«Monopoliya tugatilishini aniq ayta olamiz». O‘zbekiston aviatsiyasi besh yildan keyin qanday bo‘ladi? 

O‘zbekiston 16:49 / 12.02.2020 34617

Bugun, 12 fevral kuni, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro aviatsiya forumi bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan turizm va transport sohasi rasmiylari O‘zbekistonning aviatsiya tizimida yaqin 5 yilda bo‘ladigan o‘zgarishlar haqida ma'lumot berishdi.

Transport vaziri Elyor G‘aniyevning aytishicha, kelgusi besh yilda aviatsiya bozorida raqobat muhiti kuchayadi.

Elyor G‘aniyev

“Birinchi navbatda raqobatni kuchaytiramiz. O‘zbekistonga parvozni amalga oshiruvchi aviakompaniyalar sonini oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini kamida 2-3 baravarga ko‘paytirish ko‘zlanmoqda”, − deydi u.

Elyor G‘aniyev mamlakatda aviamonopoliyaga butkul chek qo‘yilishini aytdi.

“Hozirgacha aviatsiya tizimida mavjud bo‘lib kelgan monopoliyaning butkul tugashini aniq ishonch bilan ayta olaman. Yangi aviakompaniyalar tashkil etishda davom etiladi. Kamida 5-6 ta yangi aviatashuvchi tashkil etiladi”, deya ta'kidlaydi transport vaziri. 

“Shu bilan birga, aviatsiya yuk tashish bo‘yicha ham o‘z imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalana boshlaydi. Bu borada ham hablarni tashkil etish bo‘yicha ishlanmoqda. Eng muhimi, chiptalarning narxi arzonlashadi. 

O‘zbekiston qit'aning markazida joylashgan. Har qanday yo‘nalishdagi parvozlar O‘zbekiston orqali o‘tishi mumkin. Mamlakatni mintaqadagi aviatsion habga aylantirish asosiy maqsaddir”, − deya bayon qildi Elyor G‘aniyev.

Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning bildirishicha, aviaxizmatlar ko‘rsatishda IT texnologiyalar joriy qilinadi.

“Yaqin bir oy ichida yo‘lovchilarning aviareyslarga registratsiyani o‘z smartfonidan amalga oshirishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, chiptalar xaridini onlayn platformalar orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Bu tizim samolyotlar uchun ishlayapti, endi poyezd va avtobuslar uchun ham joriy qilinadi”, − deydi Aziz Abduhakimov. 

Bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, mamlakatda barcha transport turlarini birlashtiruvchi tizim yaratiladi.

“Aviatsiya, temiryo‘l, avtobus − barcha transport vositalari o‘zaro bog‘lanadigan yagona tizim ishga tushiriladi. Misol uchun, xorijiy mehmon hali O‘zbekistonga kelmasdan avval o‘zi uchun kerakli marshrutni tanlab, bitta bilet sotib olishi mumkin. O‘zining aviareysidan kelib chiqib, mamlakat ichida mos poyezd yoki avtobus qatnovini ham belgilab oladi”, − deya qo‘shimcha qildi u.

Ko‘proq yangiliklar: