Maqoladan so‘ng: Tadbirkorning davlat egaligidagi avtomashinasi o‘ziga qaytariladi

Jamiyat 19:39 / 10.02.2020 4338

Kun.uz sayti orqali joriy yil 29 yanvarida «Fuqaro va tadbirkor «yemagan somsasiga pul to‘lamoqda». Qoraqalpog‘iston jinoyat sudining ajrimi adolatlimi?» nomli material e'lon qilinib, unda fuqaro va tadbirkorning «Cobalt» rusumli avtotransport vositasi asossiz ravishda qaytarilmasdan, Bosh prokuratura huzuridagi MIB ixtiyorida qolayotgani bayon etilgan edi.

Mazkur maqola bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi munosabat bildirdi.

«2020 yil 31 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining ochiq sud majlisida A. Amanovga oid jinoyat ishi uning nazorat tartibidagi shikoyatiga asosan ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining 2017 yil 17 fevraldagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismining «a», «v», «g» bandlari bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanib, 2 yil-u 6 oy muayyan huquqdan mahrum qilinib, ish haqining 15 foizini davlat daromadiga o‘tkazish sharti bilan 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi, Jinoyat kodeksining 209-moddasining 1-qismi bilan ish haqidan 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlash sharti bilani 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi, Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismining «a» bandi bilan eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida 39 072 000 so‘m jarima, Jinoyat kodeksining 243-moddasi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, ish haqidan 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlash sharti bilan 2 yil-u 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi, Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalari tartibida 2 yil-u 6 oy muayyan huquqdan mahrum qilinib, eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida 39 072 000 so‘m jarima, ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlash sharti bilan 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilinib, eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida 39 072 000 so‘m jarima, ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlash sharti bilan 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Ish bo‘yicha ashyoviy dalil deb e'tirof etilgan 35 100 000 so‘mga baholangan «Cobalt» rusumli, 95 307 NAA davlat raqam belgili avtomashinani davlat foydasiga musodara qilish belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 6 martdagi ajrimi bilan sudning hukmi o‘zgartirilib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismining «a», «v», «g» bandlari bilan qo‘yilgan ayblov Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilingan. Jinoyat kodeksining 243-moddasi bilan qo‘yilgan ayblov chiqarilib, Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismining «a» bandi bilan eng oylik ish haqining 300 baravari miqdorida 39 072 000 so‘m jarima, 209-moddasining 1-qismi bilan 1 yil muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 1 yil muayyan huquqdan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida 39 072 000 so‘m jarima jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida 1 yil 6 oy muayyan huquqdan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida 39 072 000 so‘m jarima jazolari tayinlangan.

Ish bo‘yicha ashyoviy dalil deb e'tirof etilgan «Cobalt» rusumli, 95 307 NAA davlat raqam belgili avtomashinaning qiymatini, ya'ni 35 100 000 so‘mni A. Amanovga qaytarish belgilangan.

A.Amanov nazorat tartibidagi shikoyatida aybsizligi, himoya huquqi buzilgani, dastlabki tergovda tazyiq o‘tkazilgani haqida vajlar keltirib, oqlov hukmi chiqarishni hamda «Cobalt» rusumli, 95 307 NAA davlat raqam belgili avtomashinani aslicha «Amanov Jamshidbek» dehqon xo‘jaligi balansiga qaytarishni so‘ragan.

Sudlov hay'ati, A. Amanovning aybidan Jinoyat kodeksining 243-moddasi bilan e'lon qilingan ayblov chiqarilganini, o‘z navbatida ushbu jinoyat predmeti sifatida ashyoviy dalil tariqasida olingan «Cobalt» rusumli, 95 307 NAA davlat raqam belgili avtomashina qonuniy egasiga qaytarilishi lozimligi, shuningdek, qayd etilgan Vazirlar Mahkamasining qaror va nizomlariga asosan hozirgi vaqtda «Cobalt» rusumli, 95 307 NAA davlat raqam belgili avtomashina Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida foydalanishda ekani, Majburiy ijro byurosiga beg‘araz berilganini inobatga olib, avtomashinani «Amanov Jamshidbek» dehqon xo‘jaligi balansiga qaytarishni lozim topdi.

Shunga ko‘ra, A.Amanovga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining 2017 yil 17 fevraldagi hukmi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 6 martdagi ajrimi o‘zgartirildi.

Ashyoviy dalil «Cobalt» rusumli, 95 307 NAA davlat raqam belgili avtomashina «Amanov Jamshidbek» dehqon xo‘jaligi balansiga qaytarilishi belgilandi.

Sud qarorlarining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan», deyiladi Oliy sud matbuot xizmati bergan xabarda.

PS: Tahririyat bilan bog‘langan A.Amanov avtomashinani qaytarish to‘g‘risidagi Oliy sud ajrimi 30 yanvar kuni qabul qilingan bo‘lsa-da, shu kungacha (10 fevral) ajrim nusxasi unga taqdim etilmagani, buning natijasida «Cobalt» rusumli avtomashina «Amanov Jamshidbek» dehqon xo‘jaligi haligacha qaytarilishi ta'minlanmay qolayotganini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: