rgandingizmi, unga yechim topasiz. Yechimni topish jarayonida siz o‘ylaysiz: nega unaqa bo‘lishi kerak, boshqacha emas? Buni o‘zgartirsa bo‘ladi-ku.

Dunyoda shunday ibora bor: muammoga nisbatan «qanday qilib?» deganlar olim bo‘ladi, «nega?» deganlar tadbirkor bo‘ladi. Chunki olim jarayonning qanday bo‘lishini o‘rganib, ichiga kiradi, izlanadi. Tadbirkor esa uning sababiga qiziqadi, uni o‘zgartiradi.

Bu jarayonni qilish uchun ko‘rgan-kechirganlaridan amalda foydalana olish kerak. Falonchi falon kinoda shunday qilgan edi-ku, men nega takrorlamasligim kerak, hech bo‘lmasa, shuning metodidan foydalanib ko‘rsam bo‘ladi-ku, degan savol qo‘yilishi lozim.

Eng katta loyihalar ham g‘oyalardan boshlangan. G‘oya ko‘p, lekin uni tashlab qo‘yish-qo‘ymaslik odamning o‘ziga bog‘liq. Sizning xayolingizga kelgan g‘oyani bugun qilmadingizmi, ertaga uyg‘onganimda bu g‘oyani men qilaman. Hozir o‘ylaydiganlarning emas, harakat qiladiganlarinng payti. Mingta g‘oyang bo‘lsin, harakat qilmadingmi, foydasi yo‘q.

«Qilgan ishidan qoniqish hosil qilish to‘xtashga olib keladi»

– Eng yaxshi motivatsiya bu − hozirga qadar qilgan ishlaringiz. 2015 yilda men birinchi marta chet elga chiqdim, ko‘rdim. Zo‘r. Nega endi keyingi yil ham chiqmasligim kerak? Nega hozirgacha 8ta davlatga borgan bo‘lsam, yana bormasligim kerak?

Odam shu paytgacha  qilgan ishidan qoniqish hosil qila boshladimi, to‘xtab qoldi degani.

Qoniqish hosil qilmasdan, to‘xtab qolmaslik kerak. Harakatdan to‘xtab qolsangiz, cho‘kib ketasiz. Kechqurun paydo bo‘lgan motivatsiya ertalab yo‘qolishi mumkin. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, komfort-zonadan chiqmasangiz, motivatsiya topa olmaysiz.

«Hamma narsa pul bilan o‘lchanishi – fojiamiz»

– Ota-onalarga farzandini biron sohaga yo‘naltirishdan avval bolangiz bilan suhbatlashganmisiz o‘zi, deb savol bergim keladi.

Bolaning nimaga qiziqishini hech kuzatganmisiz? Bola aslida zo‘r qo‘shiq aytishi mumkin. Lekin dadasi «men futbolchi bo‘la olmaganman, sen bo‘lasan, bor koptok tep» dedi. Bola aslida qo‘shiqchi bo‘lishi kerak, lekin futbolga boradi, keyin oxirida buni ham baribir tashlab yuboradi.

Bola uchun kasb tanlashda uning shaxsiy qiziqishlaridan kelib chiqish kerak. Bola nima bilan shug‘ullansa, ko‘zi yonib turibdi? Qachon qilayotgan ishi vaqt bilan o‘lchanmayapti? Ota-onalar, iltimos, bolangiz zo‘r zarba tushirsa, boksga, koptok tepishni yaxshi ko‘rsa, futbolga bering. Daromadi zo‘r deb moliyaga tiqishtirib qo‘ymang.

Hamma narsani faqat pul bilan, keltiradigan daromadi bilan o‘lchash − bizning fojiamiz. Ilgari boy bo‘lishni istasang, yuridik universitetga kir, deyish epidemiya edi. Hozir IT rivojlanayotgan bo‘lsa, bola qiziqsa-qiziqmasa axborot texnologiyalariga beraverish kerak degani emas.

«Kurasha olmaydiganlar O‘zbekistondan «surish kerak» deydi»

– #Surish_kerak deb yozadiganlar yagona najot sifatida faqatgina shuni ko‘radi. Shunchaki, O‘zbekistonda ko‘proq kurashish, ko‘proq mehnat qilish kerak.

Bizda bir yomon holat bor: 20 yoshlilaring raqibi – 30 yoshlilar, 30 yoshlilarning raqibi – 40 yoshlilar... O‘zidan keyin ham muammolarni qoldirish, iqtidorni bo‘g‘ishga harakat bor. Bu esa o‘z-o‘zidan «surish kerak» degan narsani keltirib chiqaradi. Lekin shu yerning o‘zida kurasha olsangiz, natija ko‘rsata olsangiz, nega ketish kerak?

Haqiqatan O‘zbekistondan chiqib ketishni xohlovchilar bo‘lsa, hech qanday cheklov yo‘q. Lekin shunaqa deb yozadiganlarning o‘zi hali ham shu yerda, davlat korxonasida ishlab yuribdi. Bunaqa devizlarni tushunmayman. Undan ko‘ra shu yerda qolish, kamchiliklarni to‘g‘rilash, rivojlantirish kerak emasmi?!

Suhbat davomida Ulug‘bek Ismatov Yoshlar ittifoqiga nisbatan tanqidlarga munosabati, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va shaxsiy muvaffaqiyati haqida ham gapirib o‘tdi. Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi videoda ko‘rishingiz mumkin.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Muhammadjon G‘aniyev.

Ko‘proq yangiliklar: