Davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish osonlashadi

O‘zbekiston 22:16 / 13.02.2020 4356

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz saytida yangi instrument ishga tushirildi. «Hayotiy vaziyatlar» deb nomlanuvchi bo‘lim davlat xizmatlaridan foydalanishni osonlashtirish, normativ hujjatlarni qulay tarzda topishga yordam beradi.

Bo‘limda inson hayotida eng ko‘p uchraydigan vaziyatlar kategoriyalarga ajratilgan holda joylashtirilgan.

Kerakli kategoriyani tanlash orqali foydalanuvchi o‘zi tushgan vaziyatni izlab topishi, bu vaziyatda qonunchilikka asosan qanday yo‘l tutilishi, qaysi normativ hujjatga asoslanishi va davlat xizmatidan qanday foydalana olishi haqida ma'lumotga foydalanadi.

«Bitta masala yuzasidan fuqaro bir necha idoraga murojaat qilishi, idoralar o‘rtasida sarson bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Aslida odamlar davlat organlari o‘zaro qanday aloqada bo‘lishi, xizmatni qanday ko‘rsatishi, uni kim qayerda qanday ko‘rsatishini o‘ylashi kerak emas. U shu xizmatdan sifatli foydalanishi kerak xolos. Boshqa jarayonlar – davlat organlarining ishi. Mazkur instrumentning ishga tushirish aynan shuni maqsad qiladi», − deydi loyiha koordinatori Bunyod Hoshimxo‘jayev.

Bunyod Hoshimxo‘jayev - loyiha koordinatori (minbarda)

Huquqshunos Dilshod Abduqodirovning aytishicha, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash nafaqat oddiy fuqaro, balki huquq sohasi vakili uchun ham qiyinchilik tug‘diradi.

«Bizda normativ hujjatlar nihoyatda tarqoq holda. Aynan bitta munosabatning tartibga solinishi 2-3ta yoki undan ham ko‘p normativ hujjatga bo‘lingan. Vazirlik va idoralarning ham o‘z hujjatlari bor.

Qaysidir yo‘nalishda normativ hujjat borligini bilamiz, lekin uni topib olishga qiynalamiz. Mazkur instrumentda duch kelinishi mumkin bo‘lgan hayotiy vaziyatlar jamlanib, eng muhimlari saralab olindi», − deydi huquqshunos.

UzInfoCom direktor o‘rinbosari Mirsaid Mirmaqsudovga ko‘ra, hozirda davlat xizmatlari reyestrida 700dan ortiq xizmat mavjud bo‘lib, ulardan 170tasi my.gov.uz portaliga jamlangan.

«Davlat xizmatlari ko‘paya boryapti, bu bilan portaldan foydalanish ham noqulaylik tug‘diradi. Xizmat turini qidirib topish qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Aynan konkret vaziyatdan kelib chiqqan holda o‘zining qanday yo‘l tutishi kerakligini aniqlashga bu instrument yordam beradi», − deya ta'kidlaydi u.

Bo‘lim 7ta kategoriyani o‘z ichiga oladi:

1. Farzand tug‘ilishi – homiladorlik bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish, homiladorlik va tug‘ish ta'tiliga chiqish, ta'til muddati, suyunchi miqdori, tug‘uruqxona xizmatlaridan foydalanish tartibi.

2. Mehnat munosabatlari – ish qidirish, ishga kirishda hujjatlarni rasmiylashtirish, ishsizlik nafaqasi, malaka oshirish va qayta tayyorlovdan o‘tishda davlat xizmatlaridan foydalanish.

3. Oila qurish va oilani tugatish – nikohni rasmiylashtirish, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzish, nikohni bekor qilish.

4. Pensiya rasmiylashtirish va uni olish – ish staji hisoblanishi, tasdiqlovchi hujjatlar, pensiya turini o‘zgartirish, ishlovchi pensionerlarga pensiya to‘lovi.

5. Yashash joyida propiska va ro‘yxatdan o‘tish – doimiy propiskani olish, propiskadan chiqish, yashash joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish.

6. Ta'lim – bolani bog‘chaga berish, maktabga qabul qilish, imtiyozlar, prezident maktablari, oliy o‘quv yurtiga kirish, magistraturada o‘qish.

7. Nogironlarning ijtimoiy himoyasi – nogironlikni rasmiylashtirish,  nogironligi bor shaxslar uchun nafaqa, pensiya va imtiyozlar.

Davlat xizmatlarini «Hayotiy vaziyatlar» mezoni asosida kategoriyalash amaliyoti jahonda keng tarqalgan. Xususan, Kanada va AQSh (17ta vaziyat), Buyuk Britaniya (16ta vaziyat), Avstraliya va JAR (14ta vaziyat), Fransiya (11ta vaziyat), Rossiya (9ta vaziyat), Estoniya (6ta vaziyat) mamlakatlarida ushbu prinsip amal qiladi.

Mazkur bo‘limni moliyalashtirish «Samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiyani rivojlantirishga ko‘maklashish» dasturi doirasida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan amalga oshirilgan.

Instrument hozirda test rejimida ishlayotgan bo‘lib, keyinchalik kategoriyalarning kengaytirilishi, instrumentdan foydalanishni jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun ham qulaylashtirish ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: