AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi e'lon qilindi. Vashington mintaqaga 9 mlrd dollarlik yordam ajratadi  

Jahon 00:48 / 08.02.2020 42269

AQSh “Markaziy Osiyoni barqarorroq va farovonroq qilishni” rejalashtirmoqda, shu bilan birga mintaqaning 5 ta davlati bilan hamkorlik “AQSh qadriyatlarini ilgari surishga ko‘mak beradi”. Shu munosabat bilan AQSh Markaziy Osiyoga 9 mlrd dollarlik yordam ajratishga qaror qildi. 

Bu haqda AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasida aytilgan

AQSh davlat departamenti saytida e'lon qilingan hujjatda Markaziy Osiyo doimo Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi sivilizatsiyalarning strategik va tijoriy chorrahasi bo‘lgani ta'kidlab o‘tilgan. 

AQShning bu mintaqadagi asosiy strategik qiziqishi barqarorroq va farovonroq, siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini erkin tarzda hamda turli hamkorlar bilan o‘z shartlari bo‘yicha xavfsizlik manfaatlarini ko‘zlay oladigan Markaziy Osiyoni yaratishga qaratilgan.

“Mintaqaning barcha 5 davlati bilan hamkorlik va yaqin aloqalar AQShning qadriyatlarini ilgari surishga ko‘mak beradi va mintaqa bo‘yicha qo‘shnilar ta'siriga posangi bo‘lib xizmat qiladi. AQShda biznes uchun imkoniyatlarni kengaytirish Markaziy Osiyoning iqtisodiy ravnaq topishiga ko‘mak beradi hamda AQShdagi bandlik va sanoatni qo‘llab-quvvatlaydi”, deyilgan yangi strategiyada.  

AQSh hukumati ushbu strategiyani amalga oshirish doirasida tinchlik va xavfsizlik, demokratik islohotlar va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash hamda gumanitar ehtiyojlarni qondirish uchun 9 mlrd dollardan ko‘proq to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam taqdim qildi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoni rivojlantirish uchun kreditlar, zaymlar va texnik yordam ko‘rinishida yana 50 mlrd dollarga yaqin mablag‘ ajratiladi.

AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasining ustuvor vazifalari Afg‘onistonda terrorchilikka qarshi kurashish va barqarorlikni ta'minlash bilan bog‘langan. Shu munosabat bilan AQSh quyidagilarni rejalashtirmoqda:

- Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti va mustaqilligini ham alohida, ham mintaqa ko‘lamida qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash;

- mintaqada terrorchilik tahdidlarini kamaytirish;

- Afg‘onistonda barqarorlikni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash; 

- Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi aloqani rag‘batlantirish;

- qonun ustuvorligi va inson huquqlariga amal qilish tizimini isloh qilishda ko‘maklashish;

- Markaziy Osiyo rivojlanishida AQSh investitsiyalariga ko‘maklashish.

Ko‘proq yangiliklar: