Anqarada Idlib bo‘yicha Rossiya-Turkiya muzokaralari o‘tkazildi

Jahon 02:09 / 09.02.2020 9966

Turkiya tomoni Sochi kelishuvi doirasida Idlib deeskalatsiya hududi chegaralari saqlanib qolishini va ushbu hududdan fevral oxirigacha Suriya qo‘shinlari olib chiqib ketilishini talab qilgan.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi Suriyaning Idlib viloyatidagi vaziyat bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TRT telekanali xabar berdi.

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Suriya armiyasi Idlib viloyatiga hujumlarni to‘xtatishi uchun Suriya prezidenti Bashar Asadga bosim o‘tkazishga chaqirgandi.  

Telekanalning diplomatik manbalarga tayanib xabar berishicha, Turkiya va Rossiya tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari Sedat O‘nal va Sergey Vershinin boshchiligidagi delegatsiyalar o‘rtasidagi muzokaralar uch soatga yaqin davom etgan. Turkiya tomoni Sochi kelishuvi doirasida Idlib deeskalatsiya hududi chegaralari saqlanib qolishini va ushbu hududdan fevral oxirigacha Suriya qo‘shinlari olib chiqib ketilishini talab qilgan.

Shuningdek, Anqara deeskalatsiya hududidagi kuzatuv punktlariga Suriya qo‘shinlari tomonidan uyushtiriladigan har qanday hujumga javob qaytarishini bildirgan.
2017 yil may oyida Ostona shahrida Rossiya, Eron va Turkiya vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralarda Suriyada to‘rtta deeskalatsiya hududi tashkil etilgan. 2018 yilda uchta hudud Damashq nazorati ostiga o‘tgan. Idlib viloyatida joylashgan to‘rtinchi hudud Suriya hukumati nazoratidan tashqarida bo‘lib, uning katta qismi "Jabhat an-Nusra" tashkiloti jangarilari tomonidan egallab olingan. 2018 yil sentyabrda Rossiya va Turkiya Sochida o‘tkazilgan muzokaralarda Idlibda demilitarizatsiyalashgan hudud tashkil etishga kelishib olgan.

Ko‘proq yangiliklar: