Senat Trampning impichmentiga qarshi ovoz berdi. Prezident o‘z lavozimida qoladi

Jahon 09:14 / 06.02.2020 15143

Senatorlar Trampga hokimiyatni suiiste'mol qilish va kongress olib borgan tergovga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha qo‘yilayotgan ayblovlarni ko‘pchilik ovoz bilan rad etishdi. 

Birinchi ayblov bo‘yicha Trampning oqlanishi uchun 52 senator ovoz bergan, 48 senator uni aybdor deb topgan. Ikkinchi ayblovda ham 52 senator uni aybsiz, 47 senator aybdor deb topgan. Trampga qarshi uning faqat bir partiyadoshi – respublikachi Mitt Romni qarshi ovoz bergan. 

Prezident aybdor deb topilishi va lavozimidan chetlatilishi uchun senatorlardan uchdan ikki qismi ayblov bandlaridan biriga ovoz berishlari talab etilgan, ammo bu ro‘y bermadi. Shu tariqa kongressda impichment jarayoni o‘z nihoyasiga yetib, Tramp prezident lavozimida qoladigan bo‘ldi. 

Donald Tramp impichment jarayoni olib borilgan AQShning uchinchi prezidenti bo‘ldi. Impichment jarayoni birinchi bo‘lib olis 1868 yilda AQShning 17-prezidenti Endryu Jonsonga qarshi tashkillashtirilgan. Bunday jarayonga uchragan ikkinchi prezident 42-prezident Bill Klinton bo‘lgan. Ularning ikkisi ham oqlangan.

Shuningdek, 1973 yilda 37-prezident Richard Niksonga nisbatan ham impichment jarayoni tashkillashtirilgan, biroq u o‘zi iste'foga chiqib ketgan. 

Trampga nisbatan impichment jarayoni kongressning vakillar palatasida demokratlar tomonidan 2019 yil 24 sentyabrda AQSh prezidentining Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan 25 iyuldagi ilk telefon suhbati bilan bog‘liq holda boshlangan. Ta'kidlanishicha, Tramp o‘sha suhbat vaqtida Zelenskiyga bosim o‘tkazib, uni AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanterga qarshi tergov boshlashga chaqirgan.

Shu munosabat bilan demokratlar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi vakillar palatasi Trampga hokimiyatni suiiste'mol qilish va kongressga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha ikkita ayblov bildirgan.

Ish joriy yil yanvarda yuqori palata – senatga sud jarayoni o‘tkazish uchun topshirilgan. Senatda ko‘pchilikni Trampning  partiyadoshlari - respublikachilar tashkil qilgani sababli unga qarshi ayblovlar rad etilishiga shubha yo‘q edi. 

Ko‘proq yangiliklar: