Mobil qurilmalar sanoatining dunyodagi eng yirik ko‘rgazmalaridan biri – Barselonada o‘tuvchi Butunjahon mobil kongressi (Mobile World Congress, MWC) koronavirus epidemiyasi sababli bekor qilindi. Bu haqda ko‘rgazma tashkilotchilari - GSMA uyushmasi ma'lum qildi.
Bunga dunyoning turli burchaklaridan keluvchi tadbir mehmonlarining xavfsizligiga tahdid soladigan koronavirus sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
«GSMA koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq global xavotir, safarlar bilan muammolar va boshqa holatlar tadbirni o‘tkazishni imkonsiz qilishi sababli MWC-2020’ni bekor qildi», deyilgan xabarda.
Ko‘rgazma 24-27 fevral kunlari Barselonada bo‘lib o‘tishi kerak edi. Mobile World Congress mobil industriyaning eng yirik ko‘rgazmalaridan biri hisoblanib, unda mobil aloqa sohasidagi eng oxirgi ishlanmalar namoyish qilinadi. Ko‘rgazmaga har yili 100 mingdan ko‘proq odam tashrif buyuradi.
Ushbu ko‘rgazmaga eng yirik mobil moslama va aksessuar ishlab chiqaruvchilari tashrif buyurishayotgan edi. Ularning ko‘pchiligi eng muhim mahsulotlari taqdimoti uchun ushbu maydonni tanlashadi. Masalan, bu yil MWC’da Xiaomi Mi 10, shuningdek, Sony, ZTE, TCL va boshqa bir qator kompaniyalarning yangi smartfonlari namoyish etilishi kutilayotgandi.
Ko‘rgazmani bekor qilish qarori bir necha o‘nlab yirik kompaniyalar, jumladan Amazon, Ericsson, Facebook, Intel, LG, Nokia, Sony, Vivo, Nvidia, Cisco va HMD unda ishtirok etmasligini e'lon qilgandan keyin qabul qilingan.
Bu kompaniyalarning barchasi Xitoy va Osiyoning boshqa mamlakatlaridan minglab jurnalistlar ishtirok etuvchi tadbirda o‘z xodimlari salomatligini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun shunday qarorga kelishgan.
13 fevral holatiga ko‘ra, yangi koronavirus bilan kasallanganlar soni 60 ming kishidan oshdi. Virus 1310 kishini hayotdan olib ketdi, shuningdek, 5600dan ortiq kishi sog‘ayib ketgan.