Rossiya Suriyada rus harbiylari halok bo‘lganini tasdiqladi

Jahon 16:20 / 06.02.2020 36648

«Yanvar oyi o‘rtalarida rossiyalik va turkiyalik harbiylar Idlibdagi deeskalatsiya hududida yana bir marta «sukunat rejimi»ni o‘rnatmoqchi bo‘lishgan. Ammo terrorchilar o‘z harbiy faolligini kamaytirish o‘rniga hujumlar sonini oshirishgan», deyiladi Rossiya TIV xabarida.

Vazirlik ma'lumotida yanvar oyining ikkinchi yarmida terrorchilar mingdan ortiq hujumlar uyushtirgani aytilgan.

«Suriya harbiylari va tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlar hamda jarohatlanganlar soni yuzga yaqin. Shuningdek, rossiyalik va suriyalik harbiy mutaxassislar ham fojiali ravishda halok bo‘lishgan», deya qo‘shimcha qilinadi xabarda. Vazirlik aynan qancha rossiyalik halok bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.

2 fevral kuni telegramdagi Baza kanali va Conflict Intelligence Team tadqiqot guruhi Idlib bilan chegaradosh bo‘lgan Halab hududida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati maxsus topshiriqlarni bajaradigan markazining 4 nafar zobiti halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi.

Ko‘p o‘tmay Federal xavfsizlik xizmatining Tambov oblasti boshqarmasi «Kommersant»ga o‘zining sobiq xodimlaridan biri - leytenant Vsevolod Trofimov halok bo‘lganini tasdiqladi.

«Novaya Gazeta» nashri ma'lumotiga ko‘ra, Lataqiya yaqinida Bulat Axmatyanov, Ruslan Gimadiyev, Dmitriy Minov va Vsevolod Trofimov halok bo‘lgan. Bu hududda Turkiya va Suriya harbiy doiralari amaldorlari uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan, Rossiya tomoni esa ularning xavfsizligini ta'minlashi kerak edi.

OAV ma'lumotiga ko‘ra, FXX xodimlari merganlar bo‘lgan va ular mingan avtomobil minaga tushib portlab ketgan. Boshqa xabarlarga ko‘ra esa, ularning avtomobili minomyotdan o‘qqa tutilgan.

Bu xabarlar Idlibdagi vaziyat keskinlasha boshlagan vaqtda paydo bo‘ldi. Ayni vaqtda Suriya hukumati qo‘shinlari shimol tomon hujum boshlagan. Shu tufayli provinsiyaning yuz minglab aholisi yashash joylarini tark etib, Turkiya bilan chegaralar tomon yo‘l olgan.

2 fevralga o‘tar kechasi Turkiya harbiylari Suriya hukumati qo‘shinlari tomonidan artilleriya orqali o‘qqa tutilgani va olti nafar turkiyalik askar halok bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Bu hujumga javoban Turkiya qo‘shinlari Bashar Asad armiyasi pozitsiyalariga zarba bergan, buning oqibatida suriyalik o‘nlab harbiylar halok bo‘lgandi.

Idlib - Suriyadagi ayirmachilarning so‘nggi tayanchi hisoblanadi. Bu 2017 yilda Astanadagi uchrashuv vaqtida kelishilgan, Asad armiyasi nazoratiga o‘tmagan to‘rtta deeskalatsiya hududidan biridir. Suriya hukumati harbiy amaliyotni davom ettirsa, ularni nafaqat havodan, balki quruqlikda ham qo‘llab-quvvatlab harakatlanayotgan rossiyalik harbiylar ham xavf ostida qolishadi.

«Kommersant» nashri ma'lumotiga ko‘ra, rossiyalik to‘rt jangchining o‘limi 1 fevral kuni ro‘y bergan. Nashr manbasi gap FXXning «S» («Smerch») va «K» («Kavkaz») bo‘linmalari zobitlari haqida ketmoqda.

Suriyadagi muxolifatchilarning Syria TV telekanali xabariga ko‘ra, ular Halabdan shimoli-g‘arbda joylashgan Zaxra tumani hududida halok bo‘lishgan.

«Manba ma'lumotiga ko‘ra, rossiyaliklarning jasadi avvaliga muxolifatchilar qo‘liga tushgan, Suriya armiyasi hujumni kuchaytirgach esa ular jasadlarni qoldirib chekinishgan», deya yozadi «Kommersant».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Suriyada rossiyaliklar halok bo‘lishi bilan bog‘liq xabarni izohlashdan bosh tortdi va Mudofaa vazirligiga murojaat qilishni tavsiya etdi. Vazirlikdagilar hozircha vaziyat bo‘yicha izoh bermagan. Shu bilan birgalikda, Peskov prezident Vladimir Putin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan Idlibdagi vaziyatni muhokama qilishi mumkinligini istisno etmagan.

Ko‘proq yangiliklar: