Prezident qarori: Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti tashkil etiladi

Jamiyat 22:42 / 14.02.2020 13639

Qaror bilan, institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:

  • uzluksiz tibbiy-kasbiy ta'lim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta'lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovatsion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, klinika va o‘quv bazasi faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uyg‘unligini ta'minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
  • fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarning yechimiga qaratish, tibbiy ta'lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;
  • ta'lim muassasasi va Institut klinikasi ilmiy salohiyatini muntazam ravishda oshirib borish, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishlarini ta'minlash;
  • xorijiy tibbiyot oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo‘shma ta'lim dasturlarini rivojlantirish;
  • talabalarda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni insonparvarlik va yuksak ma'naviy g‘oyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda yot g‘oya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash;
  • moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilish va mustahkamlash, simulyatsion markaz, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash.

Institut Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Institut klinikasi muassisi Institut hisoblanadi hamda uning faoliyati Institut tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Institut klinikasi bosh shifokori yashirin ovoz berish yo‘li orqali Institut ilmiy kengashining taqdimnomasiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Institut rektori Institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan quyidagilarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi:

  • ta'lim jarayonini samarali tashkil etish, davolash ishlariga zamonaviy usullarni tatbiq etish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilarga qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida Institut klinikasi va o‘quv bazalaridagi o‘quv xonalarini ta'mirlash, jihozlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
  • Institut klinikasida yuqori texnologiyali tashxis qo‘yish va davolash usullarini joriy etish hamda Institutga qo‘shimcha mablag‘lar tushirish maqsadida Institut klinikasi bilan o‘zaro shartnomalar asosida hamkorlikda pullik asosda tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘linmalarini tashkil etish.

Institut klinikasi quyidagi huquqlarga ega:

  • o‘ziga biriktirilgan davlat mulkidan samarali foydalanish va uni boshqarish bo‘yicha ishlarni tashkil etish hamda amalga oshirish;
  • Institut bilan kelishilgan holda lavozimlar ro‘yxati va sonini ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • xodimlar mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlarini bajariladigan ishlarning murakkablik darajasi, sifati va hajmiga nisbatan tabaqalashtirilgan tarzda belgilash.

Qarorning to‘liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

Ma'lumot uchun, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali 1991 yilda, Orol dengizi mintaqasida tibbiy kadrlarni tayyorlash va aholi salomatligini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: