Qozog‘iston ichki ishlar vaziri: Masanchi qishlog‘idagi hodisalar oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi

Jahon 11:57 / 08.02.2020 53936

Qozog‘istonning Jambil viloyati, Korday tumani, Masanchi qishlog‘ida mahalliy aholi o‘rtasida kelib chiqqan mojaro oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi, 40dan ortiq fuqaro jarohatlandi. Bu haqda Qozog‘iston ichki ishlar vaziri Yerlan Turg‘umboyev ma'lum qildi.

Zakon.kz xabariga ko‘ra, 30dan ortiq xususiy uy-joy, 15ta savdo obekti hamda 23 dona avtomashinaga zarar yetkazilgan.

“47 kishi qo‘lga olindi va politsiya bo‘limiga olib ketildi, ikkita miltiq olib qo‘yildi”, - deya aytib o‘tgan ichki ishlar vaziri Yerlan Turg‘umboyev.

O‘z navbatida, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Korday tumanidagi vaziyat munosabati bilan qator topshiriqlar berdi.

Qozog‘iston rahbari avvalo mojaro nima sababdan kelib chiqqanini aniqlash haqida vazifa yuklagan. Shuningdek, To‘qayev bosh prokurorga Korday tumanidagi hodisalar bo‘yicha surishtiruv ishlari ustidan alohida nazorat o‘rnatish haqida ko‘rsatma berdi.

Bundan tashqari, mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, Bosh prokuratura etnik nizoga chaqirayotgan, fitnali mish-mish va yolg‘on axborot tarqatayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rishi kerakligi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, mojaro qozoqlar va dunganlar o‘rtasida kelib chiqqan. Barchasiga mahalliy dunganlarning qozoq erkakni kaltaklashi sabab bo‘lgan. 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda o‘q ovozlari, tartibsizliklar va olov domida qolgan uylar tasvirlanganini ko‘rish mumkin. 

Jambil viloyati politsiya departamentining tergov boshqarmasi Jinoyat kodeksining 293-moddasi (Bezorilik) bo‘yicha sudgacha tergov-surishtiruv harakatlarini boshladi. 

Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasida joylashtirilgan qirg‘iz chegarachilari Qozog‘istonning chegara tumanida vaziyat keskinlashgani sababli xizmat o‘tashning kuchaytirilgan rejimiga o‘tkazildi. 

Ko‘proq yangiliklar: