Adolat saxovatpesha insonlar ko‘magiga muhtoj - uning yuragi og‘ir xasta

Jamiyat 13:41 / 14.02.2020 7185

Adolat Allayarova 1994 yilda tug‘ilgan, ota-onasi bilan Hazorasp tumanida yashamoqda. U yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan, ammo kasallik juda kech, 15 yoshida aniqlangan.

«Qizim juda nimjon bo‘lib ulg‘aydi. Tez-tez holsizlanib qolar, oddiy uy ishlarini ham qilolmasdi. Afsuski bunga e'tibor qilmagan ekanmiz. Dangasalikdan xarxasha qilyapti deb o‘ylar edik. 15 yoshida birdan mazasi qochib qoldi. Shundan so‘ng, kardiolog shifokor unda tug‘ma yurak bo‘lmachalararo to‘siq devori nuqsoni borligini aniqladi», - dedi onasi Oygul.

Shundan so‘ng, Adolat revmatolog va kardiolog nazoratiga qo‘yilgan, ambulatoriya va statsionar sharoitida muntazam davolangan. Shifokorlar unda yurak tug‘ma nuqsoniga yondosh kasallik sifatida o‘pka arteriyasi gipertenziyasi ham borligini aniqlashgan. 

Og‘ir xastaligi tufayli Adolat maktabda ham muttasil ta'lim ololmagan.

«Xastaligi tufayli maktabga onda-sonda borar edi. Keyinchalik holsizlanib qoldi va bormay qo‘ydi, o‘qishni ham tugatolmadi. Ro‘zg‘or tashvishlari, tirikchilik tashvishida bo‘lib, uni davolatish imkoniyatini topolmadik» - dedi onasi Oygul.

Qayd qilish joizki, bu oila nochor va kam ta'minlanganlar ro‘yxatida turadi. Xonadonga kirib borishimiz bilan nochorlik bor bo‘yi bilan namoyon bo‘layotganini ko‘rdik, his qildik. Oila boshi Otabobo Saydametov bozorda aravakashlik qiladi. Oygul Allayarova mardikorlik bilan pul topadi. Oilada yana 3 farzand voyaga yetmoqda. Adolatning o‘ziga 2-guruh nogironligi berilgan va 450 ming so‘m pensiya tayinlangan. Bu mablag‘ qizning kundalik dorilariga, ehtiyojiga arang yetadi xolos.

Hozirgi vaqtda 26 yoshli Adolat to‘shakdan deyarli turmaydi. Sal harakatda hansirab qoladi, yuragi tez-tez uradi, havo yetishmasligidan, boshi aylanishi, qulog‘i shang‘illashidan, qo‘l-oyoqlaridagi og‘riqdan, umumiy holsizlikdan aziyat chekmoqda. Unga singlisi va onasi navbatma-navbat qarab turishibdi.

Adolatning shifo topishi, yana normal hayotga qaytishi uchun imkoniyat bor. Buning uchun u jarrohlik amaliyotidan o‘tishi kerak. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Urganch filialidagi jarrohlik amaliyoti, undan oldingi muolajalar, tahlillarni topshirish, jarrohlik amaliyotidan tiklanib olish jarayoni uchun 25 million so‘m talab qilinadi.

Kuz.uz’ning xayr-ehsonni xush ko‘ruvchi, savobtalab, saxovatpesha o‘quvchilari, Adolatning shifo topib, xastalikdan forig‘ bo‘lishiga hissamizni qo‘shaylik. Uning va ota-onasining xursandchiligiga sherik bo‘laylik. Har kim imkoni darajasida yordam qo‘lini cho‘zsa, toma-toma ko‘l bo‘lganidek, Adolat uchun ham zarur mablag‘ sanoqli kunlarda to‘planishiga shubha qilmaymiz. Imkoni yo‘qlar esa g‘oyibona duolarida shifo tilab qo‘ysalar, shu orqali ma'naviy yordam bergan bo‘ladilar.

Adolat Allayarovaning onasi Oygul Allayarovaning plastik karta raqami:

8600 0609 4590 1313

(PAYME va Click, Xalqbanki)

Xalq banki Hazorasp tumani filiali

MFO: 00813

INN: 200418153

Xalq banki kassalari orqali naqd pul topshirganda:

2311 6000 8000 0081 3100

Boshqa tashkilotlardan kelib tushgan mablag‘lar tranziti:

2312 0000 2000 0081 3100

Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: