Tailandda odamlarga o‘t ochgan harbiy 26 kishini o‘ldirdi. Barcha tafsilotlar

Jahon 08:10 / 09.02.2020 65006

«Bu Tailand uchun misli ko‘rilmagan hodisa. Men buni shu kabi so‘nggi holat bo‘lib qolishini istayman», dedi voqea joyiga borgan Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ocha.

Hujum kichik zobit Chakrapant Tomma tomonidan amalga oshirildi. Koreya nashrlari yozishicha, u snayperlik qilgan, qurollarning katta ishqibozi bo‘lgan, ijtimoiy tarmoqda tez-tez qurol ko‘targan holda tushgan suratlarini joylashtirgan.

Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ocha voqea joyiga bordi Foto: GETTY IMAGES

«Bu maishiy janjal bo‘lgan... uy sotish bo‘yicha kelishuvda muammo chiqqan», dedi bosh vazir yakshanba kuni jabrlanganlar yotgan shifoxonaga kelganida.

Reyter nashri Tailanddagi rasmiy manbalariga asoslanib xabar qilishicha, harbiy va qo‘mondonining qarindoshlari o‘rtasida yer uchastkasi sotuvi bo‘yicha ziddiyat yuzaga kelgandi.

Hujum tafsilotlari

Kichik zobit Jakrafant Tomma avvaliga o‘z boshlig‘ini o‘ldirib, keyin harbiy bazadagi qurollar va o‘q-dorini olib ketgan. Bangkok Post nashri yozishicha, harbiy lager hududida 63 yoshli ayol va bir harbiy ham o‘ldirilgan. Shundan so‘ng Tomma harbiy jipda lagerni tark etib, shaharga yo‘l olgan.

U avvaliga shahardagi bir necha obektga qarata o‘t ochgan, keyin Terminal 21 savdo markaziga kelgan. Mahalliy nashrlarda tarqalgan kadrlarda u mashinadan chiqib, o‘t ochishni boshlashi va odamlar qochishga urinishi tasvirlangan. Kuzatuv kameralaridagi yozuvlarda u vintovkani ko‘targan holda savdo markaziga kirganini ko‘rish mumkin.

Boshqa bir kadrda bino atrofida yong‘in boshlangani ko‘rinadi, tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in benzin to‘la kanistrga o‘q tegishidan kelib chiqqan.

Jakrafant Tomma

Savdo markazidagi operatsiya

Voqea joyiga xavfsizlik xizmati xodimlari yetib kelishgan. Ular savdo markazi hududiga kirishgan va yuzlab kishilarni evakuatsiya qilishgan. Mergan bino yerto‘lasida odamlarni garovga olib, barrikada qurgan holda qarshilik ko‘rsatishda davom etgan, bir necha soatlik maxsus amaliyot yakunida u otib o‘ldirilgan. Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, yerto‘lada garovga olingan 8 kishi ham qutqarilgan.

9 fevralga o‘tar kechasi savdo markazidagi amaliyot to‘g‘risida turli xabarlar chiqib turdi. Grinvich vaqti bilan soat 22:30da guvohlar savdo markazida bir necha portlash ro‘y bergani haqida aytishdi.

Xabarlardan birida hujum qilgan shaxs binoning orqa eshigi orqali qochib ketgani ham aytildi. Tailand sog‘liqni saqlash vaziri ma'lumotiga ko‘ra, amaliyot vaqtida bir politsiyachi halok bo‘lgan va ikki politsiyachi jarohatlangan.

Mahalliy aholi vakillaridan biri Bi-bi-si muxbiriga hujum vaqtida bir guruh odamlar bilan birga binoning to‘rtinchi qavatidagi hojatxonaga yashiringani haqida so‘zlab bergan. Keyin u ikkinchi qavatgacha tushishga erishgan va u yerdagi restoranda uch soat davomida stol ostida yashirinib o‘tirgan. Shundan keyin u bir necha o‘q ovozini eshitgan, keyin esa restoran hududiga kirib kelgan harbiylarni ko‘rgan, ular uni xavfsiz joyga olib ketishgan.

Shaxsiy muammolar

Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ocha matbuot anjumani vaqtida ma'lum qilishicha, harbiyning o‘t ochishiga shaxsiy muammolar sabab bo‘lgan: jinoyatchi va uning xizmatdoshi o‘rtasida uy sotuvi tufayli janjal kelib chiqqan. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, u kelishuvdan norozi bo‘lgan va o‘zini firibgarlik qurboni deb his qilgan.

«Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligi bu mojaroning barcha jihatlarini, bu voqea qanday qilib kelib chiqqanini o‘rganadi», deya qo‘shimcha qilgan hukumat rahbari.

Ammo u ijtimoiy tarmoqda o‘zining hujumini yoritib borgan, o‘z postlaridan birida taslim bo‘lishi kerakmi yoki yo‘qligi haqida so‘rov o‘tkazgan.

Avvalroq esa to‘pponcha va o‘q suratiga ilova qilib «Xavotirga tushish vaqti kelgani» va «Hech kim o‘limdan qochib qutula olmasligi» to‘g‘risida yozgan. Sahifasida nashr qilingan suratlardan birida u olov fonida jilmaygancha suratga tushgan.

Hozirda uning feysbukdagi sahifasi bloklangan.

Feysbuk ma'muriyati bu borada izoh bergan: «Biz jabrlanuvchilarga va butun shahar aholisiga hamdardlik bildiramiz. Feysbukda bunday hayvonlarcha harakat qiluvchilarga o‘rin yo‘q. Va biz bunday hujumlarni qo‘llab-quvvatlash va ma'qullashga ham imkon bermaymiz».

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi mahalliy aholidan jabrlanuvchilar uchun qon topshirishni so‘ragan.

Ko‘proq yangiliklar: